Aleksandr Geynrixni jahon chempionatida ko‘rishni orzu qilganimizda u hali sochlari o‘ziga yarashib turadigan navqiron yigit edi. Oradan 15 yil o‘tdi. Uning sochlari to‘kildi, ko‘rinishi ham boshqacha tus oldi. Ammo hamon Sashani jahon chempionatida ko‘rish umidimiz so‘nmagan. Aynan uni. Chunki o‘tgan yillar davomida Geynrixning o‘rnini bosa oladigan hujumchi baribir chiqmadi. U esa hamon mundialga borish orzusida. O‘n besh yillik orzu...
Terma jamoamiz o‘tgan hafta Tehronda juda og‘ir o‘yin o‘tkazdi. Bu uchrashuv natijasidan qat’iy nazar, aytish lozim - tarkibda o‘zgarish qiladigan vaqt kelibdi. Hozir vaziyat shundayki, termamizning biror o‘yinda maydonga tushadigan tarkibini uchinchi sinf o‘quvchisi ham oldindan bemalol ayta oladi. Nima uchun? Chunki u tug‘ilganda aynan shu futbolchilar terma jamoa asosiy tarkibida to‘p surardi. Hozir ham shunday. Umri-hayoti ularning o‘yinini kuzatib o‘tgan bolakay uchun tarkibni aniqlash qiyin ekanmi?
Futbolda avlodlar almashinuvi degan termin bor. Odatda, bu jarayon ikki xil yo‘nalishda kechadi - bosqichma-bosqich, ya’ni evolyusion. Yoki birvarakayiga. Birinchi uslubda ishlash har doim og‘ir bo‘ladi. Buning uchun jamoani bir murabbiy uzoq vaqt davomida boshqarishi lozim. Masalan, Aleks Fergyuson «MYu»dagi uzoq yillik faoliyati mobaynida biror marta tarkib masalasida muammoga duch kelmagan. Chunki qariya har doim eng asosiy futbolchining o‘rniga boshqasini tayyorlab borar edi. Mavridi kelgani hamono hatto etakchilardan ham oson voz kechib yuborganining sababi shunda. Eslasangiz, Fergyuson hech ikkilanmay kimsan Devid Bekxemni «Real»ga sotib yuborgan edi.
Xuddi shu misolni terma jamoa miqyosida ham qo‘llash mumkin. Xabaringiz bo‘lsa, Germaniya terma jamoasi Rossiyada o‘tadigan Konfederasiyalar kubogida ikkinchi va hatto, uchinchi tarkib bilan ishtirok etadi. Jamoa bosh murabbiyi Yoaxim Lev bu holatni quyidagicha izohladi: «Rossiyalik muxlislar yulduz futbolchilarni kelasi yili bo‘ladigan jahon chempionatida ko‘rishga ulgurishadi. Men esa etakchilarga dam berishim lozim». Olmonlar murabbiyi haq. U bir o‘q bilan ikki quyonni uradigan xilidan chiqib qoldi. Birinchidan, darhaqiqat, etakchi futbolchilar dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchidan esa, uning o‘zi ham asosiy tarkib futbolchilarining o‘rnini bosadiganlarni yaxshilab ko‘zdan kechirib oladi. Axir yosh aslo bir joyda turmaydi. Ertami-kech, hamma futboldan ketadi. Qolaversa, millionlar o‘yini hech qachon jarohatlardan xoli bo‘lmagan.
Tarkibni o‘z vaqtida yoshartirmagan, etakchilar o‘rniga boshqalarini tayyorlab bormagan jamoalar esa avlodlar almashinuvidan ko‘p aziyat chekadilar. Chunki futbolchilarning yangi muhitga birdan moslashib ketishlari oson emas. Bu o‘rinda ham fikrimiz misolsiz bo‘lmasin. Xitoyda hozir futbolga milliardlar sarflanmoqda. Ammo terma jamoa hamon o‘rtamiyonalik qobig‘ini yorib chiqolmayapti. Chunki tarkibni barqaror ushlab tura olishmayapti. Yodingizda bo‘lsa, xitoyliklar 2011 yilgi Osiyo kubogida 22-23 yoshli futbolchilar bilan ishtirok etishgandi. Ammo muvaffaqiyatsiz natijadan so‘ng tarkib yana 80 foizga o‘zgartirildi. Bundan qanday natija chiqqanini o‘zingiz ko‘rib turibsiz.
O‘zbekiston terma jamoasida ham, o‘z navbatida, kerakli ishlar amalga oshirilmasa, xuddi shu jarayon takrorlanishi hech gap emas. Bizda hamon o‘sha Geynrix va Jeparovlar terma jamoa sharafini himoya qilib kelishmoqda. Ularning o‘rnini bosa oladiganlar esa besh yil oldin ham ko‘rinmagan, hozir ham yo‘q. Ammo bu futbolchilar vaqti kelib futboldan ketishga majbur bo‘lishadi. O‘shanda kim asosiy tarkibda o‘ynaydi? Qiyin savol.
Mirjalol Qosimov terma jamoani boshqargan oxirgi oylarda O‘FF rahbariyati tomonidan tarkibni yoshartirish vazifasi qo‘yilgani aytilgandi. O‘shanda bu xabarga ba’zilar istehzo bilan qaragan edi. Murabbiy o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarishga kirishdi - Geynrix umuman chaqirilmadi, Jeparov ham asta-sekin chetda qola boshladi. Ammo bosh murabbiy o‘zgargach, bu jarayon ham aro yo‘lda qolib ketdi - yakunlanmadi. Eskicha ish tizimiga o‘tildi va eng qizig‘i - u samara berdi. Ochkolar qo‘lga kiritildi va yangi futbolchilar haqidagi gaplar unutildi.
Ammo bugun yana o‘sha masalani ko‘tarishga majburmiz. Aleksandr Geynrix FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida hamon mundialda o‘ynash orzusidan voz kechmaganini aytdi. Vaqt o‘tib borayotgani bilan esa ishi yo‘q. Toki uni termaga chaqirishar ekan, o‘ttiz beshga kiradimi yoki qirqqa, JChda qatnashishni orzu qilaveradi. Bunda uning aybi yo‘q.
Ayting-ayting, ishqilib u mana shu niyatiga erishsin. Sasha futboldan ketgach esa...
Umar BEK
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi