date

"Tottenxem"da shov-shuv: Frank ketishi mumkin, Pochettino qaytishiga umid

"Tottenxem"da shov-shuv: Frank ketishi mumkin, Pochettino qaytishiga umid

Angliya Premer-ligasining 22-turida “Tottenxem” o‘z maydonida liga autsayderlaridan sanalgan “Vest Xem”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. London derbisidagi bu kutilmagan yo‘qotish “shporlar” uchun faqat 3 ochko emas, balki jamoa atrofidagi vaziyatni yanada keskinlashtirib yuborgan to‘lqin bo‘ldi.

Mag‘lubiyatdan keyin klub bosh murabbiyi Tomas Frankning kelajagi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi. Daniyalik mutaxassisga bo‘lgan bosim tobora og‘irlashmoqda: bir qator manbalarga ko‘ra, u yaqin kunlardayoq ishdan bo‘shatilishi mumkin. Ya’ni, “Tottenxem”da hozir gollardan ko‘ra gaplar tezroq yuryapti, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Frankning o‘zi esa “Vest Xem”ga qarshi o‘yindan keyin muxlislar qarsak o‘rniga e’tiroz bildirganiga qaramasdan, rahbariyat uni qo‘llab-quvvatlashiga ishonadi. Biroq so‘nggi haftalarda klub ichidagi kayfiyat o‘zgarib borayotgani aytilmoqda. Rahbariyat murabbiylar shtabida o‘zgarishlar kerakmi-yo‘qmi, degan savolni jiddiy ko‘rib chiqmoqda.

Shart oddiy, lekin qattiq: agar “Tottenxem” yaqin uchrashuvlarda ijobiy natijalarni qo‘lga kirita olmasa, Frank bilan xayrlashish varianti real ssenariyga aylanadi. Shu bilan birga, klub rahbariyati ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatini ham shakllantirib ulgurgani ta’kidlanyapti.

Xabarlarga ko‘ra, yangi murabbiylar qatorida “Bornmut”dan Andoni Iraola va “Kristal Pelas”dan Oliver Glasner nomlari tilga olinmoqda. Biroq asosiy, eng katta qiziqish uyg‘otayotgan variant — Maurisio Pochettino. Argentinalik mutaxassis “Tottenxem”da ilgari katta yutuqlarga yaqin kelgan, klub muhitiga tanish, muxlislar esa uni qaytishiga alohida umid bog‘layotgani sir emas.

Lekin bu yerda muhim “ammo” bor: Pochettinoning qayta kelishi faqat 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin amalga oshishi mumkin. Sababi — u hozir AQSH terma jamoasini boshqarmoqda. Demak, “Tottenxem” uchun bu variant tezkor yechim emas, ko‘proq uzoqroq reja sifatida ko‘rilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Pochettino 2019 yilda besh yillik faoliyatdan keyin “Tottenxem”ni tark etgan va o‘sha davrda jamoa Chempionlar ligasi finaligacha yetib borgan edi. Keyin u PSJ va “Chelsi”ni ham boshqardi, hozir esa AQSH bilan yangi loyiha ustida ishlamoqda.

Statistika ham uning “shporlar”dagi izini ko‘rsatib turibdi: Pochettino qo‘l ostida “Tottenxem” 293 ta o‘yin o‘tkazib, 160 tasida g‘alaba qozongan, 2016 yilda esa Premer-liga chempionligiga juda yaqin kelgan.

Hozirgi manzara esa shundan dalolat beradiki: “Tottenxem” oldindagi o‘yinlarda faqat maydonda emas, klub ichidagi qarorlar frontida ham imtihon topshiradi. Frank uchun bu — natija bilan javob berish vaqti. Muxlislar esa oddiy: gap emas, amal kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Tottenxem"da shov-shuv: Frank ketishi mumkin, Pochettino qaytishiga umid