Rostex kompaniya va davlatni boshqarish uchun «Gosudarstvennost» tizimini taqdim etdi

I Xalqaro xavfsizlik forumida Rostex davlat korporatsiyasi «Gosudarstvennost» deb nomlangan dasturiy-apparat majmuasini namoyish etdi. Ishlab chiquvchilarning soʻzlariga koʻra, ushbu tizim tarqoq axborot tizimlari va maʼlumotlar massivini kompaniya, tarmoq yoki butun davlatni boshqarish uchun yagona raqamli ekotizimga birlashtiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Majmua «GiperGrafGrupp» kompaniyasi va «RT-Proyektniye texnologii» xoldingi tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan. U byudjet, qonunchilik, iqtisodiyot va ijtimoiy jarayonlarga oid raqamlashtirilgan maʼlumotlar asosida yagona maʼlumotlar modelini shakllantiradi. Tizim maʼlumotlarning mantiqiy bogʻliqligini taʼminlaydi, tahliliy hisobotlar tayyorlaydi hamda loyihalar va jamiyat rivojlanish ssenariylarini modellashtiradi.
Ushbu texnologik yechim bir vaqtning oʻzida 300 mingdan ortiq obyektlar klassini va ular oʻrtasidagi 2,4 milliarddan ziyod oʻzaro bogʻliqliklarni qayta ishlash imkoniyatiga ega. Hozirgi vaqtda maʼlumotlar bazasida 500 milliongacha yozuv saqlanmoqda, tahlil jarayonlari esa 20 mingdan ortiq algoritmlar yordamida amalga oshirilmoqda.
Rostex bosh direktori oʻrinbosari Aleksandr Nazarovning taʼkidlashicha, bunday darajadagi ishlanmalar dunyoda sanoqli Gʻarb kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Mutaxassis Vladimir Kutinning soʻzlariga koʻra, tizim har bir mamlakatning oʻziga xos madaniyatiga moslashtirilishi mumkin va barcha jarayonlarni koʻrgazmali shaklda kuzatish imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!