date
views 2 830

Fuqarolik urushini to‘xtatgan futbolchi haqida bilasizmi?

Fuqarolik urushini to‘xtatgan futbolchi haqida bilasizmi?
Dide Drogba Kot-d'Ivuarda tug‘ilgan. Ammo besh yasharligida Fransiyaga, tog‘asinikiga kelgan. Tog‘asi Mishel Globa professional futbolchi edi. Oradan uch yil o‘tgach, tug‘ilgan yurtini, ota-onasini sog‘ingan Dide vataniga qaytdi. Biroq mamlakatdagi, shuningdek, oiladagi turmush qiyinchiliklari tufayli uning oilasi butkul Fransiyaga ko‘chib keldi. Parij yaqinidagi Entoni shaharchasida yashay boshlagan Dide futbol bilan shug‘ullanishga kirishdi.

Mahalliy yoshlar jamoasida u dastlab o‘ng qanot himoya chizig‘ida to‘p surdi. Keyin tog‘asining maslahati bilan markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynay boshladi. Bu orada maktabda o‘qidi. Yarim professional jamoa sanalgan «Levalua»da o‘ynadi.

Lekin bu jamoa bosh murabbiyi uning xizmatiga ehtiyoj sezmadi. Maktabni tugatgach, qahramonimiz Le-Man shahriga ko‘chib o‘tdi. Mahalliy kollejda o‘qiy boshladi. Shu bilan birga «Le-Man» klubining yoshlar jamoasida to‘p surdi. Dastlabki ikki yil Drogba uchun juda og‘ir kechdi. Jarohatlar girdobida qoldi. Mashg‘ulotlardagi qiyinchiliklar uni ruhan yengayozdi.

Jamoaning o‘sha paytdagi murabbiyi Mark Vesterlopp keyinchalik Drogbaning kundalik mashg‘ulotlarga hamda haftada bir marta o‘yin o‘tkazishga moslashib ketishi uchun to‘rt yil vaqt kerak bo‘lganini aytgandi. Bunga turmush qiyinchiliklari ham sabab bo‘lgandi, albatta. Gap shundaki, Dide futbol bilan amalda voyaga yetib qolgandan keyingina jiddiy shug‘ullanishga kirishgandi.

Drogba 21 yoshga kirganida agar hozir katta futbolning etagidan mahkam tutmasa, unda professional futbolchi bo‘lish uchun imkoniyat deyarli qolmasligini anglab yetdi. O‘z ustida qattiq ishladi. Shundan so‘ng tez orada «Le-Man»ning asosiy tarkibida dastlabki o‘yinini o‘tkazdi. 1999 yilda o‘zining ilk professional shartnomasi ostida imzo qo‘ydi. Bunga uning shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar ham turtki berdi. O‘g‘illi bo‘ldi. Keyinchalik Dide «O‘g‘lim Ayzekning tug‘ilishi hayotimda burilish yasadi. U yuragimga yorug‘lik olib kirdi», deya o‘sha damlarni eslagandi.

”Le – Man”da u yaxshigina to‘purar ekanini isbotlay oldi. 2002 yilga kelib esa «Gengam» klubi sharafini himoya qilishga kirishdi. Shu jamoa safidagi ikkinchi mavsumida u 34 ta uchrashuvda 17 ta gol kiritdi. Aynan shu gollar evaziga jamoa o‘z tarixida ilk bor fransuz chempionatida 7-o‘rinni egalladi. Drogba esa to‘purarlar bahsida 3 – o‘ninni band etdi. Natijada unga bo‘lgan qiziqish kuchaydi. ”Marsel” klubi 6 million yevro to‘lab Dideni sotib oldi.

Inson taqdirini o‘z qo‘li bilan yaratadi, deyishgani bejiz emas. ”Marsel”ning Yevropa maydonlaridagi muvaffaqiyatli o‘yinlari, Drogba tomonidan kiritilgan chiroyli gollar unga bo‘lgan qiziqishni tag‘inda oshirdi. Jumladan, Yevropa Chempionlar ligasida «Portu»ga qarshi kechgan uchrashuvda portugallarning o‘sha paytdagi ustozi Joze Mourinoga Drogbaning maydondagi harakatlari shu qadar ma’qul tushdiki, u «Agar imkoniyat tug‘ilsa, bu futbolchini albatta jamoam safiga qo‘shib olaman», deya ro‘y-rost aytdi.

Yaxshi niyatga farishtalar ham omin, der ekan. Buni qarangki, Mourino «Chelsi»ga bosh murabbiy etib tayinlangach, klub xo‘jayini Roman Abramovich u istagan futbolchilarni xarid qila boshladi. Bu futbolchilar safida Drogba ham bor edi, albatta. Qahramonimiz o‘ziga nomdor klublar qiziqish bildirayotganiga qaramay kamtarligicha qoldi. ”Garchi, men mahorat borasida katta siljishlarga erishgan bo‘lsam ham Anri, Ronaldo yoki Trezega yetishimga hali ancha bor”, degandi u.

2004 yilning yozida «Chelsi» bu hujumchining transferi uchun 38 million yevro to‘ladi va qahramonimiz «Marsel»ni tark etib, Angliyaga ko‘chib keldi. ”Meni «Chelsi»ga o‘tgin deb hech kim majbur qilgan emas. Agar qalbim buyurganiga amal qilganimda «Marsel»da qolgan bo‘lur edim, —degandi Drogba. — Lekin men aql bilan ish tutishga odatlanganman. Shunaqangi takliflar bo‘ladiki, ularni ham sport, ham moliyaviy nuqtai nazardan rad etishning iloji yo‘q. Gap pulda emas. Meni yaxshi taniydiganlar buni bilishadi. Joze Mourino o‘yinimni ko‘rib, jamoasi safiga qo‘shilishimni istadi. Kejman, Robben, Mutu, Makelele singari futbolchilar bilan yonma-yon o‘ynash esa meni yangi bosqichga ko‘taradi”.

Qahramonimiz haq edi, albatta. Voqealar rivoji ham shuni ko‘rsatdi. Drogbaning «Chelsi»da kechgan faoliyati zafarli onlarga boy bo‘ldi. U o‘zining ajoyib o‘yini, betakror gollari bilan muxlislar qalbiga quvon olib kirdi. Bu o‘rinda uning Chempionlar ligasi finalida «Bavariya»darvozasiga yo‘llagan golini eslashning o‘zi kifoya. 2012 yilning 19 mayida bo‘lib o‘tgan bu uchrashuvning 88 – daqiqasida Drogba hisobni tenglashtirdi. Bu esa g‘olibni qo‘shimcha vaqtda aniqlash imkonini yaratdi. Penaltilar seriyasida esa qahramonimiz hal qiluvchi golni kiritdi. Drogba shu o‘yinning eng kuchli futbolchisi deb topildi.

Umuman, u «Chelsi» uchun muhim sanalgan ko‘plab gollarni kiritdi. Shu o‘rinda uning bir golini eslash joiz. 2012 yilning 10 martida qahramonimiz «Stok Siti» jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Bu uning Angliya premer – ligasidagi 100-goli sanaladi. Ushbu dalilni alohida tilga olishimiz boisi shundaki, o‘sha kunga qadar afrikalik biror bir futbolchi premer-ligada bunaqangi natijaga erishmagandi.

Endi Drogbaning o‘z vatani oldidagi unutilmas bir xizmati haqida ham to‘xtalamiz. Maqolamiz avvalida aytganimizdek, u Kot-d'Ivuarda tug‘ilgan. Afrikaning ko‘plab davlatlarida kuzatilgani kabi bu mamlakatda ham iqtisodiy muammolar ko‘p. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Kot –d'​Ivuarda fuqarolik urushi kelib chiqqandi. Bilasiz, bir kun janjal kelib chiqqan joydan baraka qochadi.

Shusiz ham muammolar girdobida qolgan vatani taqdiri Drogbani befarq qoldirmadi. U tiz cho‘kkan holda birodarkushlikni to‘xtatishni so‘rab isyonchilarga videomurojaat yo‘lladi. Drogbaning hurmati haqi otishmalar to‘xtadi. Keyinchalik, aniqrog‘i, 2007 yilda bevosita Drogbaning ishtirokida tomonlar yarashuv bitimi tuzdilar.

Drogbaning keyingi faoliyati Xitoy, Turkiya va AQSH futbol maydonlarida kechdi. Bu orada bir muddat «Chelsi»ga qaytib, mazmunli o‘yin namoyish etdi.

Qahramonimiz yana bir qator xayrli ishlari bilan ham tanildi. 2007 yilda BMTning Rivojlanish dasturi bo‘yicha elchi etib tayinlandi. U ta’sis qilgan «Dide Drogba» fondi Kot-d'​Ivuar va Afrikadagi boshqa bir qator davlatlarda aholi salomatligini muhofaza etish,ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash borasida ezgu ishlarni amalga oshiryapti.

Drogba Lalla ismli qizga uylangan. Farzandlari bor. 2011 yilda Monakoda bo‘lib o‘tgan to‘y marosimini «Chelsi» sohibi, millioner Roman Abramovich tashkillashtirgan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Manba: Xs.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fuqarolik urushini to‘xtatgan futbolchi haqida bilasizmi?