O‘zbekiston kubogi finali 4 dekabr (!), dushanba (!!) kuni, soat 15:00 da (!!!) boshlanar ekan. Aslida, milliy futbolni targ‘ib qilishdan, jumladan, ushbu mavsumdagi eng ahamiyatli uchrashuvni imkon qadar ko‘proq odam tomosha qilishidan manfaatdor bo‘lgan tashkilot - PFL, o‘yinni shu vaqtga belgilabdi. Oppoq qor ostida, balki. Yoki ustida. Til ojiz.
Albatta, bu chetdan qaraganda shunday, agar tashkilotchilar bilan bir stol atrofida o‘tirib, kelayotgan bir oy ichidan maqbulroq kunni topishga harakat qilsak, biz ham qiynalishimiz mumkin. Milliy chempionatda yana hali olti tur bor, afsuski, bizga aloqasi bo‘lmasa-da, FIFA kunlari... Maqsad muxlislarga futbol namoyish qilishmi yoki eson-omon bu safargi chempionatni ham yakunlab olishmi, javobini payqash qiyin emas.
Aslida, oddiy taqvimni tuzishda muammolar yaratadigan PFLdan Xudoning ishiga aralashib, ob-havoni yaxshilashni yoki qorni bir necha kunga kechiktirib turishni kutish noo‘rin, albatta. Noyabr yoki fevral oylari uchun stadionlarimizda boshqacha sharoit yaratish ham PFL ning imkoniyat doirasida emas. Lekin, har yilning bir paytida o‘xshash ob-havo sharoiti bo‘ladigan yurtimizda, futbol o‘yinlarini ertaroq sanalarda yakunlashning, hozirgidan maqbulroq sharoitlar uchun mosroq sanalarda taqvim tuzishning ilojini topsa bo‘ladi.
Yevropa bir mavsumga 50-60 o‘yinni sig‘dira oladi. Lekin e’tiroz qilmang, to‘xtang, ularning qishda ham futbol o‘ynay olishini men ham bilaman va misolni o‘zimizdan qidiraman.
Eslaysizmi, yo‘qmi, bilmadim, 1996 yilda 1-ligamizda 27 jamoa qatnashgandi. Jamoalar guruhlarga bo‘linmagan, oddiy liga taqvimida jamoalar bir-biri bilan ikki martadan to‘qnash kelishgan. Ya’ni, bir jamoa mavsum davomida 52 o‘yinda maydonga tushgan. Liga jamoalari kubok o‘yinlarida ham o‘ynaganliklarini e’tiborga olsak, taqvim bir mavsumda 55-56 o‘yinni o‘z ichiga olgandi. 16 jamoa 30 turni o‘tkazish uchun noyabrning oxirigacha sudrab borishga majbur emasdirmiz?
Albatta, birinchi liga taqvimi osonroq tuziladi: xalqaro maydonda to‘p suradigan klublar yo‘q, terma jamoalar yig‘inlari paytida ham tur o‘yinlarini o‘tkazsa bo‘ladi. To‘g‘ri. Lekin keling, oliy ligada ham zichroq taqvim tuzishning ilojisi borligini ko‘rib chiqamiz:
Martning ikkinchi yarmi bilan oktyabrning oxirigacha bo‘lgan muddatni yurtimizda futbol o‘ynashga mos deb aytishimiz mumkin. Bu davr 33 haftani o‘z ichiga oladi. Har hafta bittadan tur o‘tkazsak ham, bemalol ulgursa bo‘lardi-yu, lekin o‘rtada davralar orasidagi tanaffus, terma jamoa yig‘inlari bor. Ularni ham e’tiborga olib, vaziyatga chuqurroq nazar solamiz.
Mart, iyun, sentyabr va oktyabrda terma jamoalar uchun ajratilgan FIFA kunlari bo‘lib o‘tadi. Har bir yig‘inni minimum 10 kun desak ham, 6 hafta terma jamoamiz uchun chiqib ketyapti. Ixtiyorimizda yana 27 hafta qoldi.
Yozda Yevropadagi milliy chempionatlar yakuniga yetib, tanaffus bo‘ladi va klublar ikki oyga ta’tilga chiqadilar. Qishda bizda ham chempionat tugaydi va bahorgacha (noyabr, dekabr, yanvar, fevral) 4 oy tanaffus bo‘ladi. To‘rt oy chempionat o‘yinlari o‘tkazilmaydi. Shunday ekan, yozgi davralar oralig‘ida to‘liq 1 oy dam olish nima uchun kerak bizga? Masalan, Angliyada umuman davralar oralig‘ida tanaffus yo‘q, Ispaniyada atigi bir hafta dam olinadi xolos. Menimcha, atigi 30 tur o‘ynaladigan chempionatimiz oralig‘ida bir oy dam olishdan ma’no yo‘q. Mayli, bir hafta o‘yinlar o‘tkazilmasin - demak, bir hafta davralar orasidagi tanaffusga chiqarib tashlasak, 26 hafta qoldi.
Endi mana shu 26 hafta ichiga bemalol 52 turni sig‘dirsa bo‘ladi. Jamoalarimiz har hafta ikki martadan maydonga tushsalar, hech narsa qilmaydi. Turli kubok o‘yinlari, terma jamoalar va yevrokuboklardan kelib chiqib, Yevropada barcha jamoalar haftada 2 o‘yin tizimiga ko‘nikib bo‘lishgan. Ham jismoniy, ham ruhiy tarafdan futbolchining haftada ikki marta o‘ynashi zid holat emas.
Buning uchun, birinchidan, bir tur o‘yinlarini juma-dushanba qilib 4 kunga cho‘zmasdan, maksimum 2 kunda o‘tkazish kerak. Qiziq, Ispaniya yoki Rossiya chempionatlarida 1 tur rostanam 4 kunga cho‘ziladi, sababi, teletranslatsiyalar bilan bog‘liq shartnomaga ko‘ra, bir vaqtda ikki o‘yin bo‘lib o‘tishi mumkin emas. O‘yinlar deyarli translatsiya qilinmaydigan oliy ligamizda nega bir kunda tur o‘yinlarini tashkil qilinmaydi, men uchun jumboq.
Ikkinchidan, shaharlar o‘rtasidagi yo‘l sharoitlari va masofalar yuzasidan Yevropa qulayroq ekanini tan olamiz, xo‘p, buning ham yechimini topsa bo‘ladi. Xuddi ilk chempionatlarimiz kabi, hududiy yaqinlikka mos ravishda jamoalarni juftlarga ajratish va "2 o‘yin safarda- 2 o‘yin uyda" uslubida o‘tkazish qiyin emas.
Yo‘q, maqola tugamadi. Yetakchi klublarimiz Osiyo chempionlar ligasida to‘p surishlarini ham esdan chiqarmaslik lozim. Ya’ni bahordagi 10 haftaning 6 tasi Osiyo Chempionlar Ligasi uchun qurbon qilinsa, boyagi 26 haftamizning 6 tasida faqat bir tur o‘yinlarini o‘tkaza olamiz xolos. Ya’ni 52-6=46 tur o‘yinlari uchun imkoniyat qolyapti.
Mamlakat kubogi 1/16, 1/8, 1/4, 1/2 final o‘yinlari uchun yana to‘rt haftadagi bittadan tur o‘yinlarini kamaytiramiz. Aslida, Osiyo kuboklarida o‘ynayotgan jamoalarni 1/16 finaldan ozod qilib, o‘sha xalqaro kunlarda ham kubok o‘yinlarini tashkillashtirsa bo‘ladi. Demak, 46-3=43 - mart-oktyabr oralig‘ida bemalol 43 turni hech qanday o‘zgartirishlarsiz o‘tkaza olamiz.
Bizda esa, atigi 30 tur xolos. Ba’zi haftalar o‘rtasini bo‘sh qoldirib ham, yozgi tanaffusni yana bir haftaga cho‘zib ham, terma jamoamiz uchun qo‘shimcha yig‘inlarga imkon berib ham, Osiyo Chempionlar Ligasidagi klublarimiz pley-offga chiqib qolishsa, o‘sha haftadagi turlardan voz kechib ham, bemalol, be-ye-ye-malol 30 turni o‘tkaza olamiz.
Noyabr yoki dekabrda futbol o‘ynab bo‘lmasligi ham, mart oyi boshlarida maydonlarimiz sharoiti yomon bo‘lishini hisobga olib ham, 30-34 tur o‘yinlari taqvimini tuzib olsak, bo‘lar ekan aslida.
PFL da o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz, albatta, muxlislar nazdida bu holat ijobiy fikrlar paydo qiladi. Ammo islohotlar faqat kadrlar bilan emas, ishga, futbolga, muxlislarga bo‘lgan munosabatlarda ham aks etishi kerak. Hech kimni tanqid qilmoqchi emasman, balki bunday takliflar uchun hali ertadir, haqiqatda u yerdagilar bu masalalar ustida ham bosh qotirishayotgandir, bilmayman. Ammo O‘zbekiston kubogi finalining sanasi va qanday kunda o‘tkazilishi, meni yana qo‘rqitib yubordi.
Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Putin Ukrainaning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Shoygu Rossiyaning “yadro soyaboni” kimni himoya qilishini aytdi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Yapon psixiatri qiyinchiliklarni qanday yengish va mazmunli yashash sirlarini aytdi