Figure AI robotlari va insonlar oʻrtasidagi 10 soatlik musobaqa

AQShning Figure AI kompaniyasi sunʼiy intellekt asosida ishlovchi robotlar va insonlar oʻrtasida qiziqarli musobaqa tashkil etdi. 10 soat davom etgan bellashuvda tomonlar qutilarni saralash boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi. Insonlardan iborat stajyorlar jamoasi va uchta gumanoid robot navbatma-navbat yuklarni qayta ishlash jarayonida qatnashdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Musobaqa shartlariga koʻra, ishtirokchilar paketlardagi shtrix-kodni skanerlashi va uni konveyer tasmasiga toʻgʻri joylashtirishi kerak edi. Insonlar qonunchilikda belgilangan tushlik va qisqa dam olish tanaffuslaridan foydalangan boʻlsa, robotlar hech qanday toʻxtalishsiz, avtonom rejimda ish olib bordi.
Yakuniy natijalarga koʻra, insonlar 12 926 ta, robotlar esa 12 757 ta posilkani saralashga muvaffaq boʻldi. Robotlar har bir qutini oʻrtacha 2,83 soniyada qayta ishlagan boʻlsa, insonlar bu koʻrsatkichni 2,79 soniyada bajardi. Garchi robotlar kichik farq bilan magʻlub boʻlgan boʻlsa-da, ularning samaradorligi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Figure AI asoschisi va bosh direktori Brett Adcock ushbu natijani gumanoid robotlarni tijoratlashtirish yoʻlidagi muhim qadam deb atadi. Robotlarning charchamasdan, uzoq vaqt davomida insonlar bilan deyarli teng natija koʻrsatishi kelajakda logistika va ishlab chiqarish sohalarida katta oʻzgarishlar boʻlishidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!