
Fitch reyting agentligi O‘zbekiston banklari 2026 yilda iqtisodiy o‘sish tufayli barqaror moliyaviy ko‘rsatkichlarni saqlab qolishini prognoz qilmoqda. Bu haqda tashkilotning hisobotida aytilgan.
Agentlikning asosiy ssenariysiga ko‘ra, mamlakat banklarida muammoli kreditlar hajmi oshishda davom etadi, bu esa sektor rentabelligiga bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, davlat ulushiga ega banklarga ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat yordami ularning kapitalini mustahkamlashga yordam beradi.
Fitch hisobotida bank sektorida olib borilayotgan islohotlar kelgusida moliyaviy ko‘rsatkichlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan. Shuningdek, davlat banklarini xususiylashtirish masalasiga ham e’tibor qaratilgan.
Agentlikning kutishicha, kelgusi yilda hukumat “O‘zsanoatqurilishbank” kabi moliya tashkilotlaridagi davlat ulushini sotish bo‘yicha aniq strategiyani qabul qiladi. “Boshqa davlat banklarini sotish istiqbollari esa uzoqroq muddatda amalga oshirilishi kutilayapti”, deyiladi hisobotda.
Bank omonatlari bozoriga kelganda, u 2026 yilda 20-25 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu jarayonga aholi daromadlarining oshishi, davlatning soya iqtisodiyotini qisqartirishga qaratilgan harakatlari va raqamlashtirish darajasining oshishi ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biroq, O‘zbekiston banklari hali ham uzoq muddatli milliy valyutalarda resurslarning yetishmasligi sababli tashqi qarz olishga tayanib qoladi. Fitch prognozlariga ko‘ra, yirik davlat va xususiy banklar qulay bozor sharoitlaridan foydalanib, ko‘proq yevroobligatsiyalar chiqarishi kutilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.