«Bavariya» Leypsigda shou qildi: 5 golli g‘alabaga erishdi (video)

Germaniya chempionatining 18-turida Bundesliga peshqadami «Bavariya» safarda «Leypsig» bilan to‘qnash keldi va raqib maydonida yirik hisobda zafar quchdi — 1:5. «Red Bull Arena»dagi bahs avvalida intriga bordek ko‘rindi, ammo ikkinchi taymda myunxenliklar “gazni bosib”, o‘yinni to‘liq o‘z foydasiga hal qilib qo‘ydi.
Uchrashuvda hisobni birinchi bo‘lib mezbonlar ochdi. 20-daqiqada Romulo aniq zarba yo‘llab, «Leypsig»ni oldinga olib chiqdi. Biroq bu ustunlik uzoqqa cho‘zilmadi: «Bavariya» ikkinchi taymda butunlay boshqacha tempda maydonga qaytdi.
50-daqiqada Gnabri hisobni tenglashtirdi va shundan keyin myunxenliklar hujumda ketma-ket bosimni kuchaytirdi. 67-daqiqada Keyn o‘z so‘zini aytdi — angliyalik to‘purarning goli «Bavariya»ni oldinga olib chiqdi. Keyin esa gollar “oqimi” boshlandi: 82-daqiqada Ta, 86-daqiqada Pavlovich, 88-daqiqada esa Olise raqibni tamoman chalg‘itib qo‘ydi. Natijada «Leypsig»ning yagona goli “tasalli”dan narigiga o‘tmadi.
Ushbu ishonchli g‘alabadan so‘ng «Bavariya» ochkolarini 50 taga yetkazdi va turnir jadvalida 2-o‘rindagi «Borussiya D»ni 11 ochkoga orqada qoldirmoqda. «Leypsig» esa 32 ochko bilan 4-pog‘onada qoldi — Yevropa kuboklari uchun kurashda har bir ochko oltinga teng bo‘lib turgan pallada bu mag‘lubiyat og‘ir tuyulishi tabiiy.
Bundesliga. 18-tur
Leypsig — Bavariya 1:5
18 yanvar, «Red Bull Arena»
Gollar: Romulo 20 — Gnabri 50, Keyn 67, Ta 82, Pavlovich 86, Olise 88.
Leypsig: Gulachi – Raum, Lyukeba, Orban, Bak-u – Baumgartner (Gomis, 85), Zayvald (Banzuzi, 81), Shlager – Nusa (Maksimovich, 90), Romulo (Xarder, 81), Diomande.
Bavariya: Noyer – Ito (Kim, 87), Ta, Upamekano, Bishof (Devis, 82) – Goretska (Kimmix, 46), Pavlovich – Dias, Karl (Olise, 56), Gnabri (Musiala, 87) – Keyn.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!