date

Glasner klub bosslaridan norozi: Gexi sotib yuborildi, jamoa ruhi sindi

Glasner klub bosslaridan norozi: Gexi sotib yuborildi, jamoa ruhi sindi

Angliya Premer-ligasining 22-turida “Kristal Pelas” safarda “Sanderlend”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin mezbonlar maydonida emas, aynan “Pelas” ichkarisidagi muammolar yana bir bor ko‘zga tashlandi. Uchrashuvdan so‘ng londonliklar bosh murabbiyi Oliver Glasner jamoa sardori va yetakchisi Mark Gexining “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tishi haqida qattiq va ochiq bayonot berdi.

Glasnerning ta’kidlashicha, klubdagi qarorlar jamoa manfaatidan ko‘ra boshqa omillarga qarab qabul qilinayotgandek his uyg‘otmoqda. U bu vaziyatni “qo‘llab-quvvatlash yo‘qligi” va “jamoani taqdir ixtiyoriga tashlab qo‘yish” sifatida baholadi.

— Men o‘zimizni butunlay taqdir ixtiyoriga tashlab qo‘yishganini his qilayapman. Hech qanday yordam va tayanchni sezmayapmiz. Eng og‘iri — Premer-liga o‘yinidan atigi bir kun oldin jamoamizning sardorini sotib yuborishdi. Men buni qabul qilolmayman, — dedi murabbiy BBC jurnalistlari bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat jamoa uchun birinchi marta emas. Glasner o‘yin oldidan yetakchi futbolchini yo‘qotish “jamoaning yuragini sug‘urib olish”dek ta’sir qilishini ta’kidladi.

— Men odatda ko‘p gapirmay, jim yurardim. Lekin endi toqat qilolmayman, chunki o‘yinchilarimni himoya qilishim shart. Bu mavsumda ikkinchi bor o‘yin oldidan jamoamiz ruhan “sindirilyapti”. Yozda Eze bilan shunday bo‘lgandi, endi esa Gexi ketyapti, — dedi u.

Murabbiyning eng qattiq og‘riq nuqtasi — hozirgi tarkib chuqurligi. U zaxira o‘rindig‘iga qaraganda asosan yosh futbolchilar o‘tirganini, bu esa bunday bosimli o‘yinlarda tajriba va tayyor kadrlar yetishmasligini anglatishini aytdi.

— Men o‘yinchilarga nima deyishim kerak? Zaxiraga qarayman — u yerda yosh bolalar o‘tiribdi. Shuning uchun bugun juda xafaman, — deya qo‘shimcha qildi Glasner.

Avvalroq Mark Gexi “Manchester Siti”ga 26 million funt sterling evaziga o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Agar bu kelishuv rasman tasdiqlansa, “Kristal Pelas” uchun masala faqat bir futbolchini yo‘qotish emas — bu jamoaning ichki tayanchi, yetakchilik ustuni va ruhiy barqarorligiga ham bevosita zarba bo‘lishi mumkin.

Qisqasi, “Pelas” muxlislari uchun hozirgi holatdagi eng katta savol shu: klub jamoani natija uchun kuchaytiryaptimi yoki faqat bozor qoidalari bilan yashayaptimi? Chunki maydondagi mag‘lubiyat bir kunlik, ammo yetakchini o‘yin arafasida yo‘qotish — uzoqqa cho‘ziladigan “og‘riq”.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Glasner klub bosslaridan norozi: Gexi sotib yuborildi, jamoa ruhi sindi