Yevropa Chempionlar Ligasining ikkinchi turida "Manchester Siti" jamoasi safarda "Monako"ga qarshi o‘yinda qimmatli ikki ochkoni boy berdi. Xosep Gvardiola shogirdlari Erling Xolandning ikki goli evaziga oldinda bo‘lsa-da, so‘nggi daqiqalarda penaltidan foydalangan "Monako"ni to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘la olishmadi va uchrashuv 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.
O‘yindan so‘ng "Manchester Siti" muxlislari o‘zlarining fikrlari bilan bo‘lishishdi. bbc.com sayti keltirgan futbol ishqibozlarining fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Gene:
"Juda ko‘p qulay vaziyatlar boy berildi. Niko O’Rayli bir necha marotaba oldingi chiziqqa o‘z vaqtida pas bermadi. Jon Stounz o‘ng qanot himoyachisi emas. U himoya markazida zo‘r va mana shu pozitsiyada ko‘proq o‘ynashi kerak."
"Uchrashuv natijasiga ta’sir qiluvchi vaziyatlar bor. Xususan, himoyani kuchaytirish kerak va bunda bizga faqat Abduqodir Husanov yordam bera oladi."
Alan:
“Siti” o‘z uslubida o‘ynadi. Hujumga o‘tish va darrov ortga qaytishga urindi. Futbolchilarimiz mashg‘ulot o‘tkazayotgandek harakat qilishdi va ko‘pincha oddiy gollarni o‘tkazib yuborishdi."
Brian:
"Ikkinchi bo‘limda “Siti”ga uchinchi gol kerakligi ochiq-oydin ko‘rinib turgandi. Lekin futbolchilar hech qanday qo‘shimcha urinishlarsiz g‘alabani ushlab qolishni o‘ylay boshladi. Bernardu Silva nega hamon boshlang‘ich tarkibda o‘ynayotgani hammamiz uchun yangi topishmoq."
Jonathan:
"Bu uchrashuvni o‘z foydamizga hal qilishimiz kerak edi. Hakamning bahsli qarorlariga qaramay, bunaqa o‘yinlarda ko‘proq ochko olish kerak. Bo‘shashib raqibga imkon bermaslik lozim."
Steve:
"Erling Xolanddan tashqari hamma bo‘sh o‘ynadi. Jamoaga shijoat, shiddat, energiya yetishmadi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamadi."
Jeremi Dok-u to‘liq o‘yindan chiqib qoldi, Rodri avvalgi darajada emasligi yaqqol sezilyapti. Balki gap jismoniy holatdadir?
Jamoaga yangilik kiritish kerak. Abduqodir Husanov, Umar Marmush va Rayan Sherki kabi o‘yinchilarga ehtiyojimiz bor.
"Manchester Siti" jamoasining eng nozik nuqtasi – o‘ng qanot himoyasini to‘rtta uchrashuvda mukammal yopib kelgan Abduqodir Husanov jarohatini davolatayotgani bois, Fransiyadagi o‘yinda ishtirok eta olmadi.
Futbol muxlislari va mutaxassislar “Manchester Siti” jamoasining yangi muammolarni hal etish va kelajakdagi turnirlarda yaxshiroq natijalarga erishish uchun qanday strategik o‘zgarishlar kiritishini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!