
Google asoschilaridan biri Sergey Brin xayriya uchun 1,1 milliard dollardan ortiq mablag'ni Alphabet aksiyalari ko'rinishida ajratdi. Ushbu ma'lumot regulyator uchun e'lon qilingan hisobotda keltirilgan.
Hujjatda 3,5 milliondan ortiq aksiyalar aynan kimga yo'naltirilgani ko'rsatilmagan bo'lsa-da, Brin oilaviy ofisining vakili tafsilotlarni ochiqladi. Taxminan 1 milliard dollar Brin tomonidan 2021-yilda tashkil etilgan Catalyst4 nohukumat tashkilotiga yo'naltiriladi.
Ushbu tashkilot markaziy asab tizimi kasalliklarini tadqiq qilish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish loyihalarini qo'llab-quvvatlaydi. Yana 90 million dollar Brinning oilaviy fondiga, 45 million dollar esa Maykl J.
Foks fondiga ajratiladi. Ushbu fond Parkinson kasalligini o'rganishni moliyalashtiradi.
May oyida ham Brin ushbu uch tashkilotga Alphabet aksiyalari ko'rinishida 700 million dollar xayriya qilgan edi. 52 yoshli Sergey Brin dunyoning eng boy odamlari qatorida bo‘lib, Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 255,5 milliard dollarga teng.
Joriy yilda Alphabet aksiyalari narxining rekord darajada 323 dollarga ko'tarilishi natijasida uning boyligi 97,3 milliard dollarga oshdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.