
Superliganing 29-turidan o‘rin olgan kunning markaziy to‘qnashuvi bugun futbol muxlislarining asosiy e’tiborida bo‘ladi. O‘zining qadimiy raqobati, intizomi va kuchli tarkibi bilan doimo qiziqish uyg‘otib kelgan “Paxtakor” hamda “Nasaf” o‘zaro maydonda yuzma-yuz keladi.
Odatda yuqori tempda o‘tadigan mazkur raqobat so‘nggi yillarda yanada shiddatli tus oldi. Eng e’tiborlisi, “sherlar” oxirgi 7ta o‘yinda “ajdarlar”ni mag‘lub eta olmayapti. Belgilangan statistikaga ko‘ra, bu davr mobaynida “Nasaf” 2 ta uchrashuvda ustunlikka erishgan, yana 5 ta to‘qnashuv esa murosa bilan yakunlangan. Bu esa har ikkala tomon uchun navbatdagi bahsning qiymatini yanada oshiradi.
“Paxtakor” uchun bu o‘yin nafaqat ochko, balki uzoq davom etayotgan seriyaga nuqta qo‘yish imkoni ham. “Nasaf” esa mavsum yakuniga qadar yuqori pog‘onalar uchun kurashni kuchaytirmoqda va navbatdagi muhim uchrashuvda ochko yo‘qotmaslikka intiladi.
Shu boisdan bugungi to‘qnashuv ikki jamoa uchun ham o‘ziga xos sinov bo‘ladi — kimdir o‘zini tiklashi, kimdir mavqeini mustahkamlashi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu bellashuv soat 18:15 da start oladi va “Sport TV” orqali jonli efirda namoyish etiladi. Muxlislar uchun ajoyib futbol kechasi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.