
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida oilaviy nizo tufayli ajralib qolgan bola taqdiriga oid muhim ijro jarayoni amalga oshirildi. Sudning ijro varaqasi asosida 2015-yilda tug‘ilgan Lolaxon onasi tarbiyasiga topshirilishi belgilangan edi va majburiy ijro jarayoni aynan shu qarorni hayotga tatbiq etish uchun o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijro hujjati 31 oktyabr kuni Qo‘shtepa tumani Majburiy ijro bo‘limiga kelib tushgan. Qonun talablariga muvofiq, qarzdorlarga bolani ixtiyoriy ravishda berish uchun 15 kunlik muddat belgilangan va bu haqda rasmiy ravishda ogohlantirish ham berilgan.
Biroq, bu muddat ichida bolani ixtiyoriy topshirish rad etilgani bois, majburiy ijro belgilashga to‘g‘ri kelgan. Shu munosabat bilan 17-noyabr kuni tuman hokimligi, ta’lim bo‘limi va tegishli idoralar vakillari ishtirokida qonun doirasida ijro harakatlari amalga oshirilgan.
Maxsus tartibga mos ravishda o‘tkazilgan jarayonda qizcha onasiga rasman topshirilgan. Bu bilan sud qarori to‘liq ijro etildi va bola onasi bag‘riga qaytdi.
Mahalliy mutasaddilar bu kabi ishlarda bola manfaatlari eng ustuvor masala ekanini ta’kidlab, har bir qaror qat’iy huquqiy asosda amalga oshirilishini qayd etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.