
UNICEFning yangi hisoboti dunyodagi bolalar ahvoliga yana bir og‘ir haqiqatni ochdi. Hozirgi kunda yer yuzi bo‘ylab taxminan 417 million bola qashshoqlik chegarasida kun kechirmoqda, deb yozadi Oxu.az manbasiga tayanib.
Ta’kidlanishicha, ushbu bolalarning katta qismi Afrika va Janubiy Osiyoda yashaydi — ayrim mintaqalarda esa vaziyat butunlay izdan chiqqan. Masalan, 118 million bola bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim ehtiyojdan maxrum holda ulg‘aymoqda. Yana 17 million bola to‘rt va undan ortiq asosiy ehtiyoj — sog‘liqni saqlash, toza suv, ta’lim yoki oziq-ovqatdan biriga ham to‘liq ega emas.
Hisobotda aytilishicha, toza ichimlik suvi yetishmasligi, profilaktika xizmatlariga qoloqlik, sifatli ta’limning yo‘qligi millionlab bolalarni chuqur qashshoqlikka maxkum qilmoqda. Bu esa kam va o‘rta daromadli davlatlarda har besh boladan biri og‘ir sharoitlarda o‘sib kelayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, UNICEF keyingi o‘n yillikda oz bo‘lsa-da ijobiy siljishlar qayd etilganini ta’kidlaydi. 2013 yilda bolalarning 51 foizi kamida bitta og‘ir mahrumlikka duch kelgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 41 foizgacha pasaygan. Mutaxassislarning fikricha, bu — bolalar huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam dasturlarini kengaytirish bilan bog‘liq.
Xulosa qilib aytganda, dunyoda bolalar qashshoqligi hali ham eng og‘ir global muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Millionlab bolalar uchun eng oddiy imkoniyatlar ham orzu bo‘lib qolayotgan bir paytda, xalqaro tashkilotlar faoliyati yanada kuchaytirilishi kerakligi ayni zaruratdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.