date
views 3 824

Iqtisodiy transformatsiya va Gruziya hukumatining islohotlari. O‘zbekiston uchun saboqlar

Iqtisodiy transformatsiya va Gruziya hukumatining islohotlari. O‘zbekiston uchun saboqlar
Qoloq, tashqi olamdan uzilib qolgan va korrupsiya botqog‘iga botgan mamlakatni iqtisodiyoti barqaror o‘sayotgan, investitsiyalar uchun jozibali va ijtimoiy ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangan ochiq yurtga aylantirish mumkinmi? O‘zbekistonga soliq siyosatini isloh qilishda yordam ko‘rsatayotgan Gruziya sobiq bosh vaziri Nika Gilaurining kitobida aytilishicha, mumkin.

Uzanalytics nashri Nika Gilaurining “Amaliy iqtisodiyot – iqtisodiy transformatsiya va Gruziya hukumatining islohotlari” kitobini taqriz qilibdi.

Nika Gilauri 2004 yildan energetika vaziri va prezident Mixail Saakashvili hukumatida 2009 yildan 2012 yilgacha bosh vazir bo‘lib xizmat qilgan. U islohotchilar komandasi bilan “Gruziya mo‘’jizasi”ni yaratishga muvaffaq bo‘ldi hamda o‘n yildan kamroq vaqt mobaynida qoloq, bankrot bo‘lgan, tashqi olamdan uzilib qolgan va korrupsiya botqog‘iga botgan mamlakatni iqtisodiyoti barqaror o‘sayotgan, investitsiyalar uchun jozibali va ijtimoiy ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangan ochiq yurtga aylantirdi.

Gruziya tajribasi chindan ham noyob, xalqaro ekspertlar va institutlar bu haqda ko‘plab maqolalar yozdi. Ushbu kitobning o‘ziga xosligi shundaki, u oddiy tilda, jargon va iqtisodiy nazariyani deyarli qo‘shmagan holda yozilgan, asosan Giluarining real amaliy tajribasiga tayanadi. “Amaliy iqtisodiy nazariya, – deb yozadi Giluari, – muayyan mamlakatda muayyan davrda to‘g‘ri «miks politik»ni topishga imkon beradigan nazariyadir”. Kitobning asosiy savollari: boshqarish nuqtai nazaridan, hukumatning iqtisodiyot ko‘lamiga nisbatan byudjeti nuqtai nazaridan uning eng maqbul o‘lchami qanday? Xususiy sektor bilan hamkorlik qilgan holda hukumat va uning qarorlari samaradorligini qanday ta’minlash mumkin?

2012 yilgi saylovda Saakashvilining “Gruziya orzusi” partiyasi yutqazgandan so‘ng Nika Giluari "Reformatiks" xususiy konsalting kompaniyasini tashkil etib, muvaffaqiyat qozondi. "Reformatiks" dunyoga mashhur “McKinsey and Co” kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. O‘tgan vaqt mobaynida Nika bilan komandasi 200 dan oshiq mamlakat, jumladan, Qozog‘istonga maslahatlar berdi hamda strategiya ishlab chiqish va islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashdi.

Giluari komandasi yordamida Qozog‘iston “Biznes yuritish osonligi indeksi”da 33-o‘ringacha ko‘tarildi. Estoniya yengillashtirilgan soliqqa tortishning yangi prinsiplarini joriy etmoqda, Nigeriya bu safar Gruziya tajribasiga asoslangan holda korrupsiyaga qarshi kurashib, islohotlarda real olg‘a siljishga erishishga harakat qilmoqda. Ushbu mamlakatda oldin ham bunaqa islohot o‘tkazishga urinishlar bo‘lgan edi.

- Giluarining kitobida Gruziyaning barcha yo‘nalishlarda inqilobiy islohotlar o‘tkazishdagi tajribasi sintez qilinadi. Unda Gruziyada 2004 – 2012-yillarda o‘tkazilgan 35 ta islohotga tavsif beriladi va u qadam-baqadam tushuntiriladi;

- XVJ bilan Gruziya hukumatining makroiqtisodiy siyosatga yondashuvlari o‘rtasidagi farq ko‘rsatib beriladi (masalan, gruzin iqtisodchilari buhron vaqtida soliqlarni oshirish salbiy oqibatlarga olib keladi degan fikrda qat’iy turib oladi va haq bo‘lib chiqadi – soliq yukini kamaytirish hisobiga soliq tushumlari YaIMga nisbatan foiz hisobida 2003 yildagi 7 foizdan 2012 yilga kelib 24 foizga ko‘tariladi);

- shuningdek, qisqa vaqt ichida, oliy rahbariyatning siyosiy irodasi bo‘lgan holda, keskin va samarali o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun boshqa mamlakatlarning siyosiy rahbarlari va iqtisodiyot vazirlariga amaliy ko‘rsatmalar taklif qilinadi. Qizig‘i shundaki, kitobda prezident Saakashvili deyarli eslanmaydi – faqat o‘sha g‘oyani u bergani, lekin unga hech kim ishonmagani aytiladi. Bu Batumining sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga chet el investitsiyalarini jalb qilish g‘oyasi edi.

Umuman olganda, Gruziya tajribasini boshqa mamlakatlarda qo‘llash haqida munozara ikkita nuqtai nazarga bo‘linadi. Birinchi nuqtai nazarga ko‘ra Gruziya tajribasi universal bo‘lib, uni barcha mamlakatlarga qo‘llash mumkin, chunki Gruziya 2003 yili boshqa qoloq mamlakatlardan hech qanday ajralib turmas edi deb taxmin qilinadi. Boshqa nuqtai nazarga ko‘ra esa Gruziya kichik mamlakat bo‘lgani uchun ham islohotlarni amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Mamlakatda tashqi tahdidlar sabab jamiyatni jipslashtirishga erishildi, shuningdek, unga ancha-muncha tashqi moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Yosh islohotchilar komandasi esa ham oliy rahbariyatning, ham aholining misli ko‘rilmagan siyosiy ko‘magini oldi.

Muallif kitobning kirish qismida shunday e’tirof etadi: “Dunyo mamlakatlari madaniyati, tarixi, iqtisodiy rivojlanish bosqichlari, geografik-siyosiy vaziyati, ta’lim darajasi va ijtimoiy yetukligi bilan bir-biridan farq qiladi – bu aniq. Lekin shu bilan birga barcha mamlakatlar va ularning hukumatlari uchun birday universal bo‘lgan ko‘plab narsalar bor.

Ushbu mamlakatlarning aksariyati balandroq hayot darajasi, eng yaxshi ta’lim, sog‘liqni saqlashning samaraliroq tizimlari, ko‘proq xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyotga va ishsizlik darajasini kamaytirishga intiladi. Aksariyat hukumatlarning esa, masalan, byudjet resurslarining cheklangani, qarzdorlik darajasining yuqoriligi, ildiz otib ketgan korrupsiya, samarasiz davlat xizmatlari singari umumiy muammolari bor. Shunday ekan, nega ular bir-biridan o‘rganmasligi kerak?”.


Keling, Nika Giluari kitobining muayyan va eng qiziqarli qismlari haqida batafsilroq to‘xtalib o‘taylik.

Oldingi va keyingi Gruziya
Gruziyaning Shevardnadze davridan qolgan merosi o‘ta achinarli edi. 2003 yili byudjet va Milliy bank rezervlari tugab bo‘lgan, elektr quvvati poytaxtda bir kecha-kunduzda bir necha soatgina, viloyatlarda esa bundan ham kam berilar, davlat korxonalarining ham tashqi, ham ichki qarzi haddan ziyod ortib ketgan, jinoyatchilik baland, korrupsiya davlat boshqaruvining barcha darajalarida – hukumatdan tortib, yo‘l politsiyasi va bojxona inspektoriga qadar gullab-yashnayotgan edi.

2012 yilga kelib Gruziya boshqa mamlakatga aylandi. U yerda Jahon bankining “Biznes yuritish” mezonlariga mos keladigan 35 ta islohot – har yili oltitadan – muvaffaqiyatli yakunlandi. Islohotlar Gruziyani Jahon bankining “Biznes yuritish oddiyligi indeksi”da 2006 yilgi 112-o‘rindan 2014 yilgi 8-o‘ringa olib chiqdi hamda to‘qqiz yil mobaynida iqtisodiyot ko‘lamini (nominal ifodada) 4 marta oshirdi. Gruziya tabiiy resurslar yo‘qligi hamda jahon moliyaviy buhroni va Rossiya tajovuzi yukiga qaramasdan, 2008/2009-yillardagi retsessiya – iqtisodiy pasayishdan mintaqadagi mamlakatlarning barchasidan oldinroq qutula oldi.

Korrupsiyaga qarshi kurash islohoti va davlat xizmati
Muallifga ko‘ra, Gruziyada korrupsiyaga qarshi kurash o‘z faoliyatiga jiddiy qaraydigan har qanday mamlakat uchun ma’qul 3 ta prinsipga asoslanar edi: (1) davlat xizmatchilari ishini to‘g‘ri rag‘batlantirish; (2) qoida va nizomlarni soddalashtirish, shuningdek, (3) qoidalarga hech bir istisnosiz rioya qilish.

Ilk qadam yuksak lavozimli amaldorlarning aksariyatini tajribasiz, ishtiyoqmand va korrupsiya tajribasi bo‘lmagan mehnatsevar yoshlar bilan almashtirishdan iborat bo‘ldi. Ushbu keskin qadamga sabab bo‘lgan narsa shuki, siyosatchi va ma’murlarning oldingi avlodi amaliyotning korrupsiyalashgan turlariga ko‘nikibgina qolmasdan, siyosiy qadriyatlar tizimi davlat mulkini o‘g‘irlashning yomon joyi yo‘q degan aqidaga asoslanar edi.

Ikkinchi qadam davlat xizmatchilari oilasini boqqan korrupsiya amaliyotiga ortiq qaytmasligi uchun maoshlarni oshirishdan iborat bo‘ldi. Shu tariqa vazirning ish haqi 2003 yildagi 75 AQSh dollaridan 2004 yilda 1200 dollargacha oshdi va keyingi yillarda yanada ko‘tarilib bordi. Ayrim hollarda o‘rta darajadagi amaldorlar va Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha bosh inspeksiya xodimlarining o‘rtacha ish haqi 20 dollardan 200 dollargacha – o‘n barobar oshirildi. Maoshlar soliq tushumlarining ancha-muncha oshishi hisobiga ko‘paytirildi.

Bunga esa soliq yukining kamaytirilishi va ma’muriyatchilikni soddalashtirish, shuningdek, soliq tizimida korrupsiyaning yo‘q qilinishi hisobiga erishildi. Hukumat amaldorlari yangi rejimda boyib ketmasligi, lekin hech kim oilasini boqish uchun pora olmasligi kerak edi. Natijada korrupsiyalashgan amaldorlar ustunlik hissidan va jamiyatning ma’naviy ko‘magidan mahrum bo‘ldi. Bu qonunlarga itoat qiluvchi jamiyat sari tashlangan qadam sifatida muhim edi.

Uchinchi qadam davlat xizmatini meritokratiya1 ruhi bilan to‘ldirishdan iborat bo‘ldi. Buning uchun hukumat har bir kishining shaxsiy ishini rag‘batlantirib boradigan bonuslar tizimini, shu bilan birga axborot berishning aniq va shaffof strategiyasini ham joriy qildi. Bu aholiga korrupsionerlar tez hamda maqomi va qarindoshlik aloqalaridan qat’i nazar qattiq jazolanishini ko‘rsatib berdi.

Soliq, ma’muriy va biznes boshqaruvini soddalashtirish
Soliq islohoti qisman XVJ va boshqa xalqaro tashkilotlarning taqchillikni qisqartirish uchun makroiqtisodiy va moliyaviy siyosatni qattiqlashtirishni talab qiluvchi tavsiyalariga zid yo‘ldan bordi. Gruziyada, xususan, asosiy e’tibor soliq yukini ancha-muncha kamaytirish va ma’muriyatchilikni soddalashtirishga qaratildi.

Bu tavakkal va dadil qadam edi, chunki hech kim hukumat iqtisodiyotning ko‘lankadan chiqishi va soliqlarning qonuniylashtirilishi hisobiga ko‘proq daromad olishiga kafolat bera olmas edi. Shunga qaramasdan, kommunikatsiya to‘g‘ri tashkil qilingani, soliq to‘lovchilarning yuksak ishonchi, shuningdek, tashqi yordam sharofati bilan muvaffaqiyatga erishildi.

Soliqlar 2 marta: ilk marta 2004 yili, so‘ngra 2008 yili, Rossiya bilan urushdan keyin, Gruziya iqtisodiyoti pasayish holatida bo‘lgan payt kamaytirildi. Natijada Gruziya chet el investitsiyalarini jalb qildi, uning YaIM o‘sishi tezlashdi, shuningdek, aholi uchun yangi va ko‘proq maosh to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Soliqlar soni 21 tadan 6 tagacha qisqartirildi. Barcha individual soliq stavkalari kamaytirildi, qolgan soliqlar stavkalarning yagona tizimi bilan almashtirildi. Ayni chog‘da hokimiyat soliq talablariga rioya qilmaslik keskin jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishini ochiq-oydin aytdi. Xususan, ilgari hukumat a’zolari, ularning oilalari va hukumatga yaqin boshqa shaxslarga berilgan barcha istisno-yu “maxsus qoidalar” bekor qilindi.

Islohotdan oldingi qoidalarga ko‘ra ish odamlari ham, amaldorlar ham korrupsion va noqonuniy amaliyotlarda qatnashishdan manfaatdor edi. Yangi soliq kodeksi amalga kiritilishi bilan ushbu g‘ayriqonuniy tuynuklar yopildi. Hukumat barcha qoidalarni ravshan, o‘ta sodda va aniq qilib yozib qo‘ydi hamda barcha manfaatdor taraflar, jamoat va davlat xizmatchilari, jismoniy shaxslar amal qilayotgan qonunlar va qoidalarni bir xil xususiy talqinlarsiz tushunayotganiga ishonch hosil qildi.

Hukumat yana biznesga yordam berish va Gruziyaning taraqqiyotiga ko‘maklashish uchun litsenziya va ruxsatnomalar sonini 90 foiz qisqartirdi. 300 dan oshiq litsenziyalar 41 tagacha, ruxsatnomalar soni esa 600 tadan 53 tagacha kamaytirildi. Faqat davlat va vatandoshlar xavfsizligi uchun o‘ta muhim bo‘lganlarigina o‘z kuchida qoldirildi.

Boshqaruvni kamaytirish islohotidan Gruziya bir nechta saboq chiqardi. Birinchisi – rivojlanayotgan mamlakatda ilg‘or qoidalarni bir zarb bilan tiqishtirib bo‘lmaydi. Boshqa saboqlar quyidagi oddiy prinsiplardan kelib chiqadi:

Mamlakat qashshoq hamda hukumat cheksiz qoida va me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilish va ta’minlash uchun minglab inspektorlar xizmatidan foydalana olmaydi.

O‘tmishda hukumat va uning idoralari eng korrupsiyalashgan muassasalar edi, hech bo‘lmaganda ayrim amaldorlar yana korrupsiya amaliyotiga qaytishni istab qolishi mumkin.

Amalda ko‘plab qoida va nizomlarga amal qilinmaydi. Ular aholi farovonligiga xizmat qilmaydi. Barchasi u yoki bu darajada korrupsiyaga sabab bo‘ladi.

Shunday qilib, korrupsiyaga sabab bo‘ladigan hafsala pir bo‘lishi, tushunmovchilik va chalkashlik potensialini minimal darajaga tushirish uchun standart bo‘lmagan qoidalarga barham berish va qolganlarini soddalashtirish kerak.

Mamlakat rivojlanib, iqtisodiyot o‘sib borgani sari faqat biz shaffof tarzda rioya qilishimiz mumkin bo‘lgan yangi qoida va nizomlar joriy qilinadi.

Ayni mantiqqa asosan Gruziyadagi boshqaruvning me’yoriy asosi qorrupsiyaga qarshi kurash, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash va soliqlar yig‘imi singari ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun qisqartirildi.

Huquqni qo‘llash va qonunga bo‘ysunish
Yangi qonun va nizomlarni qabul qilishdan osoni yo‘q, biroq ularga amal qilish oson ish emas. Masalan, “tasodifiy nazorat tekshiruvi” konsepsiyasi va ilk marta Nyu-York shahri meri Rudolf Juliani taklif etgan “nul toqat” siyosatidan ilhomlanib, yo‘l politsiyasi (Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha bosh inspeksiya) tarkibida maxsus nazorat bo‘limi tashkil etildi.

Yashirin kameralar bilan jihozlangan agentlar yo‘l politsiyasi xodimi nazorati ostida qonunni atay buza boshladi. Ularga tekshiruv vaqtida pora taklif qilishga ko‘rsatma berilgan edi. Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi jinoyatchini to‘xtatib qola olmasa ishdan bo‘shatilar, mabodo zobit agentni to‘xtatsa-yu, porani olsa qamoqqa jo‘natilar, porani olmagan taqdirda unga xizmat vazifasidan ko‘tarilish yoki bonus olish uchun tavsiya berilar edi.

Gruziyada bojxona xodimlari o‘rtasida xizmat vazifasiga muvofiqlikni oshirish uchun shunga o‘xshash yondashuv qo‘llandi. Maxsus ko‘rsatmalar bilan himoyalangan muvofiqlik inspektorlari tovarlarni qo‘shni mamlakatlardan import qilish uchun soxta kompaniyalar tashkil qilar edi. Bojxonada hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida muvofiqlik bo‘yicha inspektor mas’ul bojxona xodimiga pora taklif qilar edi. Pora olganlar qamalar, olmaganlar lavozimini saqlab qolar, taxmin qilingan qallobni hibsga olish uchun yordam so‘raganlarning esa lavozimi ko‘tarilar edi. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshilik qilgan va unga qarshi faol kurashgan xodimlar uchun bonuslar tizimi yaratildi.

Energetika sohasidagi korrupsiya
2003 yili Gruziyaning energetika sektori butunlay korrupsiyalashgan, biroq jinoyatchilarning tanobini tortib qo‘yishning imkoni deyarli yo‘q edi. Elektr quvvati taqsimoti bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar rahbarlari uning noqonuniy liniyalar orqali yoki mablag‘larning o‘g‘irlanish holatlarini “tijorat yo‘qotishi” sifatida hisobdan chiqarib yuborar edi. Eng yomoni energetika sektori rahbarlari “qorabozor”dan olgan daromadini jim turishi uchun hukumat amaldorlari bilan baham ko‘rib kelgan.

Bunga barham berish va yetkazib berilgan elektr quvvati uchun haq to‘langaniga ishonch hosil qilish uchun hukumat to‘lov yig‘imlari darajasini sektor samaradorligining yagona ko‘rsatkichi deb e’lon qildi. Bundan tashqari, ular mamlakatdagi eng yirik UDC distribyutorlik kompaniyasini bir qancha mintaqaviy klasterlarga bo‘lib yubordi. Tarmoq ushbu klasterlar o‘rtasida ularning har biri oladigan elektr quvvati miqdori bo‘yicha aldash murakkab bo‘lgan tarzda taqsimlandi.

Ta’lim
Ta’lim sohasidagi islohotning asosiy g‘oyasi ajratilayotgan pul maktabga emas, o‘quvchilarga beriladigan bo‘ldi. Dastlabki bosqichda alohida shaxslarga ta’lim vaucherlari tarqatildi, bu maktablarga beriladigan bevosita subsidiyalarning o‘rnini bosdi. O‘quvchilar bilan ota-onalari hamma borib o‘qiydigan, shuningdek, xususiy va geografik cheklovlarsiz maktabni erkin tanlaydigan bo‘ldi. Maktablar o‘quvchilardan olgan vaucherlarni naqd pulga aylantirishi mumkin edi.

Bu maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirdi va xususiy maktablar soni keskin ortib ketishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi qadam sifatida Gruziyada ishtiyoqni rag‘batlantirishni muassasalarga emas, alohida shaxslarga nisbatan qo‘llash amaliyoti kengaytirildi. Ammo o‘qituvchilar va direktorlar ishi hamda maktab turlarini baholashning kompleks tizimini joriy qilish o‘rniga har bir maktab o‘quvchisining universitetlarga kirish imtihonlarida qanday baho olganiga qarab yoki keyingi yillarda maktablarning bitirish imtihonlari asosida baholanadigan bo‘ldi.

Ular ushbu ko‘rsatkichni oddiyligi hamda bu hol o‘quvchilar va ota-onalarning asosiy qiziqishini aks ettirgani uchun tanladi. Natijalar keng ovoza qilindi, shu tariqa maktablar o‘rtasida vaucherli o‘quvchilarni qo‘lga kiritish uchun raqobat kuchaytirildi.

Bu 2009 yili yana bir marta ishlab ketgani sababi
Gruziyadagi islohotlar bilan bog‘liq yana bir qiziq holat 2008 – 2009-yillardagi buhron va Janubiy Osetiyadagi Rossiya bilan urushdan so‘ng iqtisodiyotning tiklanishi bo‘ldi. O‘sish pasayishiga qaramasdan, hukumat atay byudjet taqchilligini oshirish, pulning mo‘’tadil qadrsizlanishiga yo‘l berish, yevroobligatsiyalar chiqarish, infratuzilmaga investitsiyalar kiritish, arzon pul siyosati va past soliq yukini saqlab qolish yo‘lidan bordi.

Iqtisodiyotni tezda tiklash rejasi ulkan muvaffaqiyat keltirdi. Gruziya retsessiyadan tezda chiqib oldi. Ushbu muvaffaqiyat ruhiyatga, shuning barobarida iqtisodiyotga bog‘liq edi. Hamma retsessiyadan cho‘chiydi. Iste’molchilar ishsizlik va soliqlar oshishidan xavfsiraydi. Oqibatda ular pul sarfini kamaytirib, tejay boshlaydi, shu bilan iqtisodiyot ko‘lami kamayadi. Xususiy sektorning beqarorlikdan xavfsiragan vakillari yirik investitsiyalarni ushlab turadi, yangi xodimlarni yollamaydi.

Shu tariqa YaIM o‘sishi sustlashadi, bu esa ishsizlik ortib ketishiga sabab bo‘ladi. Chet ellik investorlar sarmoyasiga alag‘da bo‘ladi va uni boshqa mamlakatlarga tikadi. Boshqacha aytganda, retsessiya sharoitidagi qo‘rquv milliy iqtisodiyotning eng katta dushmanidir.

Gilauri shunday deb yozadi: "Men iqtisodchilar iqtisodiy rivojlanishni tushuntirish uchun o‘ylab topgan barcha iqtisodiy nazariyalar va murakkab konsepsiyalarni hurmat qilishim barorbarida odamlar va bozorlarning xulq-atvori ularning sodir bo‘layotgan voqealarni qanday idrok qilishi bilan izohlanishiga ishonaman. Iqtisodiyot uning ishtirokchilari idrokiga bog‘liq, uning eng muhim ishtirokchisi xususiy sektordir.

Hukumatlar uzoq istiqbolda yana ish o‘rinlari yaratadi va na iqtisodiy rivojlanishni mustaqil rag‘batlantira oladi deya olmayman. Ammo hukumatlar tadbirkorlarning investitsiya kiritish va ish o‘rinlari yaratishga bo‘lgan ishonchi uchun muhit yarata oladi. Shuning uchun hukumatning retsessiya vaqtida barqarorlikni ta’minlashi yoki hech bo‘lmaganda barqarorlikni idrok qilishga ko‘maklashishi qiladigan eng yaxshi ishidir”.


Ayni choqda muallif yana mana bularni yozadi: “Hukumat retsessiya davrida qiladigan eng yomon ishi mujmallikni yuza keltirishi va ko‘paytirishidir. Ayrim Yevropa mamlakatlari moliyaviy buhron vaqtida qattiq tejash choralarini e’lon qilganda, o‘sha qattiqqo‘llik choralari qabul qilinishidan oldin pasayuvchi spiral bo‘ylab harakatlanish boshlangan edi. Soliq o‘sishi, beqarorlik va ishsizlikdan qo‘rqish o‘z-o‘zidan amalga oshuvchi bashoratga aylanib qoldi. Bunga Gretsiya, Portugaliya, Ispaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlarni misol qilib keltirish mumkin”.

Xalqaro moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan munosabatlar haqida
Xalqaro moliya institutlarining (XMI) yetarli resurslari bor. Agar o‘sha resurslardan oqilona foydalanilsa, ular rivojlanayotgan dunyo uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Biroq resurslarni qabul qiluvchi mamlakat hukumati ulardan foydalanishni tegishli tartibda muvofiqlashtirmasa, XMI loyihalari o‘z yo‘lidan ketadi. Byurokratiya yuki amaliy foydadan ustun kelishi mumkin. 2000-yillarning boshida Gruziyada aynan shu narsa yuz bergan edi. Ammo hukumat kun tartibi nazoratini o‘z qo‘liga olib, sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirishni to‘g‘ri o‘zanga yo‘naltirgach, tashqi yordam samaradorligi oshdi.

Giluari oldingi hukumat vaqtida donorlar tiqishtirgan loyihalarga oid qiziq misollarni keltiradi. Masalan, mamlakat hali tayyor bo‘lmagan yangi G‘arb sifat standartlarini joriy qilish yoki 40 million dollarlik xususuy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihasini olaylik. Ushbu loyiha 4 yilda hech qachon bajarilmagan son-sanoqsiz qonun va nizomlarni qabul qilishni moliyalashtirdi, lekin unda juda ko‘p amaldorlar va byurokratlarga maosh berish va o‘qitadigan “sayyohlik” safarlarini uyushtirish ko‘zda tutilgan edi.

Giluarining yozishicha, XMI investorlar sifatida xususiy sektor va mahalliy moliya institutlari bilan hamkorlik qilish o‘rniga ular bilan raqobatlashadi. Boz ustiga, ularning e’tiborini investitsiya kiritayotgan mamlakat rivojlanishi uchun o‘ta zarur bo‘lgan sohalarga qaratish o‘rniga hamma joyda hoziru nozir bo‘ladi. XMI Gruziyada xususiy sektor bilan raqobatlashib, uni siqib chiqara boshladi, shu tariqa bozordagi raqobatga oid qonunlarni buzdi, arzon resurslarga ega bo‘lgani uchun, masalan, moliya sektorida erkin iqtisodiyot rivojlanishiga to‘sqinlik qildi.

Endi Gruziya XMIning resurslarni qattiq tejash haqidagi tavsiyasiga bo‘ysunmay, retsessiyadan chiqib olganiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak:
- takroriy soddalashtirish hamda soliq va bojxona tartiblarini qisqartirish;
- buhronga qaramasdan, byudjetning nazorat qilinuvchi va muvaqqat taqchilligiga yo‘l berish hamda “Bitta byudjet” prinsipini qabul qilish;
- ijtimoiy xarajatlar mablag‘larini infratuzilmaga investitsiya sifatida qayta taqsimlash;
- e’tiborni faqat makroiqtisodiy barqarorlik o‘lchamidagi byudjet taqchilligiga emas, investitsiyalar bilan byudjet nisbati ko‘rsatkichiga qaratish;
- davlat korxonalarini xususiylashtirish;
- qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish uchun davlatning qolgan aktivlariga yevroobligatsiyalar chiqarish;
- xususiy sektor boshqaruvini kamaytirish va struktura islohotlari o‘tkazish;
- kreditlash imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha bank sektori uchun maxsus qoidalar ishlab chiqish.

Xususiylashtirish
Gruziyada, hatto boshqa mamlakatlarda ham chiqarilgan saboq shuki, xususiylashtirish dudama qilichga o‘xshaydi. Agar mohirona foydalana olsangiz, u mahobatli qurolga aylanib, davlatni kuchli qiladi va aholiga foyda keltiradi. Lekin ushbu jarayon professionallarga xos bo‘lmagan korrupsiya aralashgan tarzda o‘tkazilsa, davlatga ham, uning fuqarolariga ham zarar keltiradi. Nima bo‘lganda ham, davlat korxonalarini xususiylashtirishdan oldin ularning tuzilmasi o‘zgartirilishi hamda zarur boshqaruv va institutlar tashkil etilishi lozim.

Shunda davlat korxonalarining bo‘lg‘usi egalari o‘z holatidan jamiyat hisobidan monopolist sifatida foydalanmasligi kafolatlanadi. Ko‘pincha muayyan raqobat va shaffoflikni ta’minlash uchun har qanday xususiylashtirishga urinishning short-listi – kalta ro‘yxatiga kamida ikkita investor kiritilishi shart.

Davlat korxonasini xususiylashtirish uchun boshqa mamlakatlarning davlat korxonalari investorlar sifatida jalb qilinishi mumkin emas. Bir davlat korxonasini boshqa davlat korxonasi sotib olgan holat xususiylashtirish deb tasniflanmaydi va bu davlat nuqtai nazaridan to‘liq foyda keltirmaydi. Hatto bo‘lg‘usi zararlarni boshqa hukumat qoplab bergan taqdirda ham yangi kompaniya oldingisidan samaraliroq bo‘lishi dargumon.

Nihoyat, hukumatlar xususiylashtirish jarayonining huquqiy, moliyaviy va tranzaksion jihatlarida yordam berishi uchun obro‘li konsalting kompaniyalarini yollayotib yoki hatto (vaqtinchalik boshqaruvchi sifatidagi) shartnoma tuzuvchi tashkilotlarga xususiylashtirishdan oldingi o‘tish davrida davlat korxonalarini boshqarishga ruxsat berayotib ham ikkilanmasligi kerak.

Ijtimoiy himoya tizimi islohoti
Gruziyada 2006 yildan 2010 yilga qadar o‘tkazilgan ijtimoiy himoya tizimi islohoti muvaffaqiyatli kechdi va ko‘plab mamlakatlar shunday tizimni joriy qilishdan yutdi. Islohotning markaziy g‘oyasi turli, xususan, ko‘pgina foyda oluvchilarning tasodifiy guruhlariga berilayotgan ancha-muncha subsidiya va naqd pulsiz imtiyozlarni bekor qilishday oddiy va kuchli edi. Buning o‘rniga eng kam daromadli va ehtiyojmand kishilarni aniqlash, ularni qo‘lidagi moliyaviy mablag‘iga asosan tasniflash hamda hukumatning imkoni boricha pul yordami ko‘rsatish yo‘liga o‘tildi.

Pulni qanday sarflashni ehtyojmandlarning o‘ziga qo‘yib bering. Naqd pulsiz dotatsiyalar yoki soliq imtiyozlaridan uzoqroq yuring, chunki ular ko‘pincha boyni yanada boy qiladi, ammo kambag‘allarga nafi tegmaydi. Yana korrupsiyaga yo‘l bermaslik uchun nafaqa va pensiyalarni tayinlash va to‘lash mexanizmini o‘ta sodda va shaffof qiling.

Islohotchilar komandasi bo‘lishining muhimligi yoki eng yaxshi mutaxassislarni davlat xizmatiga jalb qilish
Muallif islohot o‘tkazishga muhtoj boshqa mamlakatlar ham shunday muvaffaqiyatga erishishi mumkinmi deb savol beradi. Uning fikricha, erishsa bo‘ladi:

“Ko‘pgina siyosatchilar mamlakatlarida haqiqiy iste’dod egalari yo‘qligidan, hatto bo‘lsa ham ish haqi kamligi sababli eng yaxshi mutaxassislarni hukumat yoki davlat muassasalarida ishlash uchun jalb qilish muammo ekanidan shikoyat qiladi. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, haqiqiy muammo siyosatchilarning tor doiradan chiqmasligida hamda davlat boshqaruvi tizimiga yangi kishilar va «toza qon»ni jalb qilishga jur’at qila olmasligida.

Albatta, har qanday partiya yoki hokimiyatga yaqin kishilarning tor doirasida yaxshi menejerlar va jasur novatorlar soni kam bo‘ladi. Gruziyani o‘zgartirib yuborgan jasur qadam komandaga potensial yangi a’zolarni har doim va hamma joydan izlashdan iborat bo‘lgan edi. Bu – jasorat, raketasozlik va oliy matematika emas: eng kelajagi bor kishilarni, kim bo‘lishidan qat’i nazar toping va ularga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat bering. Sinov va xatolarga asoslangan shunday yondashuvingiz bo‘lsa, yuksak samara beradigan komandani tuzish imkoniyatingiz juda yuqori bo‘ladi.

Shunda bunaqa odamlarni faqat qarindoshlaringiz yoki do‘stlaringiz orasidan izlaganday izlab yurmaysiz. Albatta, sirtdan qaraganda, hamma ham ishonchni oqlay olmaydi, lekin vaqt o‘tishi bilan davlat xizmatchilarining yangi saralangan qatlami paydo bo‘ladi. Gruziyada ko‘plab agentliklar va idoralarning rahbarlari, hatto ko‘plab vazirlar va ularning o‘rinbosarlari biror partiyaga, muayyan guruhga yoki odamlar kastasiga mansubligi uchun emas, yangi g‘oyalarga ega bo‘lgani, muayyan mavzular ularni qattiq bezovta qilgani hamda o‘ylashga qodir bo‘lgani va kerak narsani rahbariyatga ayta olgani uchun tanlab olingan edi”.


Gruziyadagi islohotchi hukumatning yana bir muhim jihati uning o‘z komandasiga aqlli kishilarni jalb qilishga tayyorligi edi. Aksariyat hollarda tashkilot, idora, vazirlik yoki hukumatlar rahbarlari qo‘l ostidagi xodimlaridan aqlli deb hisoblagan odamlarga ish berishga qo‘rqadi, ular bunaqa yangi xodimlar pirovardida o‘z vakolatlariga qarshi chiqishidan, rahbariyatni noqulay ahvolga solib yoki ortiqcha qilib qo‘yishidan cho‘chiydi. 2004 – 2012-yillarda hokimiyatni boshqargan Gruziya hukumatining bunaqa qo‘rquvi yo‘q edi.

Aksincha, vazirlar eng aqlli kishilarni jalb qilish bo‘yicha bir-biri raqobatlashar va o‘z komandalari bilan faxrlanar edi. Kabinet a’zolari qo‘l ostidagi xodimlarining yutuqlarini xuddi o‘zinikiday ko‘rar va maqtar edi, bu kichik xodimlarni rag‘batlantirishning muhim manbasi bo‘ldi. Eng yaxshi xodimlar baholash tizimi natijalariga ko‘ra maoshiga qo‘shimcha bonuslar olar va xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib borar edi.

Xatolar
Garchi Gruziyada islohotlar muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa-da, xatolarga ham yo‘l qo‘yildi, muallif buni ochiq yozadi. Giluarining fikricha, Saakashvili komandasining eng katta xatosi davlat iqtisodiyotning turli sohalariga keragidan ortiq aralashgani bo‘ldi va komanda jarayonlarini qo‘l bilan boshqarishga harakat qilar edi. “Iqtisodiyot sohasi raqobatga asoslanmasa, rivojlanmaydi. Hukumat formulani ishlab chiqishi va uni sohaga tashqaridan aralashuvsiz rioya qilish uchun berishi kerak”.

Hukumat yo‘l qo‘ygan eng katta xato sud tizimi va adliya islohoti vaqtida boshlanmagani bo‘ldi. Ayrim o‘zgartirishlar kiritilganiga qaramasdan, islohotlar sur’ati sust va natijalar bilinar-bilinmas edi. Ayrim hollarda, ayniqsa, mahalliy tadbirkorlar bilan ishlayotganda, prokuratura vakolatlarini suiiste’mol qilardi. Bu kompaniyalar soliq to‘lashni o‘rganayotgan davr edi. Aksariyat hollarda prokuratura qabul qilayotgan qarorlar tushunarli edi – soliq to‘lashdan keng miqyosli bo‘yin tovlash hollari bor edi, lekin bunday yondashuv o‘ta shafqatsiz va adolatsiz bo‘lgan hollar ham uchrab turdi. Oqibatda odamlarning prokuraturaning nomaqbul xatti-harakatlaridan hafsalasi pir bo‘ldi.

Shafqatsiz yondashuv himoyachilariga ko‘ra, jinoyatchi oilalar ustunligiga barham berishning yagona yo‘li jinoyatchilik darajasini kamaytirish va korrupsiyani ildizi bilan qo‘porib tashlashdir. Ularning gapi to‘g‘ri, ko‘plab vatandoshlar zarurat bo‘lganda keskin choralar ko‘rish yondashuvini to‘g‘ri qabul qildi, chunki og‘ir kasalliklar jiddiy davolashni talab qiladi. Hokimiyatning markazlashuvi va hech kimga shafqat qilinmasligi “atirgul inqilobi”ning dastlabki besh yilida to‘g‘ri qo‘llangan vositalar bo‘lgan edi.

Ushbu natijalarga erishilgach, adliya tizimi sinchkovlik bilan isloh qilinishi kerak edi, biroq islohot o‘tkazilmay qolib ketdi. Oqibatda vatandoshlar hukumat o‘ziga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘layotganini sezib qoldi. Ushbu ixlos qaytishi 2012 yilgi saylovda hukmron partiyaning yutqazishiga sabab bo‘lgan voqealarga turtki bo‘ldi.

Tahlilchi Svante Kornell o‘sha hukumat haqida mana bunday deb yozgan edi: “Gruziya hukumati layoqatli davlat qurish uchun hokimiyatni markazlashtirish hamda jamiyat va amalda hayot nishonasi bo‘lmagan davlat institutlari ustidan nazoratni kuchaytirishi kerakligini bilib qoldi. Ishlab turgan davlat liberal va konstitutsion demokratiyaning dastlabki sharti hisoblanadi, aslo buning teskarisi emas. Gruziyaday tashqi bosim ostida qolayotgan mamlakat uchun liberal demokratiya suveren, qobil va ishlab turgan davlat chorcho‘plarisiz rivojlanadi deb o‘ylash xomxayol bo‘lur edi.

Shu tariqa davlat qurilishiga berilgan ustuvor ahamiyat tushunarli edi. Gruziyadagi muammo shundan iborat ediki, inqilobchilar – ehtimol dastlabki yillarda – ayrim sohalardagi amaliyotni to‘xtata olmadi, tegishli konstitutsion jarayonlarga oxirigacha amal qilish va qonun ustunligiga to‘liq rioya etish yo‘lida haddan ziyod bosim va qonunbuzarlikni kamaytirib bo‘lmadi”.


Xulosa – plutokratiyadan2 meritokratiyaga o‘tish eng asosiy yutuq sifatida
Muallif 2004 – 2012-yillarga nazar tashlab hamda o‘sha vaqtda erishilgan muvaffaqiyatlar va muvaffaqiyatsizliklarni baholar ekan, Gruziyaning eng yangi tarixidagi voqealarning aql bovar qilmas tus olishining asosiy omillaridan hamda muvaffaqiyat formulasining asosiy tarkibiy qismlaridan biri misli ko‘rilmagan tarzda plutokratiyadan meritokratiyaga o‘tish bo‘lganini e’tirof etadi. Ehtimol, bu barcha chegaralarni qamrab oluvchi institutlar tashkil etish uchun yetarli bo‘lmagandir, biroq ayrim asosiy xususiyatlar poydevori tiklandi va ular aniq belgilab olindi.

Ehtimol, bu davr huquq ustunligi yoki xususiy mulkning amaliy prinsiplarini to‘liq joriy etish uchun yetarli bo‘lmagandir, ammo meritokratiya va ijtimoiy xizmatlarning rivojlanishi chindan ham katta yutuq bo‘ldi, ular ushbu kitobda tavsiflangan iqtisodiy muvaffaqiyat va tafakkur o‘zgarishi uchun poydevor yaratib berdi.

[1] Meritokratiya – rahbarlik lavozimlarini ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy daromadidan qat’i nazar eng qobiliyatli odamlar egallashiga oid boshqaruv prinsipi.

[2] Plutokratiya – boylarning siyosiy hukmronligi bo‘lib, davlat hokimiyati ularning manfaatiga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Iqtisodiy transformatsiya va Gruziya hukumatining islohotlari. O‘zbekiston uchun saboqlar