Abduqodir Husanov Yevropada ilk sovrinini "Siti" bilan qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov o‘z faoliyatidagi muhim bosqichni bosib o‘tdi — u Yevropadagi ilk yirik sovrinini qo‘lga kiritdi. «Manchester Siti» tarkibida «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tgan Angliya Liga kubogi finalida ishtirok etgan himoyachi jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
Finalda Husanov to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va markaziy himoyada ishonchli o‘yini bilan e’tiborga tushdi. U raqib hujumchisi Viktor Dyokereshni deyarli butun uchrashuv davomida nazoratda ushlab, uning xavfli vaziyatlar yaratishiga yo‘l qo‘ymadi. Bu esa uning intizomli va hisob-kitobli o‘yin uslubini yana bir bor namoyon qildi.
Nufuzli manba cityxtra.co.uk sayti finaldagi o‘yinchilar harakatini tahlil qilib, Husanovga 5,5 ball berdi. Qayd etilishicha, u so‘nggi haftalardagi barqaror o‘yinlari orqali murabbiylar ishonchini qozongan va jarohat olgan Ruben Diash hamda turnirda qatnashmagan Mark Gexi o‘rnini munosib ravishda to‘ldirgan.
Darvozabon Jeyms Trafford 7,5 ball bilan eng muhim qahramonlardan biriga aylandi — u o‘yin boshidayoq Kay Xavers va Bukayo Sakaning ketma-ket zarbalarini qaytarib, jamoasini murakkab vaziyatdan olib chiqdi.
Himoyada Mateush Nunesh (6,5) va Natan Ake (5,5) ham barqaror o‘yin namoyish etdi. Ayniqsa, Akening o‘z vaqtidagi podkatlari raqibning xavfli hujumlarini bartaraf etdi.
Finalning haqiqiy qahramoni esa Niko O’Rayli bo‘ldi — u 8 ball bilan baholandi. Ikkinchi bo‘limda kiritgan dubli orqali jamoasiga g‘alaba keltirdi va deyarli ikki yillik tanaffusdan so‘ng «Siti»ga navbatdagi sovrinni taqdim etdi.
Maydon markazida Rodri (6,5) va Bernardu Silva (6) o‘yinni nazorat qilib, jamoaning hujumga o‘tishini tashkil qildi. Qanotlarda esa Jeremi Dok-u (6,5) va Rayan Sherki (6) tezkor harakatlari bilan raqib himoyasini doimiy bosim ostida ushlab turdi.
Hujum chizig‘ida Antuan Semeno (7) faolligi bilan ajralib turdi, Erling Xoland (6) esa raqib himoyachilari diqqat markazida bo‘lib, jamoadoshlariga bo‘sh hududlar yaratib berdi. Fil Foden esa o‘yin oxirida maydonga tushgani sababli to‘liq baholanmadi.

Shu tariqa, Abduqodir Husanov o‘zining ilk katta finalida munosib ishtirok etib, «Manchester Siti» bilan tarixiy sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbek futboli uchun ham katta yutuq. Agar u shu tempda davom etsa, bu hali faqat boshlanishi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!