date

Polshadan katta biznes delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyuradi

Polshadan katta biznes delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyuradi

Polsha ishbilarmon doiralaridan tarkib topgan keng ko‘lamli delegatsiya noyabr oyining oxirgi haftasida o‘tkazilishi kutilgan Birinchi O‘zbekiston–Polsha ishchi guruhi yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizga keladi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega deb baholanmoqda.

Rasmiy tashrif doirasida Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vaziri Stefan Krayevskiy boshchiligidagi nufuzli biznes delegatsiyasi bilan G2B va B2B formatida bir qator uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu muloqotlar davlat idoralari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish, shuningdek, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, Stefan Krayevskiy va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov o‘rtasida alohida uchrashuv ham tashkil etiladi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsiya va texnologiyalarni joriy etish, yetishtirilayotgan mahsulot turlarini ko‘paytirish va agrar sektordagi ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Polsha delegatsiyasi 26–28 noyabr kunlari o‘tkaziladigan "Agro Expo Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘z milliy pavilonini taqdim etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birlashma tarkibidagi 19 ta yetakchi kompaniya ushbu tadbirda ishtirok etib, o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan tanishtiradi. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat agrosanoat bozorlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Polsha vakillari dehqonchilik, chorvachilik, go‘sht va sutni qayta ishlash, qand lavlagi va shakar ishlab chiqarish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalar mutaxassislari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi. Ushbu muloqotlar tomonlarga o‘zaro tajriba almashish, yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va agrar sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish imkonini beradi.

Mazkur tashrif doirasidagi faol muloqotlar va ko‘rgazma tadbirlari ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy yo‘nalishlarni yangi marralarga olib chiqishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Polshadan katta biznes delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyuradi