“O‘qishdan haydalib ketay deganman…” — Dilnoza Kubayeva talabalik xotiralarini esladi

Dilnoza Kubayeva “Mening oshxonam” ko‘rsatuvida ishtirok etib, talabalik davridagi qiziqarli va biroz hijolatli voqealar bilan o‘rtoqlashdi.
Aktrisaning aytishicha, u talabalik paytida tez-tez darsga kech qolib yurardi. Bunga ham uzoqdan qatnashi, ham ba’zida uxlab qolishi sabab bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan esa kech qolish odat tusiga kirib qolganini tan oldi.
“Bir kuni juda noqulay holatda qoldim. Ustozdan yana ruxsat so‘rab kirishga vijdonim qiynaldi. Nima deb uzr so‘rashni ham bilmay, eshik tirqishidan qarab turuvdim, bir payt kursdoshim eshikni qattiq ochib yubordi — ko‘zim chiqib ketay dedi. O‘sha voqea hech esimdan chiqmaydi”, — deya kulib eslaydi aktrisa.
Dilnoza Kubayeva, shuningdek, o‘sha davrda darslarga muntazam kechikgani sabab hatto o‘qishdan haydalishiga bir bahya qolganini ham yashirmadi. Biroq oxir-oqibat o‘qishni davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan.
Aktrisa bugun bu xotiralarni iliq tabassum bilan eslar ekan, hozir bu odatidan asta-sekin voz kechib borayotganini ham ta’kidladi.