21:28 / 26.04.2024
336

Dunyoning eng zo‘r bokschisi Krouford nega Madrimovni tanlaganini aytdi

Dunyoning eng zo‘r bokschisi Krouford nega Madrimovni tanlaganini aytdi
Joriy yilning 8 mart kuni Isroil Madrimov rossiyalik yengilmas bokschi Magomed Kurbanovni (25-0-0, 13 KO) beshinchi raunddan texnik nokaut bilan mag‘lub etib, WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan edi.

Endi 29 yoshli bokschimiz o‘zbek boksi tarixidagi eng katta jangda ishtirok etadi. Isroilning chempionlik kamari uchun ayni paytda jahonning eng zo‘r professional boks ustasi bo‘lib turgan amerikalik Terens Krouford hamyurtimiz bilan to‘qnash keladi.

Jang 3 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida tashkil etiladi va 12 raundga mo‘ljallangan.

Vazn toifasidan qat’i nazar jahon reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan Terens Krouford o‘tgan yili yozda Errol Spensni mag‘lubiyatga uchratib, to‘rtta yo‘nalish – IBF, WBA, WBC, WBO jahon chempionlik kamarlariga ega chiqdi.

Krouford ikki vazn toifasida to‘rtta eng nufuzli yo‘nalish chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan dunyodagi yagona bokschi hisoblanadi.

Amerikalik charm qo‘lqop ustasi vaznini ko‘tarib, Isroil Madrimovga tegishli chempionlik kamari uchun jang qilishga rozilik berdi.

Terens ancha taniqli bo‘lgan avstraliyalik Tim Szyuni mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan amerikalik Sebastyan Fundorani emas, aynan o‘zbek bokschisini tanlaganini quyidagicha izohladi.

- Isroilni bugungi kunda birinchi o‘rta vazn toifasining eng zo‘r bokschisi, deb bilaman. Shunday ekan, nega bu diviziondagi eng yaxshi charm qo‘lqop ustasini tanlamasligim kerak?

Men ringda va undan tashqarida o‘zimdan katta meros qoldirmoqchiman, bunaqasini avval hech kim, hech qachon uddalay olmagan
, - dedi Krouford.

Krouford professional bokschilik faoliyatini 2008 yili boshlagan va shu kunga qadar roppa-rosa 40 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘olib chiqqan. Shulardan 31 tasida raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan.

Isroil Madrimov profiboksga Krouforddan o‘n yil keyin qadam qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, hamyurtimiz qisqa fursatda jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Isroil 11 ta jangdan o‘ntasida zafar quchgan va bir bor durang qayd etgan. Madrimov yettita uchrashuvni muddatidan oldin yakunlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dunyoning eng zo‘r bokschisi Krouford nega Madrimovni tanlaganini aytdi