date

Toshkent viloyatida 2 tonna oltinli kon rekord narxda sotildi

Toshkent viloyatida 2 tonna oltinli kon rekord narxda sotildi
 Toshkent viloyatida juda muhim iqtisodiy ahamiyatga ega voqea qayd etildi. Ohangaron tumani hududida joylashgan va taxminiy 2 tonna oltin zaxirasiga ega «Terekli» uchastkasi rekord narxda sotildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 avgust kuni E-auksion elektron savdo maydonida bo‘lib o‘tgan auksion qariyb 12 soat davom etdi. Savdolarda qattiq raqobat kuzatildi va natijada 377-chi qadamdan keyin «Toyloq Toza Hudud» kompaniyasi g‘olib sifatida e’lon qilindi. Kompaniya 81,79 milliard so‘m (taxminan 6,5 million dollar) taklif qilib, uchastkada geologik izlanish va tadqiqot ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, konning bahosi boshlang‘ich narxdan qariyb 20 barobarga oshdi.

«Terekli» uchastkasi Shaugaz qishlog‘idan 9,6 kilometr janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 65 gektarni tashkil etadi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu hududda taxminan 2 tonna oltin zaxirasi mavjud. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik resurs sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

«Toyloq Toza Hudud» kompaniyasi haqida ma’lumotlarga to‘xtalsak, u 2021 yilda Samarqand viloyati Tayloq tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyati ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarish bilan bog‘liq. Ustav kapitali 67,88 milliard so‘mni tashkil etadi va kompaniyaning yagona egasi Baxtiyor Marupov hisoblanadi. U shuningdek «Afrasiab Jeans Textile», «Puremilky Products», «Pet Agro Oil» hamda «Sam Plast Works» kabi qator yirik kompaniyalarning asoschisi sifatida ham tanilgan.

Qiziqarli jihati shundaki, «Toyloq Toza Hudud» avval asosan uy-joy kommunal sohasida faoliyat yuritgan bo‘lsa, endi oltin qazib olish sohasida ham o‘z kuchini sinab ko‘radigan bo‘ldi. Bu kompaniyaning yo‘nalishini yanada kengaytirishi va yangi sohada o‘z o‘rnini topishiga turtki berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval, 20 avgust kuni Navoiy viloyatidagi «Temirchi» uchastkasi ham savdoga chiqarilgan edi. Taxminiy 6 tonna oltin zaxirasiga ega bo‘lgan ushbu kon «Zauris» kompaniyasi tomonidan 67,8 milliard so‘mga sotib olindi.

Mamlakatimizda oltin zaxiralariga ega bo‘lgan konlarni elektron auksion orqali sotish jarayoni shundan dalolat beradiki, sohaga xususiy kapitalning kirishi kuchaymoqda. Bu esa iqtisodiyotda raqobat muhitini oshirishi, ish o‘rinlari yaratilishi va yangi sarmoyalarni jalb etishiga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent viloyatida 2 tonna oltinli kon rekord narxda sotildi