O‘zbekistonda banklar orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish xizmati ishga tushdi

O‘zbekistonda banklar orasida hamkorlikni mustahkamlaydigan va mijozlarga qo‘shimcha qulaylik yaratadigan Account-to-Account (A2A) formatidagi yangi xizmat faoliyatga kirishdi. Bu haqda Markaziy bank rasman maʼlum qildi.
Yangi tizim Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan yaratilgan zamonaviy texnik infratuzilma asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmat, asosan, jismoniy shaxslarga bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beradi.
Account-to-Account (A2A) va Peer-to-Peer (P2P) farqi
P2P o‘tkazmalarda mablag‘ karta raqami orqali yuboriladi. A2A esa pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisobvaraqlari orasida uzatishni taʼminlaydi. Buning afzalligi shundaki, yangi karta ochish talab qilinmaydi va mavjud bank ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi.
Yangi xizmat orqali mijozlar pul o‘tkazishda qo‘shimcha tanlov imkoniga ega bo‘ladi. Bu — mavjud xizmatlardan tashqari, ikkinchi va qulay usul hisoblanadi. Shuni ham aytish kerakki, karta har bir fuqaroga bankdagi aniq hisob raqami asosida ochiladi.
Hamma banklarda mavjudmi va komissiyalar
Hozirgi kunda ushbu xizmat barcha banklarga texnik jihatdan taqdim etilgan. Shu bilan birga, ilova orqali barcha mavjud pul o‘tkazma xizmatlaridan foydalanish mumkin. Komissiyalar esa har bir bankning ichki tarif siyosati asosida mustaqil ravishda belgilanadi va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin. Markaziy bank, bozor iqtisodiyoti sharoitida, komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmaydi va Axborotlashtirish bosh markazi ham mijozlar bilan ishlamaydi, shu bois komissiyalarga taʼsir ko‘rsatmaydi.
Mazkur yangi xizmatdan foydalanishda, mijozlarga banklar tomonidan taqdim etilgan tarif va shartlarni oldindan ko‘rib chiqish tavsiya qilinadi. Shu tariqa, fuqarolar turli banklar xizmatlarini solishtirib, eng maqbul va qulay moliyaviy variantni tanlash imkoniga ega bo‘ladilar.
Yangi A2A tizimi — banklar orasida hamkorlikni kuchaytiruvchi va mijozlarga pul o‘tkazishda erkinlik beradigan zamonaviy xizmat hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!