
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan 39-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida kutilmagan holat ro‘y berdi — ta’lim muassasasida 15-yil davomida rahbarlik qilgan sobiq direktor ishdan bo‘shatilgandan so‘ng o‘zini yoqishga urindi. Voqea aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqlarda tez sur’atda tarqaldi va jamoatchilikda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Ma’lum qilinishicha, 2010-yildan beri mazkur ta’lim maskaniga rahbarlik qilib kelgan Z.A.ning mehnat shartnomasi joriy yilning 16-sentyabr kuni Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan — taraflar kelishuvi bilan bekor qilingan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan direktor yangi rahbar faoliyatini boshlashiga keskin qarshi chiqqan va 13-oktyabr kuni maktabda yangi direktorga tayinlov hujjatlari topshirilayotgan paytda faol qarshilik ko‘rsatgan. Aytishlaricha, u holat chog‘ida o‘zini yoqishga urinib, vaziyatni keskinlashtirgan, biroq hech kim jarohat olmagan.
Rasmiy ma’lumotda ta’kidlanishicha, Boshqarma qaroriga muvofiq, maktab rahbarligiga E.A. tayinlangan. Yangi direktor faoliyatini boshlagan va hozirda ta’lim jarayoni odatiy tartibda, barqaror holda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, keyingi yillarda maktab rahbarlarini rotatsiya qilish va boshqaruv tizimini yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ayrim hududlarda tortishuv va e’tiroz holatlari kuzatilgan bo‘lsa-da, ta’lim sohasi mutasaddilari barcha qarorlar amaldagi qonunchilik asosida qabul qilinayotganini ta’kidlab kelmoqda.
Qumqo‘rg‘ondagi ushbu voqea ham ana shunday murakkab holatlardan biri sifatida e’tibor markazida turibdi. Boshqarma va mahalliy hokimiyat mutasaddilari bu kabi vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirayotganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!