Yakshanbam o‘yinlarga boy o‘tdi. Avval Mourinoning o‘z an’anasiga ko‘ra mavsumni g‘oliblik bilan boshlaganini ko‘rib ancha ko‘nglim ko‘tarildi. Keyin “PSJ” ishtirokidagi bahsni tomosha qildim. Neymar majbur qildi bu tomoshaga. Braziliyalik yulduz kutganimdek o‘yin ko‘rsatib berdi va ko‘nglimni yanada ko‘tardi. So‘ng Italiya Superkubogi namoyishini kuzatdim.
Oh, oh, Appenin yarim orolida yaqin orada bu qadar chiroyli va shiddatli o‘yin ko‘rmagan edim. Mamlakat chempioni va kubok sohibi bo‘lgan “Yuventus” kubok finalida to‘qnash kelgan raqibi – “Lasio” bilan bellashdi. Rimdagi Olimpiko stadionida kechgan uchrashuv so‘nggi soniyalarigacha hammani ushlab o‘tirdi va superyakun taqdim etdi. Dibala 0:2 hisobida yutqazib turgan jamoasini 86 va 91-daqiqada o‘z gollari bilan tenglikka olib chiqqanida, ko‘pchilik “ana endi Turin yanchib tashlaydi” deb taxmin qila boshladi. Yo‘q, “Lasio” 95-daqiqada uchrashuvga katta nuqta qo‘ydi. Chempion ham bo‘la olmagan, mamlakat kubogini ham ololmagan rimliklar superkubok sohibiga aylanishdi, qalay?!
Mening yakshanbamdagi hamma yo‘llar “Nou Kamp”ga olib borardi. Kataloniyadagi Klasiko kutilganidek kutilmagan vaziyatlarga to‘la bo‘ldi. Bunaqa ssenariyni boshqa o‘yinlarda topib bo‘lmaydi: Pike avtogol yo‘llamoqda, Suares shubhali penalti ishlamoqda, Messi yana gol urmoqda. Ronaldu zaxiradan tushib, avval «ofsayd»dan to‘pni darvozaga kiritdi (hisobga olinmadi), g‘alaba to‘pini kiritdi va… libosini a-lya Messi qilib echgani uchun dastlabki sarig‘ini oldi, so‘ng penalti berilishi kerak joyda simulyasiya ishlatgan deb topilib, ikkinchi sariq kartochkaga loyiq topildi. Shundan keyin ham u tinch keta olmadi, hakamni turtib yuborib, keyingi besh o‘yinda maydonga tushmaydigan bo‘ldi. Bir kam o‘yinchi bo‘lib qolgan «Qirollik klubi» o‘yin oxirida uchinchi golni ham yo‘llab, «Kamp Nou»ni suv quygandek tinchlantirib qo‘ydi.
Kecha “Santyago Bernabeu”da qanday natija qayd etilganidan qat’iy nazar bu uchrashuv tarixga kirdi. Ajoyib bo‘ldi. Lekin boshqa tomondan alam qildi menga. Ajoyib yakshanbam ichida o‘zbek futboliga aloqador hech narsa yo‘q edi. Evropa futboli har qancha jozibali bo‘lmasin, o‘zimizning futboldagi holatlar yurakka yaqin turaverar ekan.
«Google map» dasturini ochsangiz, er sharining xaritasini ko‘rasiz. Smartfonni qo‘lingiz bilan yurgizib, kattalashtirganingiz sayin xaritadagi o‘rinlar aniqroq ko‘rina boshlaydi. Yoki samolyot qo‘nayotgan paytni eslang: Pastga sho‘ng‘ishi asnosida, uzoqdan faqat ranglarni ifoda etgan er asl bo‘yicha ko‘rinishga tushadi. Go‘yoki qarama qarshilik mavjuddek – qancha tushganingiz sayin er kattalashadi!
Bu misolni futbolga mengzayman. Jahon Chempionati eng kuchli musobaqa. O‘yinlar shiddatli ko‘rinish hosil qiladi. Kimgadir muxlislik qilamiz. Yonamiz, kuyamiz, g‘alabalardan sakraymiz. Haligi dasturni kattalashtirishni boshlasak, nigohimizda turli musobaqalar aks eta boshlaydi. Qit’a chempionatidan boshlab mamlakat chempionatigacha, viloyat kubogidan tortib mahalla futboliga qadar tiniqlashayotgan bahslar guvohiga aylanamiz. Qizig‘i, aslida saviyasi zo‘rroq bo‘lgan musobaqalardan ko‘ra shu – kattalashtirilib ko‘rsatilayotgan mayda turnirlar ko‘proq emosiya ulashayotgandek ko‘rinadi. G‘alati-ya?!
Ishonmasangiz sinab ko‘ring. “Uembli”ga borib, Angliyaning eng kuchli o‘yinlarini ko‘ring-da, qishlog‘ingizga qaytgan zahoti mahalladoshlaringizning narigi mahalla yigitlari bilan o‘yinini changli stadionda tomosha qiling. Qaysi birida ovozingizdan ayrilasiz, bir sinab ko‘ring!
80-yillar. Rio-de Janeyro shahri muxlislari o‘yinni stadionda tomosha qilgan bo‘lsalar ham, uyga kelib takrorini TVda yotvolib ko‘rishar ekan. Sababi, o‘sha paytlari mahalliy chempionat o‘yinlarini braziliyalik mashhur futbol sharhlovchisi – Kourado sharhlab borgan, uning oddiy o‘yinlardagi sharhi Jahon Chempionati-yu, Qit’a kuboklaridan ko‘ra shiddatliroq va qiziqarliroq kechardi. Qizig‘i, ushbu sharhlovchi katta musobaqalarda u qadar zo‘r sharhlamagan. Negaligini esa, o‘z chempionatiga bo‘lgan muhabbati bilan izohlagan: “Futbol Rio—de—Janeyro chegarasidan nariga chiqmaydi. Chegaraning u tomonida futbolga o‘xshash nimadir o‘ynaydilar!”
Ha, aytishingiz mumkin, u – Braziliya, bizda esa Oliy Liga. Qo‘shilaman. Saviyalar o‘rtasida er bilan osmoncha farq bor. Ammo istaymizmi, yo‘qmi, bu bizning futbol, o‘z uying – o‘lan-to‘shaging, o‘zimizning futbol baribir o‘zimizniki. Uni avaylashga, yaxshilashga, ko‘rkamlashtirishga majburmiz. U bizdan boshqaga kerakmas. Faqat o‘zimizga kerak. Faqat o‘zimizga!
Demak, yaxshilashimiz kerakligiga hammamiz ittifoq qildik, to‘g‘rimi? Oliy Liga o‘yinlari saviyasi tushib ketganligini, muxlislar, ayniqsa, poytaxt muxlislari uchrashuvlarga umuman kelmay qo‘yganliklari bor gap. O‘yinlar taqvimidan tortib, uning namoyish etilishiga qadar juda ko‘p muammolar borligi ko‘p bora aytilgan, davomiy aytilmoqda ham. Hech qachon muxlis xalqini ayblab bo‘lmaydi. Mahsulot sifatsiz bo‘lsa, xaridorni ayblash noo‘rin. Ammo… O‘z futbolimiz masalasida “ammo”ni ishlatishga majburman.
Men futboldagi holatni ikki qo‘ldan chiqqan qarsga o‘xshataman. Ko‘pchilik shu maqolni bir xil tushunarkan – qarsak ovozini chiqarish uchun ikki qo‘l o‘rtada ko‘rishishi kerak, degan fikr bor. Yo‘q, menimcha, o‘ng qo‘l harakatsiz turgan chap qo‘lgacha etib kelib ham qarsak ovozini chiqarishi mumkin. Hozirda Oliy Ligamiz o‘yinlari harakatsiz qo‘l vazifasini bajarmoqda, desak, muxlislar bu “qo‘l”ning o‘rtaroqqa kelishini, o‘shandagina qarsak chalish uchun yo‘lga tushajaklarini “izhor” qilayotgandek chamamda. Aslida esa, oqsayotgan futbolni mutasaddilardan ko‘ra muxlislar ko‘proq qutqarib qolishlari mumkin. (Mutasaddilarning qutqarishlariga ishonmay ham qo‘ydim).
Futzalchilarimizning ajoyib natijalarida eng katta ulush Mendezda deyishgandi. Adashadilar. Asosiy yordam muxlislardan bo‘ldi. Umrida stadion to‘la manzarani ko‘rmagan yigitlar liq to‘la o‘yingohda fantastik o‘yin ko‘rsatib yuborishdi. Eron bilan qo‘rqmay o‘ynadilar. Birinchi marta. Ilojsiz ishlar ko‘pincha muxlislar qarshisida amalga oshiriladi, degandi braziliyalik Ronaldo.
1995 yili O‘zbekiston terma jamoasi o‘sha davrlarning afsonasi bo‘lgan Nigeriyani yuz mingga yaqin muxlis qarshisida kutib olgani hamon yodimda. Qosimovning fantastik goli ham, bo‘yi ikki metr xabashlardan balandroq sakrab to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llagan Fyodorovning goli ham aslida o‘sha kungi muxlislarning daldasi tufayli edi.
Mayli, bu o‘tmish, dersiz. Yaqinda, o‘tgan yili Shimoliy Koreyani qarshi olganimizni eslang. Qanday o‘ynab yuborishdi yigitlar, esingizga tushdimi?! Men o‘sha paytda Shimoliy Koreyaning ham birinchi tur g‘alabasi omilini tushungandek bo‘ldim. Muxlislar daldasi!
Terma jamoamizning o‘rtoqlik o‘yiniga yaqin qoldi, azizlar! Shuningdek, oliy ligamizda ikkinchi davra o‘yinlari boshlandi. To‘g‘ri, bu fantastik “Real” yo “Barsa” emas. Sizni allambalo so‘zlar bilan jalb qilaylik, desak, bunda jarangdor nomlar ham yo‘q. Reklamaga ehtiyoj sezmaydigan APL ham emaski, jamoalarning anonsi bilanoq vujudingizga titroq yuborsak. Afsus, bu o‘ta oddiy, hatto mavsum oxirida nimalar bo‘lishini ko‘pincha oldindan biladiganimiz – o‘zimizning g‘arib chempionatimiz. Bu g‘arib chempionatimiz menimcha, tizim o‘zgarishi va futbolga moliya kirishidan ko‘ra muxlislariga ehtiyojmandroq. Bu g‘arib oliy ligamizni bezashi mumkin bo‘lgan yagona dalda, faqatgina ishqibozlar, menimcha.
To‘g‘ri, boshida yoqmasligi mumkin. Lekin tribunalarda bo‘sh o‘rindiqlarning kamayishi bilan futbolchilarning saviyasi ham oshadi. Ishonavering. G‘irromliklar, kelishilgan o‘yinlar, hakamlarning saviyasiz boshqaruvi, odam ko‘paygani sayin yo‘qolishi mumkin. Turkiya chempionatida 80-yillar oxirida xuddi shundoq holat bo‘lgan. Haligacha mutaxassislar, turklarning milliy chempionatini muxlislar qutqarib qolishgan, deb yurishadi. Keling, bizda ham yigirma yillar o‘tib, qalamkashlar yigirma yil oldingi “xaloskorlar” haqida gapirib yurishsin!
Darvoqe, o‘yinlar shiddatli bo‘lib turganida, jamoalarimiz ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib turishganida, stadionga seldek oqib borishni hamma eplaydi. Men aytayotgan ishlar esa qahramonlik talab qiladi. El Klasiko o‘tgan haftada o‘zbek futbolini o‘ylagim keldi negadir, xafa bo‘lmaysizlar!
Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.
Manba: www.erudit-sport.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar