08:25 / 05.09.2020
2 770

Nima uchun Yaponiya har safar mundialga chiqadi-yu, O‘zbekiston qolib ketaveradi?

Nima uchun Yaponiya har safar mundialga chiqadi-yu, O‘zbekiston qolib ketaveradi?
Yaponiyada to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Fozil Musayev 2017 yili “Jubilo Ivata” klubiga ko‘chib o‘tgan va shundan beri ushbu jamoa sharafini himoya qilib kelyapti. Legioner o‘yinchining bir klub safida uzoq vaqt to‘p surish oson ish emas. Biroq hamyurtimiz buni uddalab kelyapti va o‘zidan ijobiy taassurot qoldiryapti. Kuni kecha Fozil Musayev sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob qaytardi.

- Anchadan beri Yaponiyada faoliyat olib borayotganingiz uchun O‘zbekistondagi bayramlardan uzoqdasiz. Masalan, yaqinda yurtimizning mustaqillik bayrami nishonlandi. Bunday paytda u yerda bayramni o‘zingiz qanday nishonlaysiz?
- 2018 yili mustaqillik bayramiga borganman. Ya’ni, Tokioda elchixonamiz tomonidan tashkil etilgan bayramga meni ham taklif qilishgandi. Qolgan paytlarda esa hamma bayramlarni o‘zim uyda nishonlayman.

- “Jubilo Ivata”ga 2017 yili qo‘shilgansiz va to‘rtinchi yildirki, bitta klub safida to‘p surib kelyapsiz. Xorijda va ayniqsa bir jamoa tarkibida legioner sifatida o‘ynashning o‘zi bo‘lmaydi. Shuncha yildan beri sizni u yerda nima ushlab turibdi?
- Futbolga bo‘lgan e’tibor va yaratib berilayotgan sharoit har taraflama yuqori darajada. Menimcha, bir jamoada o‘ynayotganimning sabab shu bo‘lsa kerak.

- “Jubilo Ivata”ga kelgan paytingizda klub Yaponiya “Jey” ligasida ishtirok etardi. Keyinchalik esa “Jey-2” ligasiga tushib ketdi. Jamoaga bo‘lgan mehringiz boshqacha ko‘rinadi, chunki og‘ir paytda ham tashlab ketmadingiz...
- To‘g‘risi, tinmay jamoa almashtirishni u qadar yaxshi ko‘rmayman. Bunday hol mening uslubimga kirmaydi. Bu klubda esa hamma narsa bor. Boya aytganimdek, futbol o‘ynash uchun barcha sharoit yaratib qo‘yilgan. Bundan tashqari, mening klubim bilan amaldagi shartnomam ham borligini unutmaslik kerak. Ushbu yil oxirigacha “Jubilo Ivata”daman, shu bois ham men shu yerdaman.

- O‘tgan yilgi Osiyo Kubogida bir qiziq jihatga guvoh bo‘lgandik. Terma jamoamizning Yaponiyaga qarshi uchrashuvidan avval mehmonxonada siz yaponiyalik jurnalistlarga yapon tilida intervyu bergandingiz. Bu tilni o‘rganishingiz qiyin kechmaganmi?
- Yapon tilini ozmi-ko‘pmi bilaman. 2018 yili jarohat olgandim. O‘shanda vaqtdan unumli foydalanish maqsadida dars olib, til o‘rgatadigan o‘qituvchi bilan ishlaganman. O‘shanda yapon tilini o‘rganishga harakat qilgandim. To‘g‘ri, bu tilni 100 foizga bilaman, deb ayta olmayman. Hali yana o‘rganishim kerak.

- Barchamizga yaxshi ma’lumki, Yaponiyada futbol darajasi va uning mavqei juda yuqori. Shunday ekan, ulardan bizning o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p va bu borada asosiy kamchiliklarimiz nimalardan iborat?
- Men bizning futbol bilan yapon futbolini solishtirishni xohlamayman. O‘zimizning futbolda hali qilinadigan ishlar ko‘p, deb o‘ylayman. Bu mening shaxsiy fikrim.

- O‘tgan yili jamoangizda yaponlarning taniqli o‘yinchilaridan biri Shunsuke Nakamura ham to‘p surgandi. U 42 yoshida ham futbol o‘ynayotgani ajablanarli edi. U haqida fikringiz qanday?
- Ha, hozirgi paytda Nakamura bizning jamoamizda emas. O‘tgan yilning yozida klubini o‘zgartirgandi. U bilan munosabatim juda yaxshi. Nakamuradan ancha-muncha narsa o‘rgandim, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

- Shuningdek, eshitishimcha, oldingizga o‘zbekistonlik futbolchi do‘stlaringiz ham borib turar ekan-a?
- Abduqahhor Hojiakbarov bilan qalin do‘stmiz. O‘tgan yili u oldimga kelgandi va bir hafta shu yerda bo‘lgandi.

- Yaponiyalik jamoadoshlaringizga o‘zbek palovini tayyorlab berganmisiz?
- Ha. Bu yil karantin paytida jamoadoshlarimni uyimga mehmonga chaqirgandim. O‘shanda ularga osh tayyorlab berdim. To‘g‘risi, o‘zbekona palov ularga juda yoqib qoldi.

- Fozil, Yaponiyada yana necha yil qolishni mo‘ljallab turibsiz? O‘zbekistonga ham qaytish istagingiz bormi?
- Hali aniq bilmadim. Bu yerda yana qancha vaqt qolaman yoki boshqa joyga ketamanmi, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ochig‘i, hozirdan bu xususida bir narsa deya olmayman.

- Ayni paytda O‘zbekiston Superligasini kuzatib boryapsizmi? Yutuq va kamchiliklari sizga qanday ko‘rinyapti?
- Albatta, o‘yinlarni kuzatib boryapman. Lekin uchrashuvlarni tahlil qilmoqchi emasman.

- Shu paytga qadar faoliyatingizni Yevropada ham davom ettirish imkoniyati bo‘lganmi?
- Yo‘q, Yevropada davom ettirish varianti bo‘lmagan.

- Yaponiyada jahon yulduzlaridan biri Andreas Inesta to‘p surmoqda. Hozirgacha u bilan uchrashish imkoniyati bo‘ldimi?
- Yo‘q, bunga vaqt bo‘lmadi. U haqida o‘ylaganim ham yo‘q. Chunki bizda har kuni mashg‘ulot. Orada faqat bir kun dam bo‘ladi. Bunday paytda uyda qolaman yoki yoz paytida plyajga borib cho‘milish bilan vaqt o‘tkazaman. Qolgan narsalarga esa vaqtim yo‘q.

- Yaponiya Osiyoda eng kuchli termalardan biri, shu bois ular har safar jahon chempionatida muntazam ravishda ishtirok etib kelishyapti. Ular nimaning evaziga doim mundialga chiqadi? Bizga esa qandaydir omad yetishmay qolaveradi. Jahon chempionatiga chiqish yo‘lida biz ulardan nimani o‘rganishimiz kerak?
- Yaponiyada juda ko‘plab yaxshi o‘yinchilar bor. Shu bois milliy terma jamoasida raqobat juda katta. Terma jamoaning futbolchilari esa asosan Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p suradi. O‘zining chempionatida ham saviyasi yuqori bo‘lgan ijrochilar talaygina. O‘sha futbolchilar esa hattoki termaga chaqirilmaydi ham. Chunki yuqorida aytganimdek, terma jamoasida raqobat haddan tashqari kuchli. Menimcha, shuning hisobiga bo‘lsa kerak. Qolaversa, u yerda futbolga bo‘lgan e’tibor va yaratilgan sharoit sababli ham har safar mundialga chiqishsa kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nima uchun Yaponiya har safar mundialga chiqadi-yu, O‘zbekiston qolib ketaveradi?