Angliyada o‘tgan jahon chempionati-2025da yurtimiz bokschilari yuqori natijalar qayd etib, sovrindorlar qatoridan munosib o‘rin egallashdi. Endi esa ularning mukofot puli miqdori ham ma’lum bo‘ldi.
Chempionatda oltin medalga erishgan sportchilarga 15 ming AQSH dollaridan mukofot pullari topshiriladi. Kumush medali sohiblari 7 ming dollardan rag‘batlantirilsa, bronza egalariga 3 ming 750 dollardan pul mukofoti beriladi. Shuningdek, oltin medal sohiblarini tayyorlagan murabbiylar ham 7 ming dollardan mukofotlanishadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoaviy hisobda 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan jami 11 ta medalga ega chiqib, turnirda eng ko‘p medal to‘plagan mamlakat sifatida tarixga kirdi.
Birinchi oltin medalni Fazliddin Erkinboyev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uning izidan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ikkinchi oltinni yutib berdi. Javohir Ummataliyev uchinchi, To‘rabek Habibullayev to‘rtinchi, Abdumalik Xalokov beshinchi, Akmaljon Isroilov esa oltinchi oltin medalni O‘zbekiston hisobiga yozdi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi bahslarda 3 ta bronza medali bilan birga, Navbahor Hamidova kumush medalga ega chiqdi. Yana bir kumush Jahongir Zokirov hisobiga yozildi.
O‘zbekistonlik bokschilarning medallari:
Oltin medal sohiblari:
-75 kg: Fazliddin Erkinboyev
-65 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev
-80 kg: Javohir Ummataliyev
-90 kg: To‘rabek Habibullayev
-60 kg: Abdumalik Xalokov
-85 kg: Akmaljon Isroilov
Kumush medal sohiblari:
-65 kg: Navbahor Hamidova
+90 kg: Jahongir Zokirov
Bronza medal sohiblari:
-48 kg: Sabina Boboqulova
-51 kg: Feruza Kazakova
-70 kg: Aziza Zokirova
Shunday qilib, o‘zbek bokschilari nafaqat maydonda, balki moliyaviy jihatdan ham munosib rag‘batga ega bo‘lishdi. Bu esa sportchilarimizga yanada katta kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!