AQSHning kvant texnologiyalariga kiritgan investitsiyalari bahslarga sabab boʻldi

AQSH hukumati kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish uchun 2 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishini eʼlon qildi. Ushbu mablagʻ doirasida bir qator startaplarga ulush evaziga 100 million dollardan ajratilishi koʻzda tutilgan. Moliyalashtirishning eng katta qismi IBM va davlat tomonidan birgalikda tashkil etilayotgan Anderon kompaniyasiga yoʻnaltiriladi. Mazkur korxona IBM va boshqa kompaniyalar uchun kvant protsessorlari ishlab chiqaruvchi ilk kvant fabrikasi (quantum foundry) boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Biroq, AQSH Kongressida ushbu kelashuvning qonuniyligi borasida savollar tugʻildi. Fan, kosmos va texnologiyalar qoʻmitasi aʼzosi Zoe Lofgrenning taʼkidlashicha, mablagʻlar CHIPS and Science Act qonuni asosida yarimoʻtkazgichlar tadqiqoti uchun ajratilgan boʻlib, kvant texnologiyalariga moʻljallanmagan. Shuningdek, u manfaatlar toʻqnashuvi ehtimoliga ham ishora qildi: moliyalashtirishning asosiy qismi IBM kompaniyasiga tegishli loyihaga ketmoqda, muzokaralarda esa kompaniyaning sobiq top-menejeri ishtirok etgan.
Bahslarga qaramay, Anderon loyihasi sohani jadallashtirishi kutilmoqda. Kompaniya tashqi buyurtmachilar uchun kvant chiplari ishlab chiqaradi, bu esa startaplarga yangi arxitekturalarni tezroq sinovdan oʻtkazish va akademik laboratoriyalarga bogʻliqlikni kamaytirish imkonini beradi. IBM esa ishlab chiqarishning bir qismini yangi tuzilmaga oʻtkazish orqali kvant hisoblashlari sohasidagi yetakchiligini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Yangi fabrika oʻta past haroratlarda ishlovchi transmon (transmon) tipidagi kvant bitlari uchun chiplar tayyorlashga ixtisoslashadi. Ekspertlarning qayd etishicha, kvant chiplari bozori hozircha cheklangan boʻlsa-da, davlat koʻmagi AQSHning texnologik mustaqilligini taʼminlashda va soha rivojida hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!