14:08 / 29.08.2021
3 590

Terma jamoa tarkibi: kimlar bor, kimlar yo‘q?

Terma jamoa tarkibi: kimlar bor, kimlar yo‘q?
27 avgust kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining kengaytirilgan tarkibi e’lon qilindi.
Ushbu ro‘yxatdan 23 nafar futbolchi o‘rin olgan. Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz 5 sentabr kuni Stokgolmda Shvetsiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu o‘yinda shvedlar asosiy tarkib bilan o‘ynaydimi yoki ikkinchimi, hozirdan bir narsa deyish qiyin.

Chunki Shvetsiya terma jamoasi 2 sentabr kuni o‘z maydonida Ispaniya va 8 sentabr kuni safarda Gretsiya terma jamoasiga qarshi JCH saralash bahslarini o‘tkazadi. Shu bois o‘rtada 5 sentabr kungi biz bilan o‘yinda ularning qaysi tarkibi maydonga tushishi haqida bir gap aytish mushkul.

Shunisi aniqki, biz O‘zbekiston terma jamoasiga taklif etilgan eng kuchli 11 nafar futbolchini Shvetsiyaga qarshi boshlang‘ich tarkibda ko‘ramiz.

Ro‘yxatni kim tuzdi?
Srechko Katanes endigina ishga kirishdi. U hali bizning futbolchilarni to‘liq bilmaydi. Nari borsa Eldor Shomurodovni eshitgan. Shunday ekan, birinchi ro‘yxatni o‘zi tuzmagan bo‘lishi aniq. Bizga ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxat O‘zbekiston U-22 terma jamoasi ustozi Ravshan Haydarov tomonidan tuzilgan.

Termaga taklif etilgan futbolchilar haqida nima deyish mumkin? Aytish mumkinki, hozirgi paytda o‘ynab turgan va yaxshi sport formasida bo‘lgan futbolchilar chaqiruv olishdi. Keling, yaxshisi chiziqlar bo‘yicha to‘xtalamiz.

Darvozabonlar
Odatda terma tarkibiga uch nafar darvozabon taklif etiladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Terma jamoamizning sentabrdagi yig‘iniga "Paxtakor"ning ikki posboni - Sanjar Quvvatov bilan Eldor Suyunov, shuningdek AGMK darvozaboni Valijon Rahimov taklif etildi. Bu yerda bir savol tug‘iladi: O‘tkir Yusupov qani? O‘tkir Yusupov hozir shu uchala davrvozabondan ham zo‘r formada emasmi?

Himoyachilar
Himoya chizig‘iga ushbu futbolchilar taklif etilgan: Islom Qobilov ("Lokomotiv"), Farrux Sayfiyev ("Paxtakor"), Ibrohimxalil Yuldashev ("Nijniy Novgorod", Rossiya), Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor"), Husniddin Aliqulov ("Nasaf"), Abdulla Abdullayev ("Bunyodkor"), Dilshod Saitov ("Nasaf"), Dostonbek Tursunov ("Chutsin Lifan", Xitoy).

Garchi "Lokomotiv" turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, Islom Qobilov bir tekis o‘yin namoyish etmoqda, shu bois murabbiylar nazaridan chetda qolmadi. "Paxtakor"dan taklif etilgan Farrux Sayfiyev bilan Hojiakbar Alijonov ham yaxshi formada.

Yegor Krimes bilan Anzur Ismoilov termadagi faoliyatini tugatdimi? Bir narsa deyish qiyin. Lekin Sherzod A’zamov ham bosh jamoaga chaqirilishga loyiq himoyachi edi.

Markaziy himoyaga "Nasaf"dan Husniddin Aliqulov taklif etilgan. Ko‘pchilik uni terma jamoamizning ertasi deyapti, buni esa vaqt ko‘rsatadi. Shuningdek, faoliyatini Xitoyda davom ettirayotgan Doston Tursunov ham munosib nomzod. Rossiya premer-ligasiga yo‘l olgan Ibrohimxalil Yuldashev ham kuchli futbolchi, juda tartibli o‘yin namoyish etadi. U "Nijniy Novgorod" safida 27 avgust kuni "Ximki"ga qarshi maydonga tushib, 69 daqiqa harakat qildi va keyin almashtirildi.

Terma jamoaga chaqirilgan himoyachilar orasida "Nasaf"dan Dilshod Saitov bilan "Bunyodkor"dan Abdulla Abdullayev ham bor. Lekin bu ikki futbolchi birdaniga asosiy tarkibda o‘ynab ketmasa kerak.

Yarim himoyachilar
Yarim himoyaga 10 nafar futbolchi taklif etilgan: Otabek Shukurov ("Sharja", BAA), Odil Hamrobekov ("Paxtakor"), Abror Ismoilov ("Paxtakor"), Jaloliddin Masharipov ("Al Nassr", Saudiya Arabistoni), Hojimat Erkinov ("Paxtakor"), Oybek Bozorov ("Nasaf"), Sanjar Qodirqulov ("Lokomotiv"), Akmal Mozgovoy ("Nasaf"), Javohir Sidiqov ("Lokomotiv"), Farrux Ikromov ("Bunyodkor").

Yarim himoyachilar haqida nima deyish mumkin? Nomzod futbolchilarning barchasi o‘z klublarida o‘ynayapti. Masalan, Otabek Shukurov "Sharja" safida yana kamida bir mavsum qoladigan bo‘ldi. U allaqachon o‘z klubining yetakchisiga aylangan. Jaloliddin Masharipov ham "Al Nassr"ga tezda kirishib ketdi.

Oybek Bozorov "Nasaf"da juda chiroyli o‘yin namoyish etyapti. Javohir Sidiqov bilan Sanjar Qodirqulov "Lokomotiv"ni oldinga tortishga urinishyapti. Hojimat Erkinov, Abror Ismoilov, Odil Hamrobekov - bular "Paxtakor"ning ertasi. Farrux Ikromov esa ikkinchi davrada o‘yiniga yanada qo‘shdi.

Hujumchilar
Sentabr yig‘iniga faqat ikki nafar hujumchi taklif etildi: Eldor Shomurodov va Igor Sergeyev. O‘zimizning Superligada to‘purarlar poygasida ishtirok etayotgan Shohruz Norxonov, Temurxo‘ja Abduxoliqov va Husayn Norchayev bu safar chetda qoladigan bo‘lishdi.

Shomurodov hozirgi kunda O‘zbekistonning eng kuchli hujumchisi, biroq unga termada kim raqobat qiladi degan savol tug‘iladi.

"So‘g‘diyona" va AGMKdan hech kim yo‘qmi?
Turnir jadvalida "Paxtakor"dan keyingi o‘rinlarni egallab turgan ikkita jamoadan hech kimning taklif etilmagani qiziq. To‘g‘ri, AGMKdan Valijon Rahimov chaqirilgan, lekin u - darvozabon. Maydondagi o‘yinchilar yo‘qmi? Masalan, AGMKdagi Sardor Rahmonov bilan Bobur Yo‘ldoshev himoya markazida yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti.

Yoki bo‘lmasa nahotki "So‘g‘diyona"dan hech kim loyiq bo‘lmasa degan savol ham yuzaga keladi. Lekin bu Katanetsning birinchi yig‘ini hamda ro‘yxatni u tuzmagani uchun ortiqcha vahima qilmagan ma’qul. Yangi murabbiy endi futbolimiz bilan tanishyapti va o‘ylaymizki, oktbyardagi yig‘inga ro‘yxatni o‘zi tuzadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoa tarkibi: kimlar bor, kimlar yo‘q?