Sunʼiy intellekt davrida imlo xatolari matnning insonga tegishli ekanini isbotlamoqda

Ilgari matndagi imlo xatolari yoqimsiz xatolik deb hisoblangan boʻlsa, bugungi kunda ular matn algoritm emas, balki inson tomonidan yozilganining oʻziga xos belgisiga aylanmoqda. The Atlantic jurnalisti Michael Waters taʼkidlashicha, kichik va kechirimli xatolar yozishmalarni jonliroq koʻrsatadi va oʻquvchida ishonch uygʻotadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Psixologlarning fikricha, odamlar matnlarda sunʼiy intellekt modellariga xos boʻlmagan individuallik, oʻziga xos detallar va biroz tartibsizlikni qidirishadi. Jurnalist Stephanie Steele-Wren aytganidek: «Insonlar tabiatan betartib va noyobdir, sunʼiy intellekt esa unday emas». Bu esa muallif shaxsi sezilib turadigan matnlarga boʻlgan talabni oshirmoqda.
Biroq hamma ham jonli muloqotga intilayotgani yoʻq. Ayrim foydalanuvchilar uchun ChatGPT kabi texnologiyalar allaqachon virtual suhbatdosh yoki hatto hamrohga aylanib ulgurgan. Shunga qaramay, jamiyatda haqiqiy va sunʼiy muloqot oʻrtasida tanlov qilish imkoniyatiga boʻlgan ehtiyoj tobora kuchayib bormoqda.
Raqamli media va psixologiya sohasi ekspertlari sunʼiy intellektni insondan ajratish qiyinlashib borayotgan bir sharoitda, hatto kichik xatolar ham yangi qiymat kasb etayotganini qayd etishmoqda. Endilikda bunday «nuqsonlar» tirik muallifning oʻziga xos imzosi sifatida qabul qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!