11:27 / 02.12.2017
12 701

Abdulla Qodiriyning hazinasi, ko‘milgan haqiqatlar va maxorkaga aylangan durdona asar

Abdulla Qodiriyning hazinasi, ko‘milgan haqiqatlar va maxorkaga aylangan durdona asar
Abdulla Qodiriy qaytmagan xovli
Toshkentning markazida shunday maxalla bor uni Parijning 13-kvartaliga qiyoslash mumkin. O‘sha ko‘chada oq tunikalar bilan o‘ralgan Samarqand darvoza maxallasining ichkarisida millatimizning buyuk adibi, qahramoni Abdulla Qodiriyning xovlisi bor. Ha, bir qator ko‘chalar, bog‘lar, maktablar, kutubxona, mahalla va oliy bilimgohlar uning tabarruk nomi bilan yuritiladi. Ammo, uning uyi muzeyga aylantirilmagan, xuddi Qodiriyning o‘zidek sodda va kamtar. Xovlida Qodiriyning ilxom avjida yozgan asarlari-yu, millat g‘amida yonib, iztirobda o‘tkazgan kunlariga guvox bo‘lgan buyumlar saqlanib turipti. Uyda meni buyuk adibimizning nevaralari yuz ko‘zlari Qodiriyga o‘xshashib ketuvchi Irfon aka kutib oldilar. Aniqrog‘i, band bo‘lsalarda ishlarini tashlab “ekskursiya” qildirishga erinmadilar.


Uy tomon kirarkanmiz Irfon aka eshikni ochib : “ Mana, shu eshikdan 1937 yil 31 dekabr buvamni olib chiqib ketishgan va u shu bo‘yi u qaytmagan. To‘qqiz oylik qamoqdagi so‘roq-tergov, qiynoq, xo‘rlikdan so‘ng, u qatl ettirilgan.”- deydi. Irfon akaning aytishicha Habibullox Qodiriy otasini otgan askar bilan uchrashganlar. Askarda adovatlari bo‘lmagan, deydi Irfon aka ahir u ham o‘z vazifasini bajargan. Ammo, Abdulla Qodiriy otilgan joy esa uning nevarasining so‘zlariga ko‘ra aniq emas.



Qodiriy o‘tirib ijod qilgan tut daraxtidan yasalgan tancha (sandal), qo‘l yuvgan oftoba, hujjatlar saqlangan temir sandiq uning rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandig‘i hammasi avlodlari tomonidan tabarruk hazinadek asrab olib qolingan. Irfon aka Qodiriyning suratini qo‘lga olarkan: “Mana bu surat bobomni 1926 yilda qamalgan vaqtlardagi suratlari. Ular «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» hikoyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun «aksilinqilobiy harakat qilganlik»da ayblanib, qamoqqa olinganlar, turli bo‘htonlar bilan sudlanganlar. Sudda o‘zlarini mardonavor himoya qilganlar. Keyin ozodlikka qaytib ham yana haqiqatparvar bo‘lib, yozishda davom etganlar. Bobom qo‘rqmaydigan mard odam edilar.”- deydi.

Qo‘rqmaydigan mard o‘zbekning qahramoniga tegishli yo‘l chemodanlari, soyabon, garderoblarga razm solaman. Katta garderob, shkaflar o‘sha davrdagi yozuvchilar uyushmasidan esdalik ekan. Avval, yozuvchi sifatida uni a’zo qilgan tizim keyin uni ko‘kragigadan o‘qqa tutgan. Eskizlarini Peterburgdan keltirib o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, qurdirgan shiypon ham bugungi mustaqillik kunlarigacha yetib kelgan. Aytishlaricha Qodiriy shu shiyponda o‘tirib ijod qilishni yoqtirgan. Shiypondan katta xovlining bog‘lari xuddi kaftdek ko‘rinadi
.
Adibdan qolgan asarlar bilan birga unga tegishli barcha buyumlar ham naqadar qadrli. Qodiriyga dastyor bo‘lgan uy buyumlarini qo‘lga olib ham faxrlanadi odam, o‘zbekning shunday buyuk mard o‘g‘loni qachondir shu oftobada qo‘l yuvgan, shu kerosin lampa yorug‘ida ijod qilgan...


Aytilmagan haqiqatlar...
Irfon aka otalarining Habibullox Qodiriy suratini olib ko‘zlarida yosh bilan yana tarixga qaytadi: “1988 yil men 17 yoshda edim otamni ko‘mib uyga qaytganimizda: “Bolam otangni qabrga qo‘yishda, yuzini yerga qaratib qo‘ydilaringmi? Otang shuni vasiyat qilgan edi. Yerga yuztuban qarab yotganda zora ichiga yig‘ilgan dard-alamlar zardobi og‘zidan chiqib ketsa. Uni ichi to‘la dard-u, alam edi. O‘zi bilan ko‘p gaplarni, haqiqatlarni olib ketdi, birovga aytmadi.” – degandilar onam.

Otam ko‘p haqiqatlarni aytmay o‘zlari bilan qabrga olib ketganlar. Bobom Abdulla Qodiriy “xalq dushmani” bo‘lgach, otamni ham tinch qo‘yishmagan. 1945 yil 25 may kuni otamni “Xalq dushmanining o‘g‘li” sifatida olib ketishadi. Uzoq-qiynoq va so‘roqlardan keyin uni Sibirga surgun qilishadi. 1953 yil Stalin vafotidan keyin, otam ozod qilinadi. Biroq, hamon Toshkentga qaytishga ruxsat yo‘q edi. U 2 yil Qarag‘andada (Qozog‘iston) yurib, 1955 yilda 37 yoshida nihoyat uyga qaytib, oila qurgan.

“O‘tgan kunlar”dan ham ziyoda asar
Uy burchagidagi temir sandiqda Qodiriyning tugallanmagan asarlari saqlangan ekan. Sandiq keyinchalik qo‘lyozmalari bilan ko‘mib tashlangan. “Unda bobomning «Amir Umarxonning kanizi» asarining homaki varianti bo‘lgan. “Kunlardan bir kun otam, qo‘lyozmalar qay axvolda ekanligini tekshirib ko‘rish maqsadida sandiqni kovlab oladi. Taqdirni qarangki aynan o‘sha kuni uyimizga bostirib kirib otamni qo‘lga oladilar. Otam bilan birga bobomni qo‘lyozmalarini ham olib ketishgan. Bilsangiz o‘sha vaqtlarda qog‘oz tanqis bo‘lgan, shundanmi yoki boshqa sababmi otamni qiynoqlar bilan so‘roq qilishganda uning har bir so‘zlarini Bobomning qo‘lyozmalarining orqa bo‘sh oq tarafiga qayd qilganlar. Yana so‘roq qilish chog‘ida askar o‘sha qo‘lyozmalarga maxorka o‘rab chekkan va otamga ham uzatgan. Azobli bir yil davom etgan qiynoqlarda butun qo‘lyozmalar shu zayl maxorka bo‘lib kul bo‘lgan. Agar, birov “Abdulla Qodiriyning chop etilmagan asarini topdim”- desa ishonmang. So‘nggi qo‘lyozmalar taqdiri shunday kechgan ular saqlanib qolinmagan.” – deydi afsus bilan Irfon aka.

Maxorka qilib chekilgan qo‘lyozmalarda Irfon akaning aytishicha Qodiriyning yana bir durdona asari bo‘lgan. U tarixiyligi va voqealarining qiziqligi hamda bayon qilish san’ati bilan avvalgi “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlaridan ziyoda bo‘lgan. Bobom “Agar «Amir Umarxonning kanizi» asarlari bitib, e’lon qilinsa, odamlar “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni o‘qimay qo‘yadi.”, degan ekanlar.Chunki, u shu qadar avvalgilaridan qiziq bo‘lgan. Asar haqida otam 1985 yilda “Toshkent oqshomi” gazetasida maqola chop ettirganlar. Unda Xudoyorxonning kanizining ta’rifini eshitib, oshiq bo‘lib, qo‘shin tortib borgan Xon haqida hikoya qilinadi.”

Qodiriyning so‘nggi istagi
O‘sha mash’um kun Julqunboyning ko‘kragiga o‘q qadalgan kecha, Irfon akaning tasdig‘icha bobosining so‘nggi istagi shunday bo‘lgan. Qodiriy uni otishga shaylangan askardan so‘nggi iltijo sifatida uning tunuka idishdagi suvini so‘raydi. Askarni hayron qoldirib, Qodiriy suvni ichmaydi. U o‘sha bir kaft suv bilan tahorat oladi va ikki rak’at nafl namozini o‘qib keyin uni otaverishi mumkinligini aytadi. Askarning aytishicha Qodiriy o‘limdan qo‘rqmagan, kiprik ham qoqmagan. Mardlarcha o‘limning yuziga tik boqib halok bo‘lgan. U o‘zi yozgan quyidagi so‘zlari naqadar haqiqatligini isbotlagandi. “Men haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman agar otmoqchi bo‘lsalar ko‘kragimni kerib turaman.”

Qodiriy qaytmagan uyning eshiklari uni ziyorat qilib keluvchilar uchun doim ochiq. Xonadon egalari mehmondo‘st, Qodiriydan esdalik bo‘lib qolgan tabarruk buyumlarni qizg‘onmay ko‘rsatishadi, va ular bilan bog‘liq kichik tarixlarni erinmay so‘zlab berishadi. Ma’naviyat va ma’rifat tadbirlaridan zerikkan chog‘ingizda, vatanparvarlik haqidagi balandparvoz gaplaringiz sayozlashganda shu tuproq uchun jonini bergan Qodiriyni yo‘qlab qo‘ying.
Anora Sodiqova

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Qodiriyning hazinasi, ko‘milgan haqiqatlar va maxorkaga aylangan durdona asar