
Toshkent havosi yana xavfli darajaga yetdi. Shaharda atmosfera havosini kuzatuvchi stansiyalar 16-noyabr kechqurun juda tashvishli ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, PM10 zarrachalari miqdori me’yordan 1,2 baravar yuqori bo‘lgan, eng xavfli hisoblanadigan PM2.5 zarrachalari esa qariyb 3,5 baravar oshib ketgan. Bunday zarrachalar insonning nafas yo‘llariga oson kirib, salomatlikka jiddiy xavf solishi bilan ma’lum.
UzGidromet mutaxassislarining aytishicha, bu holatning asosiy sababi — keskin harorat o‘zgarishi natijasida atmosfera qatlamida inversiya yuzaga kelishi. Inversiya paytida havo aylanishi susayadi va mayda zarrachalar yer sathiga yaqin qolib ketadi. Natijada shahar bo‘ylab ifloslanish darajasi tez o‘sib, ayniqsa kechqurun va tongda havo sifatining yanada yomonlashishi kuzatiladi.
Mutahassislarning prognozlariga ko‘ra, bunday sharoit bir necha kun davom etishi mumkin. Shuning uchun aholiga imkoni boricha uzoq masofalarga piyoda yurishni cheklash, ko‘chalarda ortiqcha vaqt o‘tkazmaslik, ayniqsa bolalar, keksalar va nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalligi bor insonlar ehtiyot choralarini kuchaytirishi tavsiya etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.