date

“Siti”ning katta rejasi: Husanov muvaffaqiyatidan keyingi qadam...

“Siti”ning katta rejasi: Husanov muvaffaqiyatidan keyingi qadam...

2025-yil qishki transfer oynasida Angliya chempioni “Manchester Siti” O‘zbekiston futbol tarixida misli ko‘rilmagan transferni amalga oshirgandi. Fransiya chempionatida “Lans” safida yorqin o‘yini bilan tanilgan Abduqodir Husanov 40 million yevro evaziga Gvardiola qo‘l ostidagi jamoaga qo‘shilgan edi.

Avvaliga ko‘plab ekspertlar bu kelishuvga shubha bilan qaradi. Chunki APL — dunyoning eng raqobatchi chempionati va bu yerda yosh legionerning o‘z o‘rnini topishi juda og‘ir. Ammo Husanov qisqa fursatda o‘ziga ishonch bildirganlar aldanib qolmaganini isbotladi. Uning harakatlari ayniqsa “Siti” ikki yildan beri yechim topa olmagan o‘ng qanot himoyasida katta naf berdi.

Xosep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachining transferi haqida alohida to‘xtalib, uni yilning eng to‘g‘ri qarorlaridan biri, deb atadi. Ispaniyalik murabbiy Husanov uzoq yillar davomida “Etixad”da asosiy tarkibdan o‘rin olishiga ishonch bildirdi.

Yo‘ldan chiqmagan “shaharliklar” transfer siyosatida yana Fransiya chempionatiga e’tibor qaratdi. Yozgi oyna yakunlanishidan oldin ular PSJ tarkibidagi mashhur darvozabon Janluiji Donnarummani ham o‘z saflariga qo‘shib olishga muvaffaq bo‘ldi. Endi esa klubning navbatdagi asosiy maqsadi — 20 yoshli portugaliyalik vunderkind Joau Nevesh.

PSJ safida Nevesh qisqa vaqt ichida o‘zini yetuk futbolchi sifatida namoyon etdi. Uning maydonni o‘qish qobiliyati, paslardagi aniqligi, o‘yin markazini muvozanatda ushlab turishi va jamoani boshqarish mahorati Fransiya futboli ekspertlari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Hatto o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasi doirasidagi “Manchester Siti”ga qarshi bahsda ham Neveshning goli parijliklarga yirik g‘alaba olib kelgandi.

Aynan shu uchrashuvdan so‘ng Gvardiola uning nomzodini diqqat bilan kuzata boshladi va hozirda klub direktorlariga bu transferni amalga oshirish zarurligini bildirgan.

“Siti” mutasaddilari bu o‘yinchi uchun dastlabki taklifni 120 million yevro bilan boshlash niyatida. Ular boshqa grand klublar tortishuvigacha masalani hal etib, Neveshni o‘z saflariga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.

Qayd etish kerakki, xuddi shunday usul “Siti” Husanov transferida ham ish bergandi. U paytda “Lans” 25 million yevro atrofida kirim qilishni o‘ylayotgan bir paytda, manchesterliklar kutilmaganda 40 million yevro to‘lab, masalani bir zarbada hal qilgan. Shuningdek, Nevesh bilan ham “shaharliklar” aynan shunday strategiyadan foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Siti”ning katta rejasi: Husanov muvaffaqiyatidan keyingi qadam...