
O‘tgan mavsumda kechgan jiddiy inqirozdan keyin “Manchester Siti” 2025 yilgi ikki transferlar oynasi davomida jamoa tarkibini tubdan yangilashga kirishdi. 20-yanvar kuni Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan avlodlar almashinuvi hali to‘liq yakunlanmadi, ammo ayni paytda jamoada muhim pozitsiyalar bo‘yicha yangi raqobat shakllanmoqda.
Yangi mavsum boshlanishi bilan Xosep Gvardiola jamoasining eng murakkab nuqtasi aynan o‘ng qanot himoyasi ekanini ko‘rish mumkin bo‘ldi. Kayl Uoker ketganidan so‘ng bu pozitsiyani universal darajada yopib bera oladigan o‘yinchi topish klub uchun jiddiy muammoga aylandi.
Riko Lyuis va Mateush Nunesh hisobda qanot himoyachisi sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, aslida har ikkisi ham yarim himoyachi sifatida shakllangan. Mavsum boshidagi uchrashuvlar ularning himoyalanishdagi kamchiliklarini oydinlashtirib qo‘ydi. Mutaxassislar ham ayni jihatni bir necha bor alohida ta’kidlashgan.
Shu sharoitda Gvardiola o‘ng qanotni yopish vazifasini Abduqodir Husanovga topshirdi. 21 yoshli o‘zbek futbolchisi tabiiyda markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, qanotda ham ishonch bilan o‘ynay olishi bilan yorqin taassurot qoldirdi. U bir nechta muhim uchrashuvlarda o‘z vaqtida to‘g‘ri joy tanlashi, ruhiy barqarorligi va qiyin vaziyatlarda ham xato qilmasligi bilan murabbiylar shtabi e’tiborini qozondi.
Biroq jarohatlar Husanovning inersiyasini buzdi, uning ritmdan chiqib qolishi esa o‘yinlar soniga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, qanotdan hujum boshlash, oldinga tezkor o‘tish kabi vazifalar unga markaziy himoyaga nisbatan ko‘proq qiyinchilik tug‘dirgani ham sezildi.
Gvardiola qishki transferlar oynasida o‘ng qanot himoyachisi masalasi Abduqodirning jarohatdan qaytganidan keyingi o‘yinlariga bog‘liq ekanini aytgandi. Hozircha u qaytganidan keyin faqat Angliya Ligasi kubogida bitta uchrashuvda maydonga tushdi va ba’zi bahslarda qaydnomaga ham kiritilmadi.
Endilikda “Siti” yana bir bor o‘ng qanotga yangi o‘yinchi olish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Jurnalist Ben Jeykobsning xabar berishicha, klub “Nyukasl” futbolchisi Tino Livramento nomzodini yana muhokama qila boshlagan.
23 yoshli Livramento ilk faoliyatini “Chelsi” akademiyasida boshlagan, keyinchalik “Sautgempton”da asosiy tarkib o‘yinchisiga aylangan va ikki yil oldin “Nyukasl”ga 37,2 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgandi. Hozirgi bahosi 40 million yevro atrofida va bu “Siti” uchun mutlaqo real summa hisoblanadi.
Shunday bo‘lsa-da, joriy mavsumda o‘ng qanotda asosiy raqobatchi Mateush Nunesh bo‘lib turibdi. Abduqodir Husanov to‘liq sport formasini tiklab olgach, aynan shu pozitsiyani qaytarib olish uchun jiddiy harakat qilishi kutilmoqda.
Uning oldida mavsum oxirigacha muhim imkoniyat bor: markaziy himoyachi sifatidagi tajribasini, tezkorlikni, maydonni to‘g‘ri his qilishni va aniq uzatmalar berish qobiliyatini o‘ng qanotga moslashtirish. Agar u bu vazifani bajara olsa, jamoadagi raqobatda ustunlikka erishishi mumkin.
Zero, “Manchester Siti” kabi grand klublarda bir pozitsiya uchun bir nechta kuchli raqiblar bo‘lishi – bu oddiy hol. Ichki raqobat doimiyligi esa har bir o‘yinchidan maksimal darajada mehnat qilishni talab qiladi.
Umid qilamizki, Abduqodir Husanov o‘ziga xos iroda, mehnatsevarlik va texnik sifatlari bilan bu sinovdan ham mardona o‘tadi va jamoada o‘z o‘rnini yana mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.