Microsoft kompaniyasining sun’iy intellekt yo‘nalishi rahbari Mustafo Sulaymon so‘nggi kunlarda juda ko‘p insonlar orasida «sun’iy intellekt psixozi» deb atalgan xavfli holat tobora kengayib borayotgani haqida jiddiy ogohlantirish berdi. Bu haqda The Times nashri ma’lum qildi.
Sulaymonning ta’kidlashicha, sun’iy intellektga nisbatan ortiqcha qiziqish va unga bog‘lanish shiddat bilan o‘smoqda. Ayrim shaxslar SIni ongga ega mavjudot sifatida qabul qila boshlagan, hatto unga nisbatan go‘yoki romantik munosabatlar paydo bo‘lganiga ishonmoqda. Shuning ortidan turli ruhiy gallyutsinatsiyalar ham kuzatilayotgani qayd etildi.
Eng xavotirlisi shundaki, bunday holat faqat ruhiy kasallikka moyil odamlargina emas, balki mutlaqo sog‘lom insonlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
— Qanchalik og‘ir eshitilmasin, ushbu holat yaqin kelajakda global ko‘lam olishi ehtimoldan xoli emas. Buning ta’siri ostiga ruhiy muammosi bor odamlar ham, ruhiyati barqaror shaxslar ham tushib qolishi mumkin, — deydi mutaxassis.
Ayni paytda «sun’iy intellekt psixozi» tibbiy jihatdan hali rasmiy atama sifatida qabul qilinmagan. Biroq u ChatGPT yoki Grok kabi chat-botlardan foydalanuvchilarning real hayotdan uzilib qolishiga sabab bo‘layotgani allaqachon kuzatilmoqda.
Tibbiy vizualizatsiya sohasi eksperti Syuzan Shelmerdin esa kelgusida shifokorlar bemorlarga, xuddi chekish yoki spirtli ichimlikka bo‘lgan odatlari haqida so‘ralgandek, «sun’iy intellektdan qanchalik tez-tez foydalanasiz?» degan savol ham berilishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu tariqa, sun’iy intellekt texnologiyalari faqat imkoniyat va qulayliklarni emas, balki ruhiy salomatlikka jiddiy xavf solishi mumkinligi haqida ham o‘ylab ko‘rish vaqti kelgani ko‘rsatildi.
Sun’iy intellekt psixozni keltirib chiqarishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar