00:53 / 11.06.2018
3 687

Bizga qanday ittifoq(lar) kerak?

Bizga qanday ittifoq(lar) kerak?
Filolog va bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva feysbukdagi sahifasida shu kunlarning asosiy mavzusi - Yoshlar ittifoqi atrofidagi holatga e’tibor qaratdi.

Ushbuni «to‘y korteji» mojarosi chiqmasdan avval yoza boshlagan edim. So‘nggi voqealardan keyin kampaniyaga qo‘shilmaslik nuqtai nazaridan postni e’lon qilmaslik kerak degan fikrga bordim-u, ammo boshqa narsa yozishga ulgurmadim. O‘qiyotganda shu holatni e’tiborga olib qo‘yasizlar degan umiddaman.

Bir paytlar «Kamolot»ga taalluqli jurnalning bosh muharriri bo‘lgan va Qahramon Quronboyev bilan bir necha bor shaxsan suhbatlashgan odam sifatida vaziyatni tahlil qilishga urindim. Bu – mutlaqlik va xolislik da’vosidan yiroq blogpost.

O‘tgan yili shunday post qo‘ygan ekanman: «Hijob, soqol, blogerga tazyiq... Yoshlar Ittifoqiga yaxshi imijmeyker kerak. Xayrli ishlari soyada qolib ketyapti».

Chindan ham, hijob, soqol, poyezdlarda «kataysa», to‘y korteji – bir yilga ko‘plik qildi. Madda boylab kelayotgan yara yorildi: ichidan juda ko‘p narsalar chiqyapti.

Nega ittifoqchilarni ko‘pchilik yomon ko‘radi? Axir harakat qilishyapti, ishlashyapti-ku?

Men aniqlagan sabablar bir nechta.

1. Yetakchilar
O‘tgan yili Yoshlar Ittifoqining matbuot kotibini ko‘rdim: ancha aqlli qiz ekan, tashkilotda qilinayotgan ishlarni batafsil yoritdi, ko‘pchilikni ishontirdi, odamlarning fikrini o‘zgartira oldi. Oradan bir kun o‘tib esa bloger Sanjar Saidga nisbatan qaysidir bir ittifoqchining tazyiqi mojarosi chiqdi va matbuot kotibining barcha sa’y-harakatlari yuvilib ketdi. Bunday hollar takror-takror ro‘y beraverdi: Ittifoq yosh ijodkorlarni rag‘batlantirib, endigina iliq taassurotlar uyg‘ota boshlaganda, yetakchilardan biri darsni buzdi; joylarga borib, xalqning duosini olyapti degan xabarlar kelayotganda – «to‘y korteji» mojarosi chiqdi. Xullas, zamonaviy yoshlar tashkiloti imijiga nuqul yetakchilar hol qo‘yaverdilar.

Kecha «Kun.uz»ga berilgan intervyu esa vaziyatni yanada o‘tkirlashtirdi va oydinlashtirdi ham. Qahramon Quronboyev shunday imkoniyatdan foydalana olmadi va yana o‘ziga nisbatan salbiy «kommentlar ko‘chkisi» ostida qoldi. Omma konkret hodisa haqida konkret izoh kutgandi, lekin 15 daqiqa davomida qolip jumlalardan iborat navbatdagi piar nutqini tinglashga majbur bo‘ldi.

Aslida «ha shu ish noto‘g‘ri bo‘ldi, ammo manavi sabablarga ko‘ra qilindi» deb xatoni tan olish va izohlash bilan diplomatik usulda vaziyatni foydaga burib yuborish ham mumkin edi. Diplomatiya va omma bilan ishlashning zamonaviy usullardan yiroqlik yetakchiga pand berdi. «Hamma vositalar yaxshi» prinsipida kechayotgan hozirgi dahanaki janglar ham tashkilot imijiga aslo foyda keltirmayapti.

Menimcha, Qahramon Quronboyev biron viloyat hokimi bo‘lishi kerak. Ko‘p yillar rahbar lavozimlarda ishlagan, boshqaruv ilmini suv qilib ichib yuborgan, buyruqlarni to‘g‘ri beradigan va ularni bajarmagunlaricha qo‘ymaydigan qattiqqo‘l va tajribali rahbarga talab hamisha bor. Faqat... yoshlar nozik masala-da. Ularni qo‘rqitadigan emas, bag‘riga bosadigan, tushuntiradigan, ishontiradigan yetakchi (yoshidan qat’i nazar) kerak.

2. Imtiyozlar
Yoshlar ittifoqiga katta pul, yana prezidentning cheksiz ishonchi kredit qilib berildi. Bu biznesini o‘zi noldan boshlagan, o‘qishga kira olmay gastarbayterga aylangan, rahbarining mantiqsiz buyruqlaridan charchab ishdan bo‘shagan va «surish kerak» degan o‘yda yurgan boshqa («uyushmagan») yoshlarda Ittifoqqa nisbatan o‘z-o‘zidan salbiy munosabat uyg‘otdi: bir farzandingizga shokolad berib, boshqasiga bermang-chi, ko‘rasiz nima bo‘lishini. Bu yerda vaziyatga yechim: shokolad olgan bola uni ukasi bilan bo‘lishishi kerak (Ittifoqqa a’zo bo‘lmasa-da, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash TIZIMINI yaratish, ularni chet elga o‘qishga yuborish, yoshlar migratsiyasi tashkilotini ochish, nogironlarga bir martalik emas, tizimli ko‘mak berish, yoshlar reablitatsiya markazlari tarmog‘ini yaratish, yonib ketgan 52 o‘g‘lon voqeasiga amaliy choralar bilan munosabat bildirish va h.k). Aka esa shokoladni o‘zi yeb qo‘ydi (tuturiqsiz logotiplarga, targ‘ibot poyezdlariga sarflab yubordi). Shunday holida unga yana ko‘p shokolad berildi (o‘qishga kirishga, uy va avtomobil olishga imtiyozlar). To‘g‘ri, joylarda muhtojlarga bir martalik yordamlar ko‘rsatildi, lekin global, tizimli loyihalar ishlab chiqilmadi. Baliq tarqatildi, qarmoq berilmadi. Natijada aka-ukalar (ittifoqqa a’zo bo‘lgan va bo‘lmagan yoshlar) o‘rtasida jarlik paydo bo‘la boshladi va bugungi darajaga yetib keldi.

3. «Uyushmagan yoshlar» teoriyasi
Yoshlar uyushmasa, fojia emas, yoshlar o‘ylamasa – fojia. Aslida, uyushish faqat ekstrovertlarga xos. Jasur Kengboyev aytgandek, daholar, iste’dodlar ko‘pincha introvert bo‘lishadi (miyaga yolg‘izlikda yaxshi fikrlar keladi-da). Sershovqin tadbirlarda fikrlash, biron narsa o‘ylab topish, yangilik yaratish qiyin. Bu bilan yoshlar birlashmasin, jamoa bo‘lmasin demaymiz, Yoshlar Ittifoqi balki yaxshi jamoadir ham, ammo u yerdagi yoshlarda individuallik ko‘rinmadi.

4. Tadbirlar
Men ilmiy anjumanlarni yaxshi ko‘raman. Tasavvur qiling, bir joyga butun dunyodan sohaning bilimdonlari to‘planishadi. Ular sho‘’balarda dokladlarini o‘qib chiqqach, kofe-breklarda, tanaffuslarda o‘zaro suhbatlar quradilar (gala bo‘lib suratga tushish o‘rniga!). Aylana stol atrofida o‘tirib u yoq-bu yoqdan gaplashayotgan yoshlardan chiqayotgan fikrlar, g‘oyalar o‘zaro to‘qnashib, oradan uchqunlar chatnab yangi-yangi kashfiyotlar, yangiliklar bo‘lishi aniq. O‘ynaydigan, sakraydigan, otashin nutqlar irod qiladigan yoshlar bilan bir qatorda o‘ylaydigan, ilmiy ish yozadigan, laboratoriyalarda izlanadigan, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadigan yoshlar qatlami ham bor. Ular ham yurtning boyligi, resursi. O‘shalarni uyushtirish haqida, afsuski, Yoshlar Ittifoqi juda-juda kam ishlar qildi, imkoniyatidan ancha kam ishlar qildi. Tadbirlari faqat ekstrovert yoshlarga mo‘ljallandi.

5. Yangi libos kiydirilgan eski ideologiya

Yangilangan tashkilotga yangi g‘oya kerak edi. Yoshlar Ittifoqi vatanparvarlik, fidoyilik kabi «Kamolot»dan meros ideologiyadan voz kechib, taraqqiyparvarlik, ilm-fanda ilg‘orlik, inson qadri kabi zamonga mos, yangi avlod yoshlarini yaratuvchanlikka undaydigan mafkurani yaratganida, yoshlarning yanada kengroq qatlamlarini qamrab olgan bo‘lardi. Har xil fan laboratoriyalari tashkil qilishi, istiqbolli innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, fanning turli yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoda yetakchi olimlarni olib kelib treninglar o‘tkazishi... Dabdaba bilan kezgan poyezdlari xarajatiga ilmiy tekshirish institutiga biron noyob uskuna sotib olish mumkin edi. O‘z tashabbusi bilan film olib, xalqaro festivalda g‘olib bo‘lgan, ammo taqdirlash marosimiga borishga pul topa olmagan yosh kinoijodkorlarga homiylik qilish mumkin edi... Xullas, tashkilot ilm-fan, taraqqiyotni yetakchi ideologiya qilib olishi lozim edi, chunki hozir vatanga taraqqiyot kerak, hozir taraqqiyparvarlik vatanparvarlikka teng g‘oya bo‘lib qolgan.
Qilinmagan ishlar, o‘ylanmagan loyihalar bugun tashkilotga ko‘p muammolarni tug‘dirib turibdi.

Nima qilmoq kerak?

Tashkilotlar ko‘p bo‘lishi kerak!

Birgina tashkilot butun mamlakat yoshlarini birlashtirib, uyushtirib olishi mumkin emas. Yoshlarni yagona g‘oya atrofida birlashtirishga urinish – absurd. Yoshlar manfaatlari kesishgan nuqtada birlashishi mumkin (aniqsa, hozirgi yoshlar), lekin ularni bitta g‘oya uchun birlashtirish, ya’ni bir xilda o‘ylashga majbur qilish – utopiya. Yoshlar fikrdoshlari, hammaslaklari bilan turli g‘oyalar atrofida birlashmog‘i kerak, u g‘oyalar Konstitutsiyaga va konstitutsion tuzumga zid bo‘lmasa bo‘ldi. Biz «birlashtirish», «uyushish» so‘zlarini juda tor tushunganimiz uchun ko‘p yoshlarni boy berib qo‘ydik.

Masalan, yaqinda yakunlangan Respublika qorilar (Qur’on) musobaqasida men yoshlarning alohida bir qatlamini ko‘rdim. 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar – aksari yoshlar. Ularning miyasida nima, xayolida ne gap? Tasavvur ham qilolmaysiz: ular tamomila boshqacha o‘ylashadi, boshqacha yashashadi. Ularni uyushmagan deya olmaysiz, ammo biz tushunayotgan ma’noda uyushgan ham emas. Yoki feysbukda turli guruhlar tuzib, o‘zaro intellektual duellar o‘tkazayotgan yoshlarga boqing. Ularni shu guruhlarga nima olib kelyapti? Hamfikrlik, ma’rifat, taraqqiyparvarlik. Afsuski, ularning potensiali ijtimoiy tarmoqlardagina sarflanyapti. Yoshlar Ittifoqi ana shu qatlamlarni qamrab, uyushtirib ololmadi. Chunki ular tadbirlarda yayraydigan emas, zehni ilmda toblangan yoshlardir. Ular uchun alohida-alohida, o‘zlariga mos uyushmalar tashkil qilish kerak.

Tasavvur qiling, Musulmonlar idorasi qoshida «Yosh musulmonlar jamiyati»ga o‘xshash bir tashkilot ochilsa... Davlat homiyligida, mayli, Diniy qo‘mitaning qat’iy nazorati ostida bo‘lsin. Unga ham Yoshlar Ittifoqidek imtiyozlar berilsa (ekstremizmga qarshi kurash ham arzonga tushmayapti-ku, baribir). Bu yoqda «Dunyoviy bilimlar markazi» degan yana bir jamiyat ochilsa. Ijtimoiy tarmoqda bahslashib, bir-birini mutaassib yoki kofirga chiqarib yurgan bu ikki qatlam balki bir-birini tushunarmidi, toqatli bo‘larmidi, o‘zaro yaqinlasharmidi... Bu uyushtirish emasmi?

Forbes ro‘yxatiga kirgan yosh milliarderlarni ko‘ring: aksarining yoshi 30 ga yetmagan va eng boy yosh milliarderlar «Ehson qasami»ni ichgan – filantropiya ham ideologiya – yosh miliarderlar xayriya g‘oyasi atrofida birlashishgan. Bizda ham ilg‘or, ochiq fikrli tadbirkor yoshlarning «Qo‘qon saxovat» singari xayriya tashabbuslarini ko‘rib odam ruhlanib ketadi. Bu uyushish emasmi?

Xuddi shunday yosh o‘qituvchilar, vrachlar, ishsizlar, siyosatchilar, hatto sobiq mahbuslar jamiyatlarini tuzish nega mumkin emas? Balki keyinchalik ulardan haqiqiy, jonli kasaba uyushmalari o‘sib chiqar? Nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan yangi imkoniyatlardan foydalanib shunday yoshlar tashkilotlarini tuzish vaqti yetdi, menimcha.

Bizga faqat jamoaviylikni emas, o‘ziga xos individuallikni ham rag‘batlantiradigan tashkilotlar kerak. Rang-barangliklar bilangina yoshlarning turli qatlamlarini qamrab olish mumkin. Har bir yoshga o‘zini sindirmasdan, o‘zi ishongan g‘oyalarga xiyonat qilmasdan uyushish imkoniyatini berish haqida o‘ylamasak, nomi boru ta’rifi yo‘q «uyushmagan yoshlar» muammosidan qutula olmaymiz.

Dunyoda milliarderlar, olimlar, siyosatchilar, liderlar tobora «yosharib» borayotgan bir davrda biz yoshlarga hamon to‘yini qanday o‘tkazishni o‘rgatib yuribmiz. Sababi, bu yoshlar hayotida faqat shu bir kun – to‘y uchun yashaydi, faqat shu kuni o‘zining naqadar ahamiyatli ekanini, tirik ekanini his qiladi. Shu kunini imkon qadar yorqin qilish boshqalardan zo‘rroq, «krutoyroq» ekanini ko‘rsatish ular uchun umr mazmuniga aylanadi. Boshqa kunlar esa ular biron olamshumul g‘oyaning bo‘lajak muallifi, dunyoni lol qoldirishni istaydigan ulkan ambitsiyali shaxs emas, shunchaki uyushmagan yosh bo‘lib qolaveradi. Yoshlarga to‘ydan ko‘ra ahamiyatliroq ideologiyani berolmas ekanmiz, kortejlar yo‘lini to‘sgandan foyda yo‘q.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)