14:12 / 22.01.2023
725

Sirli o‘tmish: o‘z xotini tomonidan zaharlab o‘ldirilgan tarixchi

Sirli o‘tmish: o‘z xotini tomonidan zaharlab o‘ldirilgan tarixchi
«Urush aldashdan iboratdir» hadisiga binoan, xon hazratlari bir to‘da askarni pistirmaga qo‘ydi va boshqa bir to‘dani ehtiyotga tashladi. Nomdor pahlavonlardan bir qismini dushmanga qarshi oldinga yubordi...». Ushbu jang lavhasi o‘rta asrlar tarixiga oid «Sharafnomayi shohiy» asaridan bo‘lib, unda Movarounnahrning mashhur hukmdori Abdullaxon ta’riflangan.

Sohibqiron Amir Temurdan keyin Movarounnahrda markazlashgan davlatga asos solgan Abdullaxon II Shayboniylar sulolasidan bo‘lib, parchalangan mamlakat va mintaqani birlashtirishga urindi. XVI asrning 80-yillarida Ulug‘tog‘dan (hozirgi Qarag‘anda viloyatining g‘arbida, Sariqsuv daryosining shimolida joylashgan tog‘lik) Hildmand daryosigacha, Sibir xonligidan Mashhadgacha bo‘lgan katta hududni Buxoroda turib boshqargan.

1583 – 1598 yillardagi 15 yillik harbiy yurishlari, markazlashgan davlat tuzish sari intilishlari o‘z zamonasidayoq Abdullaxonni buyuk hukmdor deb atashlariga sabab bo‘ldi. Xususan, Hofiz Tanish Buxoriyning yuqoridagi asari – «Abdullanoma»da juda ko‘p o‘xshatish, istioralar mavjud: «Har biri qorong‘u kechada jon oluvchi o‘q bilan chumolining ko‘zini va ilonning ko‘ksini urib teshadigan, yashin nishonli nayzasining shu’lasi bilan dushmanlarning otashdoniga olov yoqadigan bir to‘da lashkar bilan jang boshladilar», «nog‘oraning kuchli ovozidan osmon hushsiz bo‘lib qoldi. Va falak charxi yulduzni paxta qilib qulog‘iga tiqdi», «dushmanning inidan uchirib yubordilar... Shunday o‘q uzdilarki, qo‘rquvdan quyoshning yuzi sarg‘ayib (o‘zining) suvdagi aksiga o‘xshab qoldi».

Xullas, asar o‘rta asrlarga xos hukmdorni ulug‘lash, saltanatda ro‘y bergan har qanday voqeani olampanoh bilan bog‘lashdan iborat. Tabiiyki, Abdullaxonning shaxsiy voqeanavisi bo‘lib ishlagan Hofiz Tanishning bunday yozishdan boshqa iloji ham yo‘q edi. Qolaversa, uning otasi Mir Muhammad al-Buxoriy davlatdagi eng ko‘zga ko‘ringan boyvachcha insonlardan bo‘lgan, Ubaydullaxonning eng ishonchli kishilaridan sanalgan.

Hofiz Tanish Abdullaxon saroyida tarixnavislik bilan shug‘ullandi. «Abdullanoma» uning asosiy asari bo‘lgan. Unda faqatgina hukmdor, uning ota-bobolari hayotiga to‘xtalib qolinmay, Markaziy Osiyoda yashab kelgan turk-mo‘g‘ul qabilalari, Chingizxon va uning avlodi haqida, shuningdek, Movarounnahrda barpo etilgan me’moriy obidalar, o‘zga davlatlar bilan Abdullaxonning aloqalari to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Jumladan, 1583 yili Abdullaxon tomonidan Moskvaga yuborilgan elchilar tuyalarga juda ko‘p o‘q-dori, ov qushlari va boshqa matolar olib kelganligi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan.

Asarda o‘sha davrda bo‘lib turgan urushlardagi jangovar holat haqida ajoyib ma’lumotlar bor. Hofiz Tanishning yozishiga ko‘ra, qo‘shinlar asosan maymana (o‘ng flang), maysara (so‘l flang), qalb yoki g‘ul (markaz)dan tashkil topgan. Qo‘shinning oldida yasovul (avanpost yoki kichik josus guruhi), qorovul (qo‘shinning oldi yon tomonlarida boradigan maxsus bo‘linma) turgan. O‘z navbatida flanglarning ham ma’lum qanotlari (chanoh) va avangardlari bo‘lgan. Markaz (qalb) deb atalgan, lekin asosan ehtiyot vazifasini o‘tagan qism butun qo‘shinning uchdan bir qismini tashkil etgan va unga xon yoki sultonlardan, amirlardan biri boshchilik qilgan. Markaz ham bir necha safdan iborat bo‘lib, oldingi safda turuvchilar bayroqdor jangchilar (tug‘chi) deb atalgan. Bayroq yonida turuvchi qismga ham sultonlardan biri bosh qilib tayinlanardi.

Hofiz Tanish asariga ko‘ra, urush maydonini belgilashga hukmdor va sarkardalar alohida e’tibor berishgan. Buning uchun albatta suv va boshqa tabiiy qulayliklar bo‘lishi shart edi. Jang maydonini tanlash va u yerda qo‘shinni joylashtiruv tovachi deb atalgan amirlar zimmasiga yuklatilgan. Yurish qilganda yoki qal’ani mudofaa etganda ma’lum bir harbiy hiylalarga asoslanilgan. Agar yurish oz kuch bilan bo‘lganda qo‘shin, birinchidan, juda sekin va ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan. To‘xtagan manzillarda esa, ko‘chmanchi xalqlarning odati bo‘yicha, lager atrofini aravalar bilan o‘rab, ularni bir-biri bilan zanjirlab qo‘yganlar. Tashqarisidan esa katta va chuqur xandaqlar qazilgan. Bunday sharoitda kuniga 7-8 km yo‘l bosilardi. Qal’ani mudofaa qilganda esa qo‘shin uch safga tizilardi.

Birinchi saf qal’a devori yonida turib, xandaq va boshqa mudofaa istehkomlarini bosib o‘tmoqchi bo‘lgan dushmanni qarshi olar edi. Ikkinchi saf xandaq yonida saf tuzib, dushmanni xandaqdan o‘tkazmaslik vazifasini o‘tardi. Nihoyat, uchinchi saf qal’adan chiqib va xandaqdan o‘tib, biror qulay joyda pistirmada turar va qal’aga hujum qilayotgan dushmanni yon tomondan o‘qqa tutardi.

Xullas, «Abdullanoma-Sharafnomai shohiy» asarida Hofiz Tanish shunday voqealarni qalamga olgan. Afsuski, muallif o‘z asarini tugallashga ulgurmagan va xotima qismi yozilmay qolgan. Bunga sabab, maleho Samarqandiyning «Muzakkir ul as'hob» asarida yozilishicha, oilaviy nizolar natijasida Hofiz Tanish 1589 yili o‘z xotini tomonidan zaharlab o‘ldirilgan.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat