date
views 3 763

Qatarda shov-shuv boʻlgan suhbat...

Qatarda shov-shuv boʻlgan suhbat...
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.


Futbol boʻyicha Qatarda boʻlib oʻtayotgan Jahon chempionati munosabati bilan bir qator dunyoning mashhur ulamolari ushbu davlatga tashrif buyurdilar. Ana shunday ulamolardan taniqli da'vatchi, doktor Zakir Nayk va shayx Umar Abdulkofiy hazratlari ushbu yurtda mehmon boʻlib turibdilar. Fursatdan foydalanib, ikki ulamo oʻzaro doʻstona uchrashdilar hamda jurnalistlar ishtirokida ular bilan ma'rifiy-madaniy suhbat tashkil etildi. Quyida ana shu suhbatning tarjimasini e'tiboringizga taqdim etamiz.

Jurnalist: «Minglab odamlar sizning suhbatingizni tinglaganlaridan soʻng islomni qabul qildilar, Alhamdulillah. Ana shunday hodisalar ichida sizga eng ta'sir qilgani qaysi? Ya'ni, shaxsan sizga kuchli ta'sir qilgan biror voqea yoki qissani aytib bera olasizmi?»
Zakir Nayk: «Musulmon boʻlmagan kishilar Islom dinini qabul qilganlarida bu hol mening hayotimda ijobiy ta'sir koʻrsatadi. Bunday vaziyatlar hayotim davomida koʻplab boʻlgan. Yodda qolgan voqealardan biri Dubayga ma'ruza qilish uchun borganimda yuz bergan. U erda hind millatiga mansub Rahul ismli kishi savol berib qoldi.

Men ma'ruzamni davom ettirar ekanman, Rahul turli savollar berib turar edi. U menga qiyin savollar berar, gap orasida: «Men Islom dini haqida oʻzim boshqaradigan idoramdagi ma'lumotlardan yoki muhandislikdan koʻra koʻproq narsa bilaman», deb bayon qildi. Uning beradigan savoli avvalgilaridan boshqacharoq boʻlardi.

Shunday savollardan birini eslab oʻtsam: «Qur'onning Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga olib kelgan ilk vahiysi «Oʻqi» degan buyruq edi». Keyin Rahul vahiyga aloqador hadisni zikr qildi: «Jabroil alayhissalom «Oʻqi» dedi. Biroz vaqt oʻtib yana «Oʻqi» dedi».

«Jabroil Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga «Oʻqi» deb xitob qilganda nimani koʻrsatgan. Ya'ni, «Oʻqi» deb xitob qilganda biror matnni koʻrsatib oʻshani oʻqi deganmi? Shu koʻrsatgan narsasi bugungi kunda biror-bir muzeyda saqlanadimi? Paygʻambarga koʻrsatgan narsasi yozuv shaklida mavjud emasku. Oʻshanda Paygʻambar «Men oʻquvchi emasman» deb javob berganlarku» degan savolni berdi.

«Men unga siz juda oʻrinli savol berdingiz dedim-da, undan yapon tilini bilasizmi, deb soʻradim. U yoʻq, deb javob berdi. Men unga aytdim: «Sen yoʻq deyishing uchun men yapon tilida yozilgan biror narsa koʻrsatdimmi?! Ana, koʻrdingmi «bilmayman» deyishing uchun men ham senga nimadir koʻrsatishim shart emas. Sayyidimiz Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan oʻqishni talab qilganlarida xuddi mana shunday uslub bilan talab qilganlar.

Bu talabga javoban Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men oʻquvchi emasman», deganlar. U zot «Men oʻquvchi emasman», deyishlari uchun Jabroil alayhissalom biror narsa koʻrsatishlari shart boʻlmagan. Undan keyin Rahul juda koʻp adadda savollar berdi. Va Mashaalloh, oxirida Islomni qabul qildi. Alloh unga hidoyatni ato etdi».

Jurnalist: «Sizning suhbatingizni tinglab Islomni qabul qilganlarning adadini hisoblab borasizmi yoki bilmaysizmi?»
Zakir Nayk: «Buni Alloh taolo hisoblab turibdi».

Jurnalistning doktor Zakir Naykka: «Ma'ruza paytida savol beruvchi shaxslardan qaysi biri sizni koʻproq ta'sirlantirgan?», deb bergan savoliga uchrashuvda ishtirok etayotgan ustoz Umar Abdulkofiy quyidagicha javob berdilar:
«Birinchidan, da'vat ishida ajoyibotlar koʻp boʻladi. Lekin inson da'vat qilayotgan paytda bu ishning ogʻirligiga bardosh berish bilan bir qatorda, avvalo, Alloh taologa ixlos bilan duo qiladi. Har xil vaziyatlar boʻladi. Masalan, bir inson savol bilan yuzlanmoqda, u barcha dinlarni inkor qiladigan, hatto Islomni ham rad etadigan kimsa boʻladi.

Ana shu paytda da'vatchi Alloh taolodan yordam, dinini himoya qila oladigan maqomni berishini, boshqalarning qalbini qabul etuvchi qalbga aylantirib qoʻyishini soʻraydi. Albatta, da'vatchi oʻsha insonlarga Allohning dinini goʻzal suratda koʻrsata bilishi kerak. Dinimiz hech narsaga muhtoj emas, faqat uni goʻzal suratda namoyon qila olsak kifoya. Agar biz dinimizni chiroyli suratda odamlarga etkazib bera olsak, Allohning fazli bilan oʻsha insonlar hidoyat topadilar».Jurnalist: «Shaxsiy savol bersam maylimi?»

Zakir Nayk: «Marhamat».

Jurnalist: «Kuningizni qanday oʻtkazasiz? Siz koʻplab musulmonlar uchun ibrat va namuna sifatida gavdalanasiz. Shu boisdan har bir vaqtingizni qanday oʻtkazishingizni bilgimiz keladi. Uyqudan turganingizdan boshlab, to uyquga ketish vaqtigacha nimalar bilan band boʻlasiz?»
Zakir Nayk: «Hindistonda boʻlgan vaqtimda, ya'ni dunyodagi eng katta xususiy islomiy muaassasalardan biri faoliyat yuritgan paytda odatiy kunim shu muassasaga borishdan boshlanar edi. Bu joyda bitta boʻlimning oʻzida besh yuzdan ortiq xodim, shu jumladan, oʻn mingdan ortiq koʻngillilar xizmat qilar edi. Oʻrtacha 15-16 soat vaqtim oʻsha erda oʻtardi. Bomdod namozini oʻqigandan soʻng 3 soat uxlar edim.

Keyin uygʻonib, nonushta qilib, soʻngra keksayib qolgan ota-onamning yonlarida vaqtimni oʻtkazar edim. Ana shundan keyin tashkilotimizga qaytar edim. Hindistondan Malayziyaga koʻchib oʻtganimizda hayotimiz tubdan oʻzgarib ketdi. Iymonim nuri ziyoda boʻldi. Hozirgi kunda uyim ofisimga aylangan. Agar Alloh taolo sizga baraka ato qilsa, kuningizning koʻp qismi namozda oʻtadigan boʻlib qolar ekan.

Bu azizlarimizga farz darajasidagi maslahat emas, balki shaxsiy tavsiyamdir. Musulmon kishi uchun xossatan, da'vatchi uchun tahajjud namozi juda zarur. Bu borada nasihatim shuki, boshlanishiga yarim soat tahajjudda vaqt oʻtkazing. Keyin bir soatga, undan soʻng ikki soatga etkazing. Tahajjud muddati uzaygan sari holat yaxshilanib boraveradi. Keyingi nasihatim barcha namozlaringizni masjidda jamoat bilan ado etishga e'tibor bering».

Jurnalist: «Agar bir kunda 16 soat ishlasangiz, farzandlaringizni qanday taniysiz?»
Zakir Nayk: «Oh, bu oʻrinli savol. Men uylanishdan avval 10 soatimni da'vat ishiga sarf etardim. Odamlar menga: «Agar oila qursangiz da'vat uchun 10 soat sarf eta olmay qolasiz», deyishdi. Shuning uchun da'vatchi ayolga uylandim. Ana shundan beri da'vat ishiga 12 soat sarflaydigan boʻldim. Lekin shu 12 soatning 4-5 soatini ayolim bilan oʻtkazar edim. Farzandli boʻlganimizda odamlar menga: «Endi da'vat qila olmaysiz», deyishdi. Shu bois men islomiy madrasa ochdim.

Hozir oʻsha madrasada farzandlarim bilan birga da'vat ishini yurityapmiz. Ma'ruza qilish uchun dunyo boʻylab safarga chiqqanimizda beshovimiz, ya'ni men, oʻgʻlim, ayolim va qizlarim ma'ruza oʻqiymiz. Men bilan oʻgʻlim juda koʻp sonli erkaklar orasida ma'ruza qilsak, ayolim va qizlarim esa ayollar oldida ma'ruza qilishadi. Biz biror mamlakatga ma'ruza qilish uchun 7-8 kunga tashrif buyursak, shu kunlar mobaynida ma'ruzamizni tamomlab, yana qoʻshimcha ikki kun davomida oʻsha hududning tarixiy obidalarini tomosha qilib, hordiq chiqaramiz».

Ushbu suhbatni tinglab oʻtirgan shayx Umar Abdulkofiy hazratlari quyidagi mulohazalarni bildirib oʻtdilar:

«Alloh taolo Qur'oni Karimda: «Uylaringizni qibla qilinglar», deb marhamat qilgan. Qarang, bir xonadon a'zolarining hammalari da'vatchilar. Ular vaqtlarini Allohning diniga da'vat qilib oʻtkazadilar. Doktor Zakir Nayk yuqoridagi oyatga amal qilib, oila a'zolarining barchasini da'vatchi etib tarbiya qildilar. Biz doim bu kishining haqlariga Allohdan tavfiq soʻrab, gʻoyibona duo qilamiz.

Aytganimdek, men u kishini har namozimda duo qilaman. Oʻzlarini, farzandlarini, oilasini Alloh panohida asrashini soʻrayman. Bular Allohning diniga basiyrat va ochiq-oydinlik bilan, izohlab, sharhlab Islomga da'vat qiladilar. Da'vat asnosida qattiqqoʻllik, qoʻpollik bilan emas, aksincha, halimlik bilan ish yuritadilar.

Robbimiz bu kishini barcha yomonlikdan asrasin! Sizga va siz orqali oliyjanob oila a'zolaringizga tashakkur izhor qilamiz. Alloh taolo qilayotgan xizmatlaringizga baraka bersin. Unutmangki, bu dunyoda sizning doʻstlaringiz koʻp. Ularning eng birinchisi menman. Sizning xizmatlaringizga koʻp tahsinlar aytaman va sizdan koʻp narsa oʻrganaman, haqqingizga yaxshilik soʻrab doim duo qilaman. Robbimiz sizni doim panohida asrasin!»

Soʻngra jurnalist shayx Umar Abdulkofiydan: «Zakir Nayk hazratlariga bir soʻz bilan ta'rif bering», deb iltimos qildi.
Umar Abdulkofiy: «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kishini koʻrganlarida aniq xursand boʻlar edilar. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kishini koʻrganlarida yana ham quvonar edilar. Chunki bu kishi ixlos deb atalgan yoʻl uzra yuradilar. Hech kimni Allohga poklamayman (Odatda birovni maqtayotganda shu gap aytiladi)», deya ta'rif berdilar.

Jurnalist: «Zakir Nayk hazratlari, doktor Umar Abdulkofiyni bir soʻz bilan qanday vasf qila olasiz?», deb savol berdi.
Zakir Nayk: «Bir soʻz bilan ta'rif berish qiyin, lekin Allohga hamd boʻlsinki: «Albatta, Alloh taolo bu kishini dinning yoyilishi uchun sababchi insonlardan qilib qoʻydi. Shuning uchun bu inson haqlarida «Dinni yoyish uchun Alloh taolo tomonidan tanlangan bandalardan biri» deb ayta olaman».

Jurnalist: «Doktor Umar Abdulkofiy siz haqingizda «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kishini koʻrganlarida aniq xursand boʻlar edilar», deya ta'rif berdilar. Doktor Zakir Nayk, bu gapga siz nima deysiz?
Zakir Nayk: «Alhamdulillah».

Jurnalist: «Alloh taolo sizlarni yaxshilik bilan mukofotlasin». Omin!

Tarjimon: Nozimjon Hoshimjon

Manba: Muslim.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qatarda shov-shuv boʻlgan suhbat...