O‘zbekistonda IIV xodimi qachon qurol qo‘llay olishga haqli?

  • 20 dekabr 2016, 19:18
  • 6 167
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekistonda IIV xodimi qachon qurol qo‘llay olishga haqli?

    «2014 yilda AQShda bir yil davomida 1100 nafar fuqaro polisiyachi tomonidan otib o‘ldirilgan. Bu rasmiy tan olingan ma’lumot. Bu nimadan dalolat beradi? Bu AQSh polisiyasi o‘z ishini yaxshi bilmasligini emas, balki ularda qonunchilik milliy qonunchiligimizga nisbatan ancha qattiqligini ko‘rsatuvchi omildir», — deydi IIV Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov.

    IIV mulozimi bu fikrlarni Bosh prokuratura tomonidan boshqa manfaatdor idoralar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan «Huquqiy madaniyat – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy shartlaridan biri» mavzusidagi xalqaro davra suhbatida aytib o‘tgan. Mazkur tadbirda ma’ruza qilgan I.Turg‘unov bu borada O‘zbekistondagi ahvol xususida ham to‘xtalib, o‘ttiz ikki yildan beri IIV tizimida ishlashini, ichki ishlar idoralarida qurol qo‘llash haddan tashqari liberal (ya’ni insonparvarlikka qaratilgan)ligini aytib o‘tdi, deb yozadi tafsilot.uz

    Bizda (O‘zbekiston IIV tizimida) qurolni qo‘llashdan oldin, albatta bir necha xil usulda ogohlantirish talab etiladi. Masalan, qattiq ovozda «To‘xta, otaman!» deb aytish, osmonga otish, bular ham kor qilmasa, jinoyatchining oyog‘iga otish kerak. Ayrim holatlarda, jumladan, bolalarga, ayollarga, nogironlarga nisbatan qurol qo‘llash mutlaqo taqiqlanadi. Bu qonunchiligimizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Yaqinda qabul qilingan «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunda ham bu ko‘rsatib o‘tilgan.

    Ilhom Turg‘unovning ma’lum qilishicha, har bir qo‘llanilgan qurol bo‘yicha prokuratura organlari zudlik bilan tekshiruv o‘tkazib, uning to‘g‘ri qo‘llanganini tekshirib ko‘rishadi. Agar bu jarayonda qonunbuzarlik alomatlari aniqlansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ilhom Turg‘unovning ta’kidlashicha, bu juda murakkab va uzoq davom etadigan jarayondir.

    O‘zim 32 yillik faoliyatim davomida bir marta qurol qo‘llaganman. 1987 yilda qopog‘on it tishlab olay deganda, shu itni otib, ikki oy tergov berganman. Bu bilan nima demoqchiman: quroldan foydalanish bizda qattiq tartibga solingan.


    2016 yil 16 sentyabrda qabul qilinib, 2017 yil 17 iyundan kuchga kiradigan «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar organi xodimi quyidagi hollarda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga ega:

    — fuqarolarni yoxud o‘zini hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan, zo‘rlik ishlatish bilan qilingan hujumdan himoya qilishda;

    — garovdagilarni ozod qilishda;

    — o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish chog‘ida ko‘rib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni bo‘lmasa;

    — ichki ishlar organlarining o‘qotar qurollarini, o‘q-dorilarini, portlovchi moddalarini, transport vositalarini, maxsus va jangovar texnikasini egallab olishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yishda;

    — fuqarolarning uy-joylariga, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qo‘riqlanadigan ob’ektlariga, o‘ta muhim yuklariga, transport vositalariga, binolariga guruh bo‘lib qilingan hujumni yoki qurolli hujumni daf etishda;

    — qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan shaxsni, shuningdek yonidagi qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish to‘g‘risidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;

    — jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarning, o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning qamoqdan qochib ketishiga chek qo‘yishda, shuningdek ushbu shaxslarni kuch ishlatib ozod qilishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yishda;

    — agar transport vositasining haydovchisi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf tug‘dirsa hamda ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qaramay, to‘xtashdan bosh tortsa, ushbu transport vositasini shikastlash yo‘li bilan to‘xtatishda;

    — insonning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan hayvonni zararsizlantirishda;

    — qurol ishlatish niyati haqida ogohlantirish sifatida o‘q otishda, yuqoriga qarata yoki boshqa xavfsiz yo‘nalishda o‘q otish orqali xavf-xatar signali berishda yoki yordamga chaqirishda.

    Ichki ishlar organining xodimi o‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.

    Ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga etmaganlarga nisbatan o‘qotar qurolni qo‘llash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.

    O‘qotar qurol qo‘llanilishi natijasida tasodifiy shaxslar jabrlanishi mumkin bo‘lsa, ichki ishlar organi xodimi ko‘p fuqarolar to‘planganda uni qo‘llash huquqiga ega emas.

    Ichki ishlar organlari qurollantiriladigan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari turlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu ro‘yxatga kirmaydigan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari bilan ichki ishlar organlarini qurollantirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

    » » O‘zbekistonda IIV xodimi qachon qurol qo‘llay olishga haqli?