Benzinsiz 310 km va yangi platforma: BYD Song Ultra DM-i taqdim etiladi

BYD kompaniyasi yangi Song Ultra DM-i gibrid krossoverining rasmiy taqdimoti 28-may kuni Xitoyda boʻlib oʻtishini eʼlon qildi. Kompaniyaning beshinchi avlod DM gibrid texnologiyasi bilan jihozlangan ushbu avtomobil ikki xil sigʻimdagi — 26,6 kW·soat va 38 kW·soatli akkumulyatorlar bilan taklif etiladi. Ushbu batareyalar faqat elektr quvvatining oʻzida mos ravishda 205 km va 310 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rasmiy tizerlarga koʻra, yangi modelning tashqi koʻrinishi mart oyida namoyish etilgan toʻliq elektr quvvatli Song Ultra EV versiyasini deyarli takrorlaydi. Avtomobilning gabarit oʻlchamlari 4850 x 1910 x 1670 mm ni, gʻildiraklar bazasi esa 2840 mm ni tashkil etadi. Yuk xonasi hajmi 730 litrga teng boʻlib, old oʻrindiqlarni toʻliq yigʻish orqali 1,8 metrli tekis uxlash maydonini hosil qilish mumkin.
Barcha modellar standart ravishda 15,6 dyuymli ekranli mediasistema bilan jihozlanadi. Yuqori komplektatsiyalar esa ventilyatsiya, isitish, massaj va oyoq tayanchi funksiyalariga ega boʻlgan maxsus yoʻlovchi oʻrindigʻi, oʻrnatilgan muzlatkich hamda 16 ta dinamikli audiotizimga ega boʻladi. Markaziy tirsak qoʻygichda smartfonlar uchun ikkita simsiz quvvatlagich va stakan ushlagichlar joylashgan.
Texnologik jihatdan krossover lidar va 27 ta datchikdan iborat B darajali “Xudo koʻzi” (Eye of God) tizimi bilan taʼminlanadi. Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, avtomobil yangi orqa uzatmali platformada quriladi, bu esa boshqaruv va dinamikani sezilarli darajada yaxshilaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!