date

Qarshida 150 yo‘lovchini tashigan samolyot yo‘qoldi

Qarshida 150 yo‘lovchini tashigan samolyot yo‘qoldi

  Qarshi shahrida ahamiyatli va mas’uliyatli mashg‘ulot – parvozlarni qidiruv va qutqaruv ishlari bilan ta’minlashga qaratilgan o‘quv amaliyoti o‘tkazildi. Bunday mashg‘ulotlar orqali favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi oshiriladi, xodimlar va texnik vositalarni muvofiqlashtirish ko‘nikmalari sinab ko‘riladi.
Tadbir ssenariysiga ko‘ra, qo‘nishdan oldingi hal qiluvchi manyovr paytida bortida 150 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan yirik yo‘lovchi samolyoti to‘satdan signal uzatishni to‘xtatadi va aerodromdan 12 kilometr masofadagi radius ichida radar ekranlaridan g‘oyib bo‘ladi. Bu esa ehtimoliy katta halokat deb baholanadi.
Shu holatdan kelib chiqib, oldindan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan reja ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, belgilangan kuch va vositalar kerakli tartibda favqulodda vaziyat joyini izlash, aniqlash va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun yo‘naltiriladi. Bu jarayonda har bir xizmat o‘z vazifasini aniq va uzviy bajarishi talab etiladi.
O‘quv mashg‘ulotlariga umumiy hisobda 150 nafarga yaqin xodim jalb qilindi. Shu bilan birga, turli idora va xizmatlardan iborat tuzilmalarning 22 ta maxsus texnikasi ishtirok etdi. Ular orasida Qarshi aeroportining 80 nafar malakali xodimi va 7 ta maxsus texnik qurilmasi ham faol ishtirok etdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday mashg‘ulotlar xavfsizlik tizimini mustahkamlashda, turli vaziyatlarda tezkor harakat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yirik yo‘lovchi samolyotlar bilan bog‘liq favqulodda holatlarda aniq va jamoaviy harakat insonlar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qarshida 150 yo‘lovchini tashigan samolyot yo‘qoldi