So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik futbolchilar xorijga borib, turli chempionatlarda tajriba orttirmoqda. Ayrimlar shiddat bilan porlab, yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda, boshqalar esa barqaror o‘yin amaliyoti va ishonch yetishmasligi tufayli yana yurtimizga qaytishni ma’qul ko‘rmoqda. Ko‘pincha bu qaytishlar nafaqat futbolchi uchun, balki uni jalb qilgan klub uchun ham foydali bo‘ladi. Ushbu yozda O‘zbekiston Superligasiga qaytgan besh nafar muhim futbolchi haqida so‘z yuritamiz: ular kim, qayerdan keldi, qaysi jamoaga o‘tdi va nimalar kutish mumkin?
Jasur Jaloliddinov — "Sumqait" → "So‘g‘diyona"
Jasur Jaloliddinov bir necha yildan buyon iste’dodli, lekin barqarorlik yetishmaydigan futbolchi sifatida tilga olinib keladi. "Bunyodkor"da porlab, Yevropa klublarining e’tiboriga tushgan Jasur bir paytlar Rossiyaning "Lokomotiv", "Tambov", keyinchalik "Andijon", "Lokomotiv", "Neftchi" safida debyut qildi.
So‘nggi manzili Ozarbayjonning "Sumqait" jamoasi bo‘ldi – bu yerda u 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, bir assist bilan cheklandi. Bu ko‘rsatkich uning iqtidoriga nisbatan juda kam. Ammo so‘nggi paytda jizzaxliklar safida o‘tkazayotgan nazorat uchrashuvlarida u nafaqat gol urish, balki o‘yinni boshqarish, tezkor qarorlar qabul qilish kabi hislatlarini namoyon qilmoqda.
Agar u to‘liq imkoniyatga ega bo‘lsa va o‘ziga bo‘lgan ishonchni qayta tiklasa, ikkinchi davraning eng yaxshi transferi bo‘lishi turgan gap.
Bobir Abdixoliqov — "Sumqait" → "Paxtakor"
Bobir Abdixoliqov — hujumchi sifatida qanday futbolchi ekanligi sir emas. O‘tgan yili "Nasaf" bilan mamlakat chempionligini tantana qildi, muhim o‘yinlarda gollar urdi, assistlar berdi va jamoaning to‘liq a’zosiga aylandi. Shundan so‘ng u ham Ozarbayjonning "Sumqait" klubiga yo‘l oldi.
U yerda 13 ta o‘yinda 4 ta gol va 3 ta assist bilan jamoaning muhim figurasiga aylanishga harakat qildi. Shunga qaramay, uning faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi – "Paxtakor" unga eshiklarini ochdi. Endi u Igor Sergeyev bilan asosiy hujumchi bo‘lish uchun raqobat olib boradi. Bu raqobat har ikki futbolchiga ham foyda beradi.
Bobir uchun "Paxtakor" yangi chorlov – u "Nasaf" bilan qo‘lga kiritgan chempionlikni endi "sherlar" safida takrorlashga intiladi.
Xojimat Erkinov – "Al Vahda" → "Paxtakor"
Xojimat Erkinov uchun "Paxtakor" begona emas – u bu jamoada o‘sdi, tanildi va yorqin o‘yinlari bilan muxlislar e’tirofini qozondi. 2023 yilda qisqa vaqtga jamoaga qaytganida, u chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Keyin BAAning "Al Vahda" klubiga yo‘l oldi va u yerda Pro ligada 31 ta uchrashuvda 1 gol va 6 assist bilan munosib faoliyat olib bordi.
Endi u yana Toshkentga qaytdi. Bu safargi maqsadi aniq: jamoada o‘z o‘rnini qayta egallash. Erkinov tezkor futbolchilar toifasiga kiradi — vaziyatni tez baholab, qanotlarda keskinlik yarata oladi, hujumdagi sheriklariga yordam beradi.
Agar u barqarorlikka erishsa, "Paxtakor" safidagi bu uchinchi fasl Xojimat uchun faoliyatidagi samarali davr bo‘lishi mumkin.
Abbos Otaxonov – "Muangtong Yunayted" → "Xorazm"
2018 yilgi U-23 Osiyo chempionatidagi g‘alabali tarkibning a’zosi Abbos Otaxonov ham o‘tgan davrda legioner sifatida o‘zini sinab ko‘rdi. 2024 yilda Tailandning "Muangtong Yunayted" jamoasi bilan shartnoma imzoladi va 27 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol va 1 ta assistga mualliflik qildi. Uning o‘yini murabbiylar tomonidan ijobiy baholandi.
Endi Abbos Hakim Fuzaylov boshchiligidagi "Xorazm" klubiga o‘tdi. Fuzaylov va Otaxonov 2023 yil "Buxoro"da birga ishlagan — shundan so‘ng ular o‘zaro tushunish va ishonchga erishgan. "Xorazm" uchun bu tandem katta salohiyatga ega, Otaxonovning transferi esa himoyani mustahkamlash bilan birga, mudofaadagi raqobatni oshishiga xizmat qiladi.
Aziz Turg‘unboyev - "Sivasspor" → ?
Tajribali yarim himoyachi Aziz Turg‘unboyev Turkiyaning "Sivasspor" klubida 33 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Unga ayrim vaziyatlarda jarohatlar ta’sir qilgan bo‘lsa-da, kuchli chempionatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Unga bu yozda nafaqat O‘zbekiston jamoalari, balki Eron klublari ham qiziqish bildirdi.
Hozirda u "Paxtakor" safida mashg‘ulot olib bormoqda. Shu bilan birga, "Navbahor" ham uni o‘z safiga qo‘shishni xohlamoqda. Turg‘unboyev qarorini tez fursatlarda e’lon qilsa kerak. U qaysi jamoani tanlasa ham, yetakchi bo‘lishi va katta tajribasi bilan foyda keltirishi mumkin.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz