Toshkentda fohishalarga “rahnamolik” qilgan profilaktika inspektor qamaldi

Toshkent shahrida intim xizmat ko‘rsatuvchi ayollarga nisbatan choralar ko‘rmaslik va ularni reydlar haqida oldindan ogohlantirib turish evaziga muntazam ravishda pul olgan ichki ishlar organi xodimiga sud hukmi chiqarildi.
Hujjatlarda keltirilishicha, Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori “Istanbul City” turar joy majmuasida faoliyat yuritgan ayollarga “rahnamolik” qilish, ularga nisbatan maʼmuriy choralar ko‘rmaslik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “Oriyat” tadbirlari haqida oldindan ogohlantirib turish evaziga har oy 400 AQSH dollari talab qilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, 2025 yil 28 noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida inspektor 400 AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sud jarayonida aniqlanishicha, profilaktika inspektori avval ham ayrim ayollarning noqonuniy faoliyatiga ko‘z yumish, reydlar haqida ogohlantirish hamda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga turli miqdorlarda pul olgan.
Sudlanuvchi sudda aybini qisman tan olib, pul olganini tasdiqlagan, biroq uni talab qilmaganini bildirgan. Uning aytishicha, mablag‘ ayol tomonidan o‘z ixtiyori bilan berilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan sobiq profilaktika inspektori Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi — pora olish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Hukmga ko‘ra, u 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazo manzil-koloniyada o‘talishi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!