
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Dubayda start oladigan erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarkibini rasman e’lon qildi. Unga ko‘ra, jahon bo‘ylab e’tirofga ega bo‘lgan, sovrindorlikda tengi kam topiladigan bir qator mashhur charm qo‘lqop ustalari ringga chiqishi aniq bo‘ldi. Musobaqa 2–13-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi va 2025-yilning eng shov-shuvli sport voqealaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Turnirning eng zo‘r intrigalari orasida, avvalo, O‘zbekiston boks maktabi vakillarining ishtiroki turibdi. Milliy sportimiz sharafini himoya qilayotgan Hasanboy Do‘smatov ikki karra Olimpiada chempioni hisoblanadi. Shu bilan birga, u amaldagi IBA versiyasidagi jahon chempioni sifatida ham musobaqaning favoritlaridan biri sanaladi.
Unga hamroh bo‘lib, Olimpiada g‘olibi va shuningdek IBA yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lib ulgurgan Abdumalik Halokov ham Dubay ringida o‘z mahoratini namoyish etadi. Har ikki o‘zbekistonlik ishtirokchi turnirda yuqori maqsadlar bilan ishtirok etayotgani turgan gap.
Ozarbayjon terma jamoasi ham musobaqaga jiddiy tarkib bilan kelmoqda. Parij-2024 Olimpiada finalchisi Loren Alfonso Dominges va IBA Jahon chempionati finalchisi Saidjamshid Jafarov ushbu mamlakat safidan ringga ko‘tariladi. Ularning har ikkalasi ham jahonning yetakchi raqiblari orasida o‘z o‘rniga ega.
Shuningdek, Qozog‘iston boks maktabi vakillari — Olimpiada finalchisi Nurbek Oralbay va ikki karra Osiyo chempioni Aybek Oralbay ham musobaqada ishtirok etadi. Ular havaskor boksdagi o‘ziga xos uslubi va chidamliligi bilan ko‘pchilikning e’tiborida.
Dubay ringining eng katta sensatsiyasi esa shubhasiz Kuba boksining tirik afsonasi — Xulio La Krus bo‘ladi. U ikki karra Olimpiada chempioni va besh bor IBA Jahon chempioni bo‘lgan o‘ta tajribali va betakror bokschi sifatida yana yangi rekordlar sari intiladi.
Turnir bir sahnada birlashadigan yulduzlar soni, ularning darajasi va janglarga bo‘lgan qiziqish darajasi bilan havaskor boks olamida katta shavq uyg‘otgan. Mutaxassislar bu chempionatni 2025-yilning eng ko‘p muhokama qilingan musobaqalaridan biriga aylanishiga ishonmoqda.
Boks vakillari, sport muxlislari va mutaxassislar uchun esa Dubaydagi janglar yangi yil arafasidagi eng tomoshabop va qizg‘in voqealardan biri bo‘lishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.