Sovuq sabab metan cheklanadi, birjada benzin ko‘payadi

Sovuq havo oqimi tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda. Shundan kelib chiqib, haydovchilarda yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelmasligi uchun birja savdolariga chiqariladigan kunlik avtobenzin hajmi oshirilishi ma’lum qilindi. Maqsad — metan zapravkalari ishida vaqtinchalik cheklov bo‘lgan paytda ham bozorda barqaror ta’minotni saqlab turish.
Buning uchun barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar oldindan shakllantirilgani qayd etildi. “O‘zbekneftgaz” ma’lumotiga ko‘ra, iste’molchilarning avtobenzinga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan. Shu yo‘nalishda ta’minot zanjiri uzilmasligi, logistika va yetkazib berish ishlari muvofiqlashtirilgani ham bildirildi.
Kompaniya xususiy AYoQSh (avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari) egalarini narxlarni sun’iy oshirmaslikka va benzinni sifat hamda miqdor talablariga qat’iy rioya qilgan holda sotishga chaqirdi. Shuningdek, nazorat tadbirlari kuchaytirilishi, asossiz qimmatlashuv va noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi. Zarurat tug‘ilganda, qoidabuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!