00:09 / 11.12.2019
5 535

Ayollar so‘z so‘raydi: “Asli kimni toshbo‘ron qilish kerak?!”

Ayollar so‘z so‘raydi: “Asli kimni toshbo‘ron qilish kerak?!”
Farg‘onalik deputatlikka nomzodini qo‘ygan ayolning suratini ijtimoiy tarmoqlarda rosa aylantirishdi, hatto nomzodlikdan olib tashlashga erishishdi. Men u ayolni tanimayman, surat ichida qanday siyrat borligini ham bilmayman. Yozayotgan fikrlarim u ayol haqida ham emas. Aytmoqchi bo‘lganim, o‘sha ayoldan orlanib, hatto toshbo‘ron qilish kerak degan erkaklar haqida.

Ba’zilari zamon ko‘tarsa, qonun yo‘l qo‘ysa, toshbo‘ron qilardik, bunaqa suratlar uchun deb izoh yozishibdi.

Nomusidan ajragan qizlar haqida o‘ylaganimda uni shu ahvolga solgan va shu holatga jim qarab turgan erkaklar xayolimdan o‘tadi. Bir pastkashning deb bir ayolning taqdiri bir umrga o‘zgarib ketishi, umrbod tamg‘a bilan yashashini ko‘z oldimga keltiraman. 15 yoshida erkakdan ko‘ngli qolgan qizlarni o‘ylayman.

Qashqadaryoning Koson tumanida 14 yoshli qizni qo‘shnisining o‘g‘li zo‘rlab qo‘yadi. Qo‘shnisinikiga qandaydir temir so‘rab chiqqan qiz podvalga kirganida yigit qizga tajovuz qiladi. 15 yoshida tug‘ib qo‘yadi, o‘sha kuni bolasi yo‘qotiladi. Onaizor o‘qituvchi, maktabdan haydaladi, uni farroshlikka ham ishga olmaydi. Barcha tahqiru ta’nalardan zada bo‘lgan qizning onasi ikki marta o‘z joniga qasd qiladi. Birida 40 foiz kuyadi, ikkinchi martayam o‘zini osganida qizi saqlab qoladi.

Yaqinda shu qiz dori ichib o‘z joniga qasd qildi. Uni endi onasi saqlab qoldi. Ularga nohaqlik qilayotganlarning bittasi IIB xodimi – uyam erkak. Shu nohaqliklarni ko‘rib turgan qanchadan qancha erkaklar ko‘z yummoqda. Birovning qizining bor budini — nomusini tortib olib, keyin “bo‘riboyvachcha”ni Toshkentga qochirib yuborgan ota ham erkak, "endi baribir nomusingni tiklay olmaysan, mening qarindoshimni, ukamni tinch qo‘y", deb qizni 5-6tasi to‘planib, do‘pposlagan ham erkak.

Juda ko‘payib ketdi osongina birovning qiziga tajovuz qilish va tajovuz qilganni emas, jabrlanganni hayotidan to‘ydirish.
O‘sha ayolning suratidan go‘yoki or-nomus qilayotgan ekansiz, qo‘shningizning ayoli, qizi xo‘rlanayotganini, tahqirlanayotganini ko‘rib, eshitib, guvohi bo‘lib nega oringiz qo‘zg‘almayapti?!

Nima uchun o‘shalarni himoya qilmayapsiz, qo‘rqoq, zo‘rovon qavmdoshlaringizni toshbo‘ron qilmayapsiz?!
Nima sabab ular bilan bir dasturxonda o‘tirishdan orlanmayapsiz, mahallada bosh ko‘tarib yurishiga qanday jim qarab turibsiz?!

Axir o‘sha ayollarni ikki martalab o‘z joniga qasd qilishiga jim qarab turgan, qizaloqqa tajovuz qilayotganlar ham erkaklar emasmi?!
Taqdiri noma’lum tomonga ketib qolishiga, fohishalar ko‘payishiga, ayolning ichkilikka, giyohvandlikka berilishiga ham aslida bugun or-g‘urur talashayotgan erkaklar sababchi!..

Suratdagi ayolning or-nomusini o‘ylagancha, undan or-nomus so‘ragancha o‘z joniga qasd qilayotgan ayollar, tajovuz qurboni bo‘layotgan qizlarni himoya qiling, axir ular ham o‘zbek ayollari, o‘zbek qizlari sizlarning oru g‘ururingiz!!!

Hech bo‘lmasa, o‘g‘lingizga qo‘shnining qizi, mahallangning qizi – sening singling, sening opang, deb ayting, bizning orimiz, g‘ururimiz deb tarbiyalang...

Barno Sultonova, bloger

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayollar so‘z so‘raydi: “Asli kimni toshbo‘ron qilish kerak?!”