16:35 / 10.02.2018
4 211

Yo maddohlikni yig‘ishtir yoki boshqa kasbni tanla!

Yo maddohlikni yig‘ishtir yoki boshqa kasbni tanla!
Keyingi oylarda ayrim hokimlarning qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarni va hatto butun boshli bir tuman aholisini kamsitgani, haqorat qilganligi orqasida jurnalistikamizdagi kamchiliklar, o‘zini jurnalist, ziyoli deb hisoblab kelayotgan ijodkorlarning asl basharasi oshkor bo‘ldiyu qoldi.

Aksariyat kasbdoshlarning jurnalstika nazariyasidan uzoqligi, jurfakda o‘qigan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishni yetarlicha uqib olmaganligi, jumladan, shaxsiy hayot, oddiy fuqaro va davlat yoki jamoat arbobining shaxsiy hayoti, ijtimoiy manfaat, ijtimoiy faoliyat kabi tushunchalar haqida aniq bir tasavvuri yo‘qligi oqibatida butun sohani yerga urib yubordi. Ular orasida nafaqat shu kungacha ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan ijodkorlar, balki tajribali shoirlar, “xizmat ko‘rsatgan jurnalist” va boshqalar borligi juda achinarlidir.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bundaylarning kasaliga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularni maddoh deb atadi. Darhaqiqat shunday. Maddoh shunday jonzotki, faqat amaldorga yoki puldorga yoqishga intiladi. U hech qachon o‘z fikriga ega bo‘lmaydi. Maddoh ijodkorning har bir harakati zamirida manfaat yotadi. U uzoqni ko‘zlab, aytgan har bir so‘ziga, yozgan har bir satriga qancha aqcha tushishini chamalagan holda ishlaydi.

Aslida bundaylarning paydo bo‘lib, ildiz otib ketishiga mansab kursisidagi amaldorlarning ham aybi katta. Agar ular laganbardorning tomiriga vaqtida bolta urganda, ularning payi qirqilardi. Amalda mansab kursisiga o‘tirib olgan ma’naviyati sust, boshqaruv ilmini o‘zlashtirmagan va o‘zini hokimi mutlaq deb tushunadiganlar haqiqatgo‘yni jon-jahdlari bilan jilovlashga intilishadi, uni betgachopar deb sarsonu sargardon qilishadi.

Xushomadgo‘yni esa sodiq bilib, ko‘klarga ko‘tarishadi. Amaldor bundaylar uning ostiga chuqur qazib, uni halokatga yaqinlashtirayotganligini o‘z vaqtida anglamaydi, anglab yetganidan keyin esa kech bo‘lganini sezib, boshini devorga uradi, ammo foydasi bo‘lmaydi. Hazrat Alisher Navoiy aytib o‘tgandek, «dushman firibin yema va maddoh xushomadin chin dema».

Bo‘lib o‘tgan voqelar va ularga bildiryotgan fiklar bizga yaltoqlanishni isnod deb biladigan jurnalistu bosh muharrirlar zarurligini yaqqol namoyon etdi. Yovuzlikni ko‘ra bila turib, unga qarshi chiqmaslik jamoatchilik tomonidan inson sha’nini yerga uruvchi, uni kamsituvchi xislat sifatida baholanishi lozim.

Siyosiy arboblar, davlat idoralarining xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda, ular faoliyatini muhokama etish jamiyat manfaatiga xizmat qiladi. Masalan, bunday shaxslarning oladigan daromadiyu hayot tarzini, ommaviy chiqishlarda aytadigan so‘zlari bilan amaliy xatti-harakatiyu ko‘pchilik oldida o‘zini tutishini taqqoslab, fikr bildirilsa bu ularning shaxsiy hayotiga aralashish bo‘lmaydi. Ammo oddiy fuqarolar hayotining bu tomonlarini tilga olish, ko‘pchilikka oshkor etish mumkin emas.

Xalqaro tajribada shaxsiy hayot daxlsizligini himoya etish turli darajada amalga oshiriladi. Oddiy fuqarolarga nisbatan davlat va jamoat arboblarining shaxsiy hayotiga qiziqish katta ekanligini ularning o‘zlari ham anglab, bardoshliroq bo‘lishlari lozim. Jurnalistlardan esa shaxsiy hayotni himoya etish huquqi bilan so‘z erkinligi o‘rtasida muvozatni saqlashlari zururligi talab etiladi.

Amaldorning o‘z xonadoni ichida, uyidagi shaxsiy hayotiga aralashish mumkin emas. Ammo jamiyat manfaatiga qaratilgan har qanday xatti-harakati oshkor etilishi, uning atrofida fikr yuritilishi nafaqat mumkin, balki o‘ta zarurdir. U axloq-odob qoidalarini buzgan bo‘lsa, shunga yarasha javob berishi, agarda qonunbuzarlik qilgan bo‘lsa, sud oldida javob berishi kerak.

Yuqorida bayon etilganlardan xulosa shuki, hokimning haqoratli so‘zlarini ommaga oshkor qilinganligini ularning shaxsiy hayotiga daxl qilinishi sifatida baholash bu o‘ta noto‘g‘ri va maddohizm anqib turgan harakatdir. Hokim qo‘l ostidalarga yoki o‘zi rahbar bo‘lgan hudud aholisiga hukmini (zulmini) o‘tkazish uchun qo‘yilgan yakka hukmdor emas. U aslida menejer, ish boshqaruvchidir. Xalq mablag‘i hisobidan davlat unga maosh berib, ma’lum vakolatlarni topshirgan. U ana shu xalq xizmatchisi sifatida mavjud qonunchilikka tayanib, ana shu qonunlar va konstitutsiya doirasida, rahbar etikasiga amal qilib, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarishi lozim. Ushbu talablardan chetga chiqishi esa xalq va davlat manfaatlariga zid harakat sifatida talqin etilishi va shunga munosib baholanishi kerak.

Ommaviy axborot vositalari amaldorning shaxsiy hayotini yoritish paytida bu ish jamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqdami yoki bu oddiy bir qiziqishmi degan savolga javob berishlari kerak. Agar ushbu axborot ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, muhokama etilyotgan muammoga daxldor bo‘lsa, undan foydalanish zarur. Aks holda bunday ma’lumotni tarqatishning hojati yo‘q.

Hozirgi paytda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi va Jinoyat kodeksi shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar mavjud. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning yangi 46-1 moddasiga ko‘ra, shaxsning uni shaxsiy yoki oilaviy siri bo‘lgan xususiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni, uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan 40 barobarigacha bo‘lgan jarima belgilanishiga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 141-1 moddasida bunday xatti-harakatlarni ma’muriy jazo berilgandan so‘ng ham amalga oshirish eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan 100 barobarigacha bo‘lgan jarima bilan yoki 2 yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanashi belgilab qo‘yilgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, bu yerda umumiy tarzda shaxsiy hayot daxlsizligi haqida so‘z bormoqda. Aslida, qonunchiligimizda shaxsiy hayot nima, oddiy fuqaro bilan davlat yoki jamoat arbobining, mansab kursisida o‘tirgan amaldorning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qilishda qanday farq bo‘lishi mumkinligi aniq aks etilishi lozim.

Umuman olganda, jurnalistikamizning hozirgi ayanchli ahvolga tushib qolishiga, maddohlikning kuchayib ketishiga qator sabablar mavjud. Bular, nazarimda, kadrlar tayyorlash tizimidagi o‘zibo‘larchilik (o‘zi jurnalist, shu sohada doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan bir tanishim aytganidek, umrida durustroq maqola yozmagan ham jurnalistika bo‘yicha dars o‘tmoqda yoki internetdan savodi bo‘lmagan holda – shu yo‘nalishda “domla”), jamiyatda va davlat miqyosida haq so‘zning qadri tushib ketganligi, to‘g‘riso‘z, haqgo‘y ijodkorlar atrofida nosog‘lom muhitning yaratilishi, aksincha qorani ham oq qilib ko‘rsatadiganlarni qo‘llash, bundaylarni mukofotlash kabi ko‘plab kamchiliklardir.

Vatanimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan aziz kasbdoshlar, ana shu va boshqa muammolarni ochiq muhokama qilsak, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun birgalikda intilsak, takliflarni o‘rtaga tashlasak, balki murod hosil bo‘lar?!
Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV

Manba: nuz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yo maddohlikni yig‘ishtir yoki boshqa kasbni tanla!