Vetnamlik rassom Ginnes rekordlar kitobiga kirdi. UPI xabariga ko‘ra, Lu Kong Guyen 34 yil davomida tirnoqlarini olmasdan yurib, dunyoda eng uzun tirnoqlar egasiga aylandi.
Uning ikki qo‘lidagi tirnoqlari umumiy hisobda 5,9 metrga (19 fut 6 dyuym) yetgan — bu esa o‘rtacha jirafaning bo‘yidan ham uzunroqdir.
Guyenning so‘zlariga ko‘ra, u yoshlikda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan va shu maqsadda tirnoqlarini «ulug'vor ko‘rinish uchun» o‘sdira boshlagan. Uning otasi shaman bo‘lgani sababli diniy e’tiqodi ham bu qarorga ta’sir etgan. Biroq keyinchalik otasining talabiga ko‘ra o‘qituvchilikdan voz kechgan, ammo tirnoqlarini olishdan tiyilib, rassomlik bilan shug‘ullana boshlagan.
“Shundan beri ularni olmay yurdim va tirnoqlarim yanada uzayaverdi. Agar ularni kesishga to‘g‘ri kelsa, jismonan ham, ruhan ham og‘ir ahvolga tushib qolar edim”, — deydi rassom.
Uning ta’kidlashicha, bunday tirnoqlarni asrab-avaylash katta mas’uliyat talab qiladi.
“Yomg‘ir yog‘sa, ularni albatta quruq saqlashim zarur, chunki nam bo‘lsa, yumshab sinib ketishi mumkin. Odam ko‘p joylarda kimdir tegib ketsa ham osongina shikastlanadi. Shuning uchun ishda ham, harakatda ham ehtiyotkor bo‘lishimga to‘g‘ri keladi”, — deya qo‘shimcha qilgan Guyen.