Superliga 24-turidan o‘rin olgan "Surxon" - "Dinamo" (0:2) uchrashuvidan so‘ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz?
- "Surxon" futbol o‘ynaydigan jamoa hamda yuqori himoyalanishini bilardik. Biz bunday bahsga tayyor edik. Birinchi taymda ikkita gol urib vaziyatni qo‘lga oldik va ikkinchi bo‘limda shu tempni tushirmaslikka harakat qildik. To‘g‘risi, tanaffusdan keyin hisobni saqlab qolishga o‘ynaganimizni aytib o‘taman. Samarqanddan muxlislarimiz kelib bizni qo‘llab turishdi, ularga alohida rahmat. Oldinda tanaffus yuzaga keladi va bu oraliqda yaxshilab tiklanib olishga e’tibor qaratamiz. Sariq kartochkalar sabab qaysi o‘yinchilarimiz keyingi o‘yinda maydonga tusha olmasligini ko‘rib chiqamiz.
- "Paxtakor"ga qarshi Kubok uchrashuvidan so‘ng e’tibor chempionatga qaratilishini aytgan edingiz.
- Maqsadimiz Kubok finaliga chiqish edi, lekin yarim finalda penltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib Kubokni tark etdik. Bundan juda xafamiz. Endi Superligada o‘zimizni ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Xayriyat ruhiy tushkunlikka tushib qolmadik. Futbolchilarimiz kurashishda davom etyapti, bu esa hammamizni xursand qilyapti.
- Milliy terma jamoaga "Dinamo"dan ikki nafar futbolchi taklif etildi. Bu chaqiruv futbolchilarga qanchalik ta’sir qildi?
- Umumiy hisobda turli terma jamoalarga bizdan 6 nafar o‘yinchi chaqirilgan. Shaxsan men juda xursandman. Futbolchilarning ham kayfiyati ko‘tarildi. Termaga loyiq o‘yinchi chiqarib bersak bundan faqat xursand bo‘lamiz.
- Hali rasman e’lon qilingani yo‘q, lekin baribir so‘ramasak bo‘lmaydi. Fabio Kannavaroning terma jamoamiz bosh murabbiyi etib tayinlanishiga qanday qaraysiz?
- Kannavaro futbolchilik paytida "Oltin to‘p" olganini bilaman. U zo‘r futbolchi bo‘lgan. Afsuski, bizda o‘ynamaydi, balki murabbiylik qiladi, yana nima deyishim mumkin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Jamoangiz keyin turni "Buxoro"ga qarshi o‘tkazadi.
- 8-oktyabrgacha futbolchilarga dam beramiz. Shundan keyin yana yig‘ilib mashg‘ulotlarni davom ettiramiz. 11-oktyabr kuni "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz. Bilishimcha, terma jamoa futbolchilari Malayziyadan 14-oktyabr kuni qaytadi. 18-oktyabrda esa "Buxoro" bilan o‘ynaymiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar