
«Topganing to‘yga buyursin!». Bu duomi, qarg‘ishmi? Darhaqiqat, to‘y inson hayotida bir marta bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, normal hayotda bir marta bo‘ladi. Mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 30 mingta nikoh bekor qilinayapti. Ajrimlarning ko‘payib borayotgani bu muqaddas kunning mohiyatiga putur yetkazmoqda.
Balki bunga baxt tushunchasini noto‘g‘ri talqin qilish sabab bo‘layotgandir. «To‘y hayotda bir marta bo‘ladi» degan falsafa bilan dabdaba qilayotganlar ana shu «bir martalik»ni bir umrga mustahkamlash yo‘llari haqida o‘ylab ko‘rmayapti. To‘yning bir marta bo‘lishi isrof, haddan oshishga bahona emas, balki mas’uliyatni anglatmaydimi?
Ota-ona atrofdagilardan qolishmaslik, «orzu-havasli» qudaxolaning xohishini bajo keltirish, farzandining ko‘nglini o‘ksitmaslik uchun barini muhayyo qilishga majbur bo‘lardi. Bir necha kun to‘y berilib, yoshlarga asqotishi mumkin bo‘lgan deyarli bitta uyning puli ko‘kka sovurilardi. Vaholanki, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam «Nikoh to‘yida bir kun taom berish sunnat, ikki kun taom berish isrofgarchilik, uch kun taom berish riyokorlikdir» degan ekan.
Necha yildirki, to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish haqida aytilmasin ko‘pchilik buning aksini qilib keldi. Oxiri 2019 yil 14 sentabrda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlari to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Unga ko‘ra to‘y-ma’rakalarga keluvchilar soni 200 kishidan oshmasligi belgilandi. Biroq mazkur qarorga hamma joyda ham amal qilinavermadi. Qaror chiqqanidan keyin ham ba’zi joylarda ancha-muncha to‘ylar avvalgidek dabdaba bilan o‘tkazildi. Bu ayrim yurtdoshlarimizning yangi tartibga ko‘nikolmaganidan dalolat edi.
Koronavirus bois joriy etilgan karantin sabab ikki oydan beri mamlakatimizda to‘y va boshqa oilaviy tadbirlar o‘tkazilmayotgandi. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yilning 1 avgustiga qadar uzaytirildi. Shuningdek yurtimizning koronavirus pandemiyasidan xoli bo‘lgan, ya’ni «yashil» hududlarida to‘y va oilaviy tadbirlarni barcha sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda, 30 kishilik qilib o‘tkazishga ruxsat berildi.
Qaynog‘am katta o‘g‘lini 23 martda Qarshi shahridagi to‘yxonalardan birida 150 kishilik to‘y qilib uylantirgandi. O‘shanda aslida ikki o‘g‘lini birga uylantirmoqchi edi. Biroq kelin bo‘lmish va ikkinchi o‘g‘li bunga rozi bo‘lishmagandi. Yoshlar Toshkentdagi Vestminster universitetida birga o‘qishgan. Kuyov bo‘lmish hozir Avstraliyaning Sidney shahrida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaning 2-kursida o‘qiydi. Oxiri yoshlar o‘ylab ko‘rishib, yaqinda to‘yning xarajatiga ketadigan mablag‘i hisobidan «Neksiya-3» mashinasiga to‘lov qilishdi va 30 kishilik to‘y qilishga rozi bo‘lishdi.
Koronavirus pandemiyasi xalqimizning peshona teri bilan topgan pulini to‘ybozlik, bazmbozlikka emas, balki har bir insonning sihat-salomatligini asrashga sarflash lozimligini yana bir bor namoyon etdi. Lekin shunday sharoitda ham to‘y orqali kimgadir o‘zini, boyligini ko‘rsatib qo‘yishga imkon beradigan yangi-yangi illatlar bo‘y ko‘rsatmoqda.
Yaqinda Davlat xizmatlari markaziga bir ish bilan borib, ishimni bitirishim uchun 239-navbatda turishimga to‘g‘ri keldi. O‘tirib navbatim kelishini kuta boshladim. Men bilan yonma-yon ikki kishi o‘tirgandi. Ularning suhbati to‘y mavzusiga burildi. Chunki bittasi yaqinda o‘g‘lini uylantirgan ekan. Suhbatdoshi undan «O‘ttiz kishilik to‘y qildingizmi?» deb so‘radi.
– Qayerda deysiz, o‘zbek o‘ttiz kishilik to‘y qila olarmidi? Farzandu nabiralarimning o‘zi o‘ttizdan oshadi, – deb javob berdi u.
– Unda nima qildingiz?
– Nima qilardim, o‘ttiz kishi-o‘ttiz kishidan qilib mehmonlarimni har xil paytga aytdim va 120 kishini mehmon qildim…
Ha, ayrim yurtdoshlarimizning yangi tartibga ham ko‘nikolmayotganidan dalolat bu.
Karantin… Yo‘q, bu shunchaki tibbiy karantin emas, Ollohning insonlarga bir ishorasi bo‘ldi-yov! Atrofga qaraylik, biroz tin olaylik! Turmush tashvishlari bilan bo‘lib, faqat ertaning g‘amini yeb, hozirning o‘zida, ayni damda yashashni, bugunni qadrlashni unutib qo‘ymadikmikin?!
Norbo‘ta G‘OZIYEV
Manba: Huquq.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar