18:30 / 26.10.2024
16

Germaniyalik olimlar antibiotiklar samaradorligi keskin pasayib borayotgani haqida ogohlantirdi

Germaniyalik olimlar antibiotiklar samaradorligi keskin pasayib borayotgani haqida ogohlantirdi
Foto: Pixabay
Germaniyaning Paul Erlix nomidagi yuqumli kasalliklarni davolash jamiyati (Paul-Ehrlich-Gesellschaft für Infektionstherapie) prezidenti Matias Ples antibiotiklarning samaradorligi tobora ko‘proq xavf ostida qolayotgani haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bild xabar bermoqda.

Zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan ayrilib, penitsillin kashf etilishidan avvalgi davrga qaytyapmiz”, — dedi Ples.

Bild nashri penitsillin kashf etilishi bilan insonlarning umr ko‘rish davomiyligi oshganini ta’kidladi. Birinchi kashf etilgan antibiotik tufayli odamlar penitsillin kashf etilishidan oldingi davrga nisbatan 30 yil ko‘proq umr ko‘ra boshlagan.

Nima uchun mikroblarning antibiotiklarga chidamliligi oshyapti?

Leybnis instituti mikrobiologi Ivonn Mast Pletsning fikriga qo‘shiladi. Uning aniqlik kiritishicha, tobora ko‘proq bakteriyalar antibiotiklarga chidamli bo‘lib bormoqda, yangi dorilar esa u qadar ko‘p emas.

Maqolada keltirilgan yangi tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra 2050 yilga kelib, antibiotiklarga chidamli infeksiyalar tufayli 39 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, birgina Yevropa Ittifoqida shu sababdan yiliga 35 mingga yaqin odam vafot etadi.

Yena universiteti shifoxonasining reanimatologi Frank M. Brunkhorst Bild nashri bilan suhbatda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi kamida ikkita sabab bilan rivojlanayotganini ma’lum qildi. Birinchidan, kasalliklarni davolash uchun juda ko‘p antibiotiklar buyuriladi. Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlangach, xorijga sayohatlar keskin oshdi. Ba’zi mamlakatlarda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamlilik darajasi ancha yuqori. Misol tariqasida reanimatolog Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Hindiston va ba’zi Osiyo mamlakatlarini tilga oldi.

Frank M. Brunkhorst odamlarni ogohlantirish zarurligini ta’kidladi: ular ta’tildan qaytgach, antibiotiklarga chidamli mikrobni olib kelishi va keksa qarindoshlariga yuqtirishi mumkin, bu esa ularning hayoti uchun xavf tug‘diradi.

Nafas yo‘llariga oid deyarli barcha kasalliklarni davolashda antibiotiklar buyurish shart emas, chunki ularni ko‘pincha bakteriyalar emas, balki viruslar keltirib chiqaradi va bunday dorilar viruslarga qarshi samarasiz hisoblanadi, deb eslatdi Bild. Nashr, shuningdek, sistitni davolashda aksariyat hollarda antibiotiklar buyurilishini ta’kidladi.

Yangi antibiotiklar “taqchilligi”ning sababi

Ivonn Mast yangi dorilarni yaratish uzoq va qimmat jarayon ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 mingta ta’sir qiluvchi moddadan faqat bittasi bozorga chiqishi mumkin. Yangi preparatni ishlab chiqish 8 yildan 15 yilgacha vaqt oladi, unga sarflanadigan xarajatlar esa 100 million yevrodan 2 milliard yevrogacha bo‘lishi mumkin. Shu sababli sanoatchilar antibiotiklarni tadqiq qilish va yaratish bo‘yicha dasturlarda ishtirok etishdan ko‘pincha bosh tortadi — antibiotiklarga boshqa dorilarga qaraganda investitsiya kamroq, deydi Ivonn Mast Germaniyadagi vaziyatga izoh berib. Uning ta’kidlashicha, ba’zi mamlakatlarda, masalan, Xitoyda dori-darmon ishlab chiqarishga ko‘proq mablag‘ sarflanadi.

Frank M. Brunkhorst hozirgi kunda Yevropada antibiotiklar ishlab chiqarilmasligini, ular Hindiston yoki Xitoydan olib kelinishini ta’kidladi.

Bild qayd etishicha, Germaniya Sog‘liqni saqlash federal vazirligi Matias Pletsning bayonotiga izoh bermagan. Biroq vazirlik dori-darmonlar taqchilligiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun tufayli vaziyat yaxshilanganini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, Bild bilan suhbatlashgan Germaniya xristian-demokratik ittifoqi partiyasi a’zosi Tino Zorge farmatsevtika kompaniyalarining tadqiqot xarajatlarini qoplashni oshirishga chaqirdi. Siyosatchining fikricha, yangi antibiotiklarni yaratish ishlab chiqaruvchilar uchun zarar keltirmasligi kerak.

Lancet jurnalida sentyabr oyida dorilarga chidamli mikroblar sabab kelib chiqadigan o‘limlar prognozi chop etilgandi. Unda Lotin Amerikasi, Karib havzasi mamlakatlari va Janubiy Osiyo kabi hududlarda xavf darajasi eng yuqori, deya bashorat qilingan.

Ilmiy tadqiqot mualliflarining aniqlik kiritishicha, 2021 yilda shu kabi mikroblardan bevosita 1 milliondan oshgan, jami 5 millionga yaqin o‘lim esa u yoki bu tarzda ularga bog‘liq bo‘lgan.

Mutaxassislar 1990 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrni o‘rganib, shu vaqt ichida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida dorilarga chidamli bakteriyalardan o‘lim pasayganini, ammo 70 yoshdan oshgan odamlar orasida ko‘payganini aniqladi.

Bunga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2050 yilga kelib antibiotiklarga chidamli mikroblar sabab o‘lim holatlari soni yiliga 10 million kishigacha yetishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyalik olimlar antibiotiklar samaradorligi keskin pasayib borayotgani haqida ogohlantirdi