07:35 / 05.11.2022
1 968

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi – oldinga yuryapmizmi yoki orqaga?

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi – oldinga yuryapmizmi yoki orqaga?
Foto: KUN.UZ
Omadsizlikka uchragan sovet tajribasi

Davlat nazorati ostida yuritiladigan iqtisodiyot o‘zini oqlamadi – “inson ustida nazoratchi turmasa, ishlamaydi” degan, xususiy mulkni bekor qilishga uringan kommunistik tajriba favqulodda omadsizlikka uchraganiga salkam 40 yil bo‘ldi.

Iqtisodiyot erkinlikka va insonning o‘z shaxsiy manfaati uchun harakat qilishi kabi bazaviy stimullarga yastangandagina rivojlanishi amalda o‘z isbotini topdi.

Bundan tegishli xulosalar chiqarildimi? Ha – ittifoq parchalangan zahoti, postsovet davlatlarining hammasi endi iqtisodiyotni bozor mexanizmlari asosida yuritishini e’lon qildi. Va, aytish mumkinki, qayerda bozor tamoyillariga ko‘proq o‘tilgan bo‘lsa, o‘sha yerda (hududda, sohada) ishlar yaxshi ko‘rinish oldi.

Absurd holatlar

Ammo, 70 yillik omadsiz tajriba “unutilgan”, hisobga olinmagan holatlar ham bo‘ldi va, afsuski... bo‘lyapti. O‘zbekiston mustaqillik davrida o‘zining asosiy iqtisodiy sektori bo‘lmish qishloq xo‘jaligini qay ahvolga solgani – bunga yaqqol misol.

Avvalida to‘g‘ri ko‘rinish ola boshlagan islohotlar keyinchalik yana o‘sha – eski “rejali iqtisodiyot”ga yuzlanish bilan davom etdi: dehqonga erk barmasdan, aksincha, ustiga reja yuklash va nazorat qilish evaziga sohani yuritishga o‘tildi.

70 yillik achchiq tajriba xuddi bo‘lmagandek...

Natijada sohaning ulkan potensiali zavolga uchradi. Yuzlab milliard dollar keltirishi mumkin bo‘lgan, millionlab odamlarni ishlik qilishi mumkin bo‘lgan, qishloqlarda oyog‘ida mustahkam turadigan butunboshli sinfni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan, mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun drayver bo‘la oladigan soha deyarli barbod bo‘ldi.

Chunki soha bozor munosabatlariga o‘tkazilishi, shaxsiy manfaat stimuli ishga solinishi o‘rniga, yana sovetcha munosabatlarga – o‘tmishga uloqtirildi.

Buni bemalol milliy fojia deb atasak bo‘ladi...

Zero aynan shu omil sabab qishloqlarda ishsizlik miqdori oshib ketdi, hayot darajasi tushib ketdi, millionlab odamlarimiz ishlash uchun Rossiya va boshqa mamlakatlarga yo‘l oldi, millionlab bolalar otasiz, ko‘plari hatto onasiz katta bo‘ldi. Bu degani bir avlod rasman to‘liq, aslida to‘liqsiz oilalarda – nuqsonli tarbiya ko‘rib katta bo‘ldi va... bo‘lyapti. Erkaklardan tashqari ming-minglab ayollar oilasini, yurtini tashlab, o‘zga yurtalarda sarson. Fojia deb yana nimani aytish mumkin?..

Shu vaqt mobaynida minglab haqiqiy dehqonlar dehqonchilikni tark etishdi... Nega?

Chunki bunaqa – nosog‘lom, mantiqsizliklarga to‘lgan, umrlarni, imkoniyatlarni, yer-u suvni zavolga uchratadigan “tizim”da ular ishlay olmadi. Erta-yu kech yig‘ilishlarda o‘tirish, hokimdan kunora haqorat eshitish, paxta zavodlaridagi “o‘yin”lar... pora berish lozimligi... kun ko‘rish uchun solyarka, selitra va yer sotish... Bularga ko‘pchilik hamiyatli dehqonlar bardosh berolmadi, albatta.

Ba’zida hozirgi fermerlar haqida salbiy tavsiflar aytiladi... Yana qanaqa bo‘lsin hozirgi fermerlar, bunday – “teskari seleksiya”dan o‘tgan bo‘lsa, asl dehqonlarning ko‘pi fermerchilikni tashlagan bo‘lsa, chirkin vaziyatga chidolmagan bo‘lsa?.. Dehqonchilikdan yiroq bo‘lgan ko‘plab odamlar fermerchilikka kirib qolgan bo‘lsa?..

Yangi prezident davrida soha isloh qilina boshlandi. Kimmunistik mafkuradan qolgan rejali qishloq xo‘jaligidan qutulishga kirishildi. Paxta va bug‘doy yetishtirish sohasini davlat monopoliyasida ushlab turish kabi mantiqsizlikdan voz kechilyapti, sohaga toza havo kira boshladi. Biroq...

Qishloq xo‘jaligi klasterlari

Eski kommunistik g‘oyada suyagi qotgan maslahatchilar tomonidan yana o‘sha – odamlarni nazorat qilishga, boshqarishga asoslangan tizim taklif etildi. Bu format qishloq xo‘jaligida bozor tamoyillariga xilof bo‘lgan bir qancha unsurlarni joriy qildi. Har bir tumanda deyarli raqobatsiz faoliyat yuritadigan, fermerlarni tanlovsizlikka duchor qilgan, ko‘p jihatdan deyarli “batrak”larga aylantirgan tizim yuzaga keltirildi.

Yana o‘sha, “kimdir dehqonning boshi ustida turmasa, ishlamaydi” degan sovetcha tamoyil...

Fermerlar sinfi – ommatan olganda huquqlarini bilmaydigan, bo‘sh blankalarga qo‘l qo‘yib kelgan guruh... Bunday vaziyatda ularni klasterlarga tobe qilish albatta va albatta huquqbuzarliklarni keltirib chiqarishi tabiiy edi. Va shunday bo‘ldi va bo‘lyapti ham. Huquqlarini himoya qilishni bilmaydigan, o‘rganmagan bu toifaning bunday vaziyatda huquqlari ta’minlanishi amri mahol ekani, huquqbuzarliklar oldida ojiz qolishi avvaldan ma’lum edi...

Noteng munosabatlar

Qishloq xo‘jaligi klasterlari va fermerlar o‘rtasidagi munosabatlarning aksari yaqqol noteng qurilgan.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, klaster fermerni har ko‘yga solishi mumkin va bu uchun unga nisbatan biron chora ko‘rilishi amri mahol. O‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa manba-yu vositalarni birjadan arzon olib, fermerga qimmat sotish, to‘lovlarni vaqtida qilmaslik, paxta qabul qilish punktlarida mahsulot sortini pasaytirish va hokazo, va hokazo ishlar – bularning barchasi haqida bizga juda ko‘p murojaatlar tushgan. Fermer dod desa, hech kim eshitmaydi.

“Biz yaxshimiz”

Qishloq xo‘jaligi klasterlariga nisbatan har qanday tanqidiy chiqishlar o‘sha klasterlar tomonidan qarshilikka uchraydi: “Biz ko‘plab ishchi o‘rinlari yaratyapmiz, mahsulot ishlab chiqaryapmiz” deb chiqishadi, bloger-u jurnalistlar uchun press-turlar uyushtirishadi va hokazo. Ammo masala qaysidir korxonalarning “yaxshi yoki yomonligi”da emas, gap istiqboli ko‘rimsiz bo‘lishi avvaldan ma’lum bo‘lgan, bozor tamoyillariga zid, hech bir tomonga xotirjam, vijdon tinch bo‘ladigan holatda ishlash imkonini bermaydigan tizim shakllanganida.

Raqobat, erk, qonun ustivorligi kerak

U yer-bu yerda paydo bo‘la boshlagan, fermerlarning ko‘ngilli birlashuvi asnosida kurtak ola boshlagan qishloq xo‘jaligi kooperativlari mahalliy ma’muriy idoralarning noqonuniy qarshiligiga uchraganini yoritgan edik.

Shu yerda aytish kerakki, so‘z erkinligi bo‘lmaganda bunaqa holatlarni jamoatchilik bilmay ham qolardi, va “o‘zboshimcha fermerlar”ning ovozi allaqochon o‘chirilgan bo‘lardi...

Nega kerak bo‘ldi bu idoralarga ikki tadbirkorlik sub’ekti ishiga aralashish degan savolga javob shuki, qishloq xo‘jaligi sohasi hamon katta korrupsion maydonligicha qolmoqda. Va buning hech hayratlanarli joyi yo‘q – fermer o‘z mahsulotini o‘zi egalik qiladigan tizim shakllanmaguncha, uning mehnati mahsulini korrupsion yo‘l bilan o‘zlashtirishga urinish – tabiiy hol. Madomiki, muayyan mahsulotning egasi aniq emas ekan, unga turli yo‘llar bilan “egalik” qilishga uriniladi – korrupsiya uchun tayyor ozuqa va maydon.

Bozor tamoyillarining nimasi yaxshi degan savolga o‘zi shu javob bo‘ladi – narsalarning egasi aniq, va shu sabab o‘sha narsalarning tasarrufi samarali. Boshqacha qilib aytganda, egalik narsa – samarali narsa, egasiz narsa – samarasiz.

Bizda esa hanuz dehqon o‘zi yetishtirgan mahsulotga ega emas, shu uchun uning mahsulotga ko‘z olaytirishadi, oqibatda – korrupsiya, qonunbuzarliklar.

Katta va kichix “xonlar”

Fermerlar “bog‘lab qo‘yilgan” qishloq xo‘jaligi klasterlari davlat idoralari bilan noqonuniy chirmashib ketgan. Va bu yerda ham hayratlanarli hech narsa yo‘q – “dasturxonda” fermerning egasiz mahsuloti – korrupsionerlar uchun mo‘may “daromad”. Shu uchun ham bu vaziyatda korrupsion “armiya” aksar klasterlar bilan “bitim” tuzib olgan, bitimga rozi bo‘lmagan klasterlar faoliyatiga esa turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilishmoqda, hatto bunday klasterlarni to‘liq bartaraf etishmoqda – ma’muriy imkoniyatlar korrupsionerlar qo‘lida.

Bizga kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidan yemlanayotgan korrupsion “armiya”ning tepasida yuqori lavozimdagi rahbarlar o‘tiribdi va ular mamlakat bo‘ylab katta-yu kichik “xonlar” – qonunlarni pisand qilmaydigan “sub’ektlar”ning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lmoqda (buning tafsilotlarini keyingi maqolalarimizda yoritamiz).

Endi o‘ylab ko‘ring, agar fermer o‘z mahsulotining egasi bo‘lganda, uni o‘zi birjada sotganda, mazkur korrupsion maydon mavjud bo‘larmidi?..

Yana bozor tamoyillari haqida

70 yillik manfiy tajribani hisobga olmasdan, yana o‘sha muvaffaqiyatsiz, inson tabiatiga zid, tarix va ilm “brak”ka chiqargan, deyarli hamma voz kechgan shakllarni ushlab turishimiz faqat o‘zimizga zarar – tubsiz muammolar ichra qolishimiznigina “ta’minlaydi”.

Yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab, shuncha yilni yo‘qotganimiz yetmagandek, mislsiz imkoniyat zavolga uchragani, millionlab umrlar isrof bo‘lgani yetmaganidek, yana shu yo‘lda davom etyapmiz.

Bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari dunyoni oldinga yetaklayapti. Kim ularga amal qilayotgan bo‘lsa, mulk-u manbalarni egasiga topshirgan bo‘lsa va qayerda huquqlar qat’iy ta’minlangan bo‘lsa, shularning ishi yurishyapti.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik sub’ektlari yuqoridan buyruqqa binoan tuzilmaydi, balki sog‘lom huquqiy, iqtisodiy maydon hosil qilanadi va o‘sha maydon evolyutsion tarzda to‘ladi, bozor mexanizmi va qonuniyatlari kuchi bilan.

Bizdagi qishloq xo‘jaligi klasterlari esa qanday tuzilganini bilamiz, ular og‘zaki va’dalar – monopol status, ma’muriy idoralarning “qo‘llovi” va hokazo, va hokazo va’dalarga suyanib ochilgan korxonalar, nosog‘lom muhitda ishlashga rozi bo‘lgan va aksar aynan shunaqa nosog‘lom muhitda “baliq ovlash” uchun kelgan korchallonlardir.

Shokir Sharipov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi – oldinga yuryapmizmi yoki orqaga?